03:00 / 09.05.2020
3 009

Vafot etgani haqida uyiga “qora xat” kelgan otaxon G‘alabaning 75 yilligini nishonlamoqda

Vafot etgani haqida uyiga “qora xat” kelgan otaxon G‘alabaning 75 yilligini nishonlamoqda
Taqdir odamlarni turli sinovlarga yo‘liqtiradi. Xivalik Samandar ota Xudoyberganov ham ana shunday mushkul vaziyatlarni boshdan kechirgan inson. Ammo uning qismatida hayotning kutilmagan o‘yinlari ham ro‘y bergan.

...1942 yil. U frontda fashizmga qarshi ayovsiz jang olib borayotgan damlar. Ne bo‘ladiki, Xivaga o‘lganligi haqida “qora xat” keladi. Samandar yolg‘iz farzand edi. Uning dog‘i yaqinlari, ota-onasi qaddini bir zumda bukib qo‘yadi. Ayniqsa, shum xabardan qattiq ezilgan onasi Shirin aya ko‘z nuridan ajralib, og‘ir betob bo‘lib qoladi.

Aslida “qora xat” noto‘g‘ri ma’lumot tufayli jo‘natib yuborilgan edi. Mard o‘g‘lon hamon dushman qarshisida tik turib, unga qarshi ayovsiz kurash olib borayotgandi.

O‘sha sovuq xabardan keyin oradan 6-7 oy o‘tadi. Samandar Xudoyberganov tinimsiz uyga maktub yozadi. Ammo javob olmaydi. Buning sababchisi tuman pochtachisi bo‘lib chiqadi. “Qora xat” kelgan uyga kimdir Samandar nomidan xatlar yozib, ota-onasining yarasiga tuz sepmoqchi”, degan fikrda barcha xatlarni yirtib tashlayveradi. Biroq, maktublarning keti uzilmaganidan keyin o‘ylanib qoladi. Shosha-pisha Samandar ilgari ishlagan idoraga nomalardan birini olib boradi. U yerda shogirdlari ustozlarining husnixatini tanib, o‘zi yozayotganini tasdiqlashadi.

Shundan so‘ng hammalari birgalashib, farzandini allaqachon xayolan ko‘mgan ota-onasiga borib, quvonchli xabarni yetkazishadi. Bo‘lgan voqeani hikoya qilib berishadi. Jigarbandining ayrilig‘idan qalbi qonga to‘lgan ota-ona boshida bu gaplarga ishonmaydi. Lekin haqiqat ularning go‘yo bitmas yarasiga malham bo‘ladi...

Urushda ikkinchi marta “dunyoga kelgan” Samandar ota, mana, bir asrlik dovondan oshib, bu yil 102 yoshni qarshi oldi.

Shu o‘rinda bir ma’lumotni keltirib o‘tish joiz. Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alaba qozonishda, albatta, Xorazm ahlining ham munosib hissasi bor. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, urushning birinchi kunlaridanoq mazkur viloyat harbiy komissariyatiga ixtiyoriy ravishda frontga yuborish haqida 1156 ariza kelib tushgan, shundan 47 tasi ayollardan edi. Xorazmdan 67 mingdan ziyod yigit–qiz frontda qatnashadi.

Samandar ota 1941 yilda urushga safarbar etilgan. Kiyev, Sverdlovsk, Xarkov, Mariuopol, Melitopol, Voronej, Jitomir, Dnepropetrovsk o‘lkalaridagi qonli janglarda mardonavor ishtirok etgan. Buyuk G‘alabadan bir oz o‘tib, aniqrog‘i, 1945 yilning iyun oyi o‘rtalarida O‘zbekistonga qaytadi.

Afsuski, u kelganida onasi, Shirin momo olamdan o‘tgan edi. Hayot Samandar otani ana shunday og‘ir sinovlarga ro‘baro‘ qildi. Otaxon ularning barchasini qat’iyat va iroda bilan yengib o‘tdi.

Otaxon 1964 — 1970 yillarda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutida tahsil olgan, oila qurgan. Turmush o‘rtog‘i Anabibi aya bilan 7 farzand tarbiyalab, ularning bari oliy ma’lumotli bo‘lishiga erishgan.

Bayram munosabati bilan harbiy xizmatchilar urush faxriysi xonadonida bo‘lishdi. Tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari Samandar otani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Mehmonlar hovlida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirib, ayyomga hozirlab qo‘yishdi. Yuqumli kasalliklardan himoyalash maqsadida hudud dezinfeksiya qilindi.

Qisqasi, hayotda “ikki marta tug‘ilgan” Samandar ota bugun yuzlab nevara, chevaralar, farzandlar ardog‘ida G‘alabaning 75 yilligini nishonlamoqda.

Temur NARZIYEV

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vafot etgani haqida uyiga “qora xat” kelgan otaxon G‘alabaning 75 yilligini nishonlamoqda