14:56 / 09.05.2020
3 116

Poraxo‘rlar psixologiyasi

Poraxo‘rlar psixologiyasi
Meni ko‘chada bitta yosh yigit tanib qoldi va salom-alikdan so‘ng: “Bizda shunday poraxo‘rlar borki, uning bir o‘zi o‘margan pulga O‘zbekiston halqini bir yil boqsa bo‘ladi, deyishadi. Naxotki shunday?! Axir butun urug‘-aymog‘i bilan 1000 yil umr ko‘rsa ham, shuncha puldan ortib qoladi-ku! Porani shu darajada ko‘p olish shartmi? Inson nega milliardga ham to‘ymaydi?” Shu haqda fikr bildirsangiz. Men “Maddohlar psixologiyasi” va “Qullik psixologiyasi” maqolalaringizdan o‘zimga ko‘p narsa oldim. Poraxo‘rlar psixologiyasi haqida ham yozsangiz...

Savol: Zarifboy Rajabovich! Shu yili barchamizni larzaga solgan voqealar – bu katta amaldorlarning poraxo‘rlik bilan qo‘lga tushgani bo‘ldi. Neyropsixolog sifatida poraxo‘rlar psixologiyasi yoki poraxo‘rlik psixologiyasi haqida nimalar deya olasiz? Inson nega pora oladi?
Javob: Men bu savolingizga neyropsixolog sifatida emas, psixoanalitik nuqtai nazardan javob bera qolay? Neyropsixologiya – oliy ruhiy funksiyalarni o‘rganuvchi fan bo‘lsa, psixoanaliz – insonning botiniy ongiga nimalar yashiringanini o‘rganuvchi fan. Ko‘rib turganingizdek, oliy ruhiy funksiya darajasiga qarab Oliy rahbariyat bunday shaxslarni oliy lavozimlarga tayinlayapti. Biroq ushbu kadrlarning ong ostiga nimalar yashiringanini, afsuski, rahbariyat har doim bilavermaydi. Buni faqat psixoanalitik biladi, xolos. Bizda esa psixoanaliz maktabi hali shakllanmagan.

Savol: Xo‘sh, unda nima qilish kerak?! Odamning ong ostiga nimalar yashiringanini bilib bo‘lmasa, insofli kadrni qanday qilib topamiz?
Javob: Millionlab insonlar taqdiri bilan bog‘liq yuksak lavozimlarga tayinlanayotgan shaxsni “Yolg‘on detektori”dan o‘tkazish kerak. Ushbu detektor yaratilganiga mana 100 yil bo‘ldi. Bu uslub asosan kriminalistik psixologiyada ko‘p qo‘llaniladi. Uni kadr tanlash masalasida ham qo‘llash vaqti kelganga o‘xshaydi...

Savol: O‘ta olmasa-chi? Yaxshi kadr topishning o‘zi bo‘lmaydi-ku?
Javob: O‘ta olmasa bunday kadrni mutlaq davlat ishiga yaqinlashtirmaslik kerak. Hali buzilib ulgurmagan yoshlarni izlab topish lozim. Afsuski, bu ish baribir sust ketayapti. Tepadan taklif qilinayotgan islohotlarga pastda kamida besh xalqali to‘siq bor.

Savol: Amaldor olgan pora diplomatga emas, sandiqqa ham sig‘maydi. Poraxo‘rlikning ijtimoiy sabablarini hamma gapiradi? Siz mana shu illatning psixologik negizi haqida nimalar deya olasiz? Inson nega pora oladi?
Javob: Psixologik bo‘shliqni to‘ldirish uchun pora oladi? Psixologik bo‘shliq esa sira to‘lmaydi. Psixologik bo‘shliq galaktikadagi qora tuynukka o‘xshaydi. Bunday bo‘shliq qachon paydo bo‘ladi? Ushbu bo‘shliq bolalik va o‘smirlik davrida shakllana boshlaydi va inson ulg‘aygan sayin bu bo‘shliq ham kattalashib boradi. Psixologik bo‘shliq – bu yomon narsa emas. Bunday bo‘shliq har birimizda bor. Uni to‘ldirib borsak, bizda qoniqish hissi paydo bo‘ladi. Ushbu bo‘shliqni har kim har xil yo‘llar bilan to‘ldirishga harakat qiladi: olim kashfiyot qilib yoki ixtiro yaratib, yozuvchi chiroyli asar yozib, dehqon hosil yetishtirib, futbolchi gol urib, rassom chiroyli san’at asarini yaratib, hunarmand ko‘zni quvontiradigan naqshinkor ko‘za yaratib va nihoyat poraxo‘r esa pora olib...

Savol: Demak har birimiz uchun hayot qoniqishdan iborat ekan-da?
Javob: Albatta! Zigmund Freyd tili bilan aytganda, hayot qoniqishdan iborat. Masalan, mashhur futbolchining bankda million-million dollari bo‘lsa-da, stadionda halloslab yugurib to‘p tepishdan toymaydi va bundan mazza qiladi. Nega?! Chunki miya hujayralari shunga o‘rgangan va unga “Bor to‘p tep, gol ur!” deb buyruq berib turadi. Uning miyasi ana shundagina qoniqadi, rohatlanadi. Poraxo‘rlik ham xuddi shunday. Uning o‘margan pullari million dollardan oshsa-da, biroq to‘xtay olmaydi. Chunki uning miyasi ham shunga o‘rgangan va unga “Pora ol! Pora ol!” deb buyruq berib turadi. Poraxo‘rning miyasi ana shundagina qoniqadi. Demak, poraxo‘r pul yetishmaganidan pora olmaydi, rohatlanish uchun pora oladi, qoniqish uchun pora oladi.

Savol. Demak, pora olish – bu yetishmovchilikdan emas, miya yoki ruhiyatdagi nuqsondan ekan-da?
Javob: Albatta shunday! Poraxo‘rlik – bu orttirilgan ruhiy nuqson. Biroq bundan o‘sha ruhiy kasalning o‘zi emas, balki sog‘lom xalq aziyat chekadi. Ushbu “ruhiy kasalni” har doim adolatli sud kutib turadi. Psixoanaliz asoschisi Zigmund Freydning Alfred Adler degan shogirdi bo‘lgan. Adler “yetishmovchilik hissi” degan ta’limot yaratdi. Ushbu ta’limotga ko‘ra inson dunyoga kelganidan boshlab, ya’ni hali ongi rivojlanmasdan turib o‘zidagi yetishmovchilik hissini to‘ldirishga intiladi. Bu intilish ba’zilarda shu qadar kuchli bo‘ladi-ki, hatto ota-onaga bo‘lgan intilishdan ham oshib ketadi.

“Pul desa otasini ham tanimaydi” degan naql ana shundan kelib chiqqan. Demak, psixoanalitik nuqtai nazardan olganda, chaqaloq ham, bog‘cha va maktab yoshidagi bola ham o‘zidagi yetishmovchilik hissini qondirishga intilib yashaydi. Bola ulg‘aygach qaysidir kasbni egallasa, o‘sha kasb bilan bog‘liq yetishmovchiliklarni qondirishga har doim harakat qiladi. O‘sha ish faoliyati jarayonida u poraga aralashib qolsa, o‘zidagi yetishmovchilik hissini pora bilan to‘ldirishga berilib ketadi, agar kasbiga mehr qo‘yib uni takomillashtiraversa, undan zo‘r kadr yetishib chiqadi.

Savol: Alfred Adler ta’limotining bugungi poraxo‘rlikka qanday aloqasi bor?
Javob: Bevosita aloqasi bor! Keling, birin-ketin oddiy qilib tushuntirib beraman. Alfred Adlerning “Yetishmovchilik hissi” haqidagi psixologik ta’limoti biroz g‘alati tuyulsa-da, uning turgan bitgani haqiqat. Bu ta’limotni bir o‘qib chiqsangiz, poraxo‘r nega tinmay pora olishi, mashhur futbolchi katta boylikka ega bo‘lsa-da, stadionda tinmay yugurishi, ilmga mukkasidan ketgan olim Nobel mukofoti olgan bo‘lsa-da, laboratoriyadan chiqmay tunab qolishi sirlarini bilib olasiz.

Bir e’tibor qiling-a, o‘sha qo‘lga tushayotgan poraxo‘r o‘z kasbi bo‘yicha yuqori darajada professional, biroq o‘sha yetishmovchilik hissi uni tinmay pora olishga undaydi. Qissadan hissa shuki, har kimda chaqaloqlik davridan boshlab mavjud bo‘lgan “yetishmovchilik hissi” qaysidir kasbga qiziqib to‘g‘ri yo‘ldan ketsa, ushbu sohaning mohir ustasi bo‘ladi, qing‘ir yo‘lga kirib psixologik bo‘shliqni pora bilan to‘ldirishga berilib ketsa, o‘sha biz ko‘rib-bilib turgan xunuk voqealar ro‘y beraveradi.

Savol: Yuqori lavozimdagi amaldorning pora olishi jamiyat psixologiyasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Javob: Falokatli ta’sir ko‘rsatadi. Davlat va jamiyat ishongan va aslida korrupsiyaga qarshi kurashadigan katta amaldorning o‘zi pora bilan qamoqqa tushishini ko‘z oldingizga keltiring. Bu holat jamiyat uchun, ayniqsa, umidli yoshlar uchun katta psixologik zarba! Bunday yoshlar davlat va jamiyat qonunlariga ishonmay qo‘yadi, ishga qo‘li bormaydi. Poraxo‘rlik bilan qo‘lga tushayotgan yoshlarni to‘g‘risini aytsam kattalar yo‘ldan uradi, aynan undan oldin ishga kelganlar yosh kadrlarni poraxo‘rlikka o‘rgatadi. Qonun himoyachilarining o‘zlari yoshlarga to‘g‘ri yo‘ldan yuringlar deyishadi-yu, o‘zlari pora bilan qo‘lga tushib qoladi. Ana endi o‘zingiz o‘ylang, bu illat millionlab yoshlar psixologiyasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?!

Savol: Poraxo‘rlarga jamiyat ko‘nikib qolgandek go‘yo. Bu ham o‘ta xavfli bo‘lsa kerak?
Javob: Albatta! Poraxo‘rlik bilan bog‘liq yana bir eng yomon vaziyat – bu jamiyatning shu holatga ko‘nikib qolishi. Masalan, ta’lim sohasidagi poraho‘rlikka talaba va o‘qituvchilar ko‘nikib qolgan, hokimlar pora olishiga fermerlar ko‘nikib qolgan, prokurorlar pora olishiga organ xodimlari ko‘nikib qolgan va h.k. Natijada global iqtisodiy bo‘hrondan tashqari, aholining barcha qatlamida apatiya (ishga motivatsiya so‘nishi) va depressiya (tushkun kayfiyat) rivojlanadi va hech kim hech narsaga ishonmay qo‘yadi. Karl Gustav Yung ta’biri bilan aytganda jamiyatda “Buyuk depressiya” shakllanadi va bunday jamiyat hech qachon rivojlanmaydi. Investitsiyalar talon-taroj qilinishidan tashqari, natija ham bermay qo‘yadi. Bu dahshatli holat butun organizmga metastaz berib tarqalib ketgan rak kasaliga o‘xshaydi.

Savol: Xo‘sh, unda nima qilish kerak? Nahotki bu baloning davosi yo‘q?!
Javob: Qandli diabetda gangrena sababli chirib boshlagan bosh barmoqni kesib tashlamasa, bu chirish oyoqni qamrab oladi va so‘ngra butun boshli organizmni halok qiladi. Shu bois hanuzgacha rivojlangan davlatlarda ham gangrenaning davosi – uni kesib tashlash! Unga boshqa hech qanday davo yo‘q. Yana bir holatni misol keltiraman. Tibbiyotda “Apallik sindrom” degan tushuncha bor. Unga hozircha davo yo‘q. Bu sindromda bemor na o‘ladi, na tiriladi. Tibbiyot bu yerda ojiz. Rivojlangan davlatlar bunday bemorlarga rahmi kelib “evtanaziya” usulini qo‘llashadi.

Savol: “Poraxo‘rlik sindromi” ni nega tushunarsiz “Apallik sindrom” ga qiyoslayapsiz?
Javob: Men “Poraxo‘rlik sindromi” va “Apallik sindrom” bir-biriga o‘xshash holatlar deyapman. Apallik sindrom oldida bugungi tibbiyot ojiz, poraxo‘rlik sindromi oldida bugungi qonunlar ojiz. Rivojlangan davlatlarning aksariyatida ushbu holatlarda evtanaziya usuli qo‘llaniladi. Kichik poraxo‘rni qamoq davolaydi, korrupsionerga esa evtanaziya usulini qo‘llash kerak. Uni davolab bo‘lmaydi.
Yaponiyada yengilgan general o‘zini nima qilishini hammamiz bilamiz. Biroq bizning poraxo‘rlar bu ishni qila olmaydi.

Chunki ular qo‘rqoq! Biz ularga yordam berishimiz va ularni ushb azobdan evtanaziya orqali qutqarishimiz kerak. Baribir ular jannatga tushmaydi. Tabiiyki, inson huquqlarini himoya qiluvchi va adolatli jamiyat tarafdorlariga nima deymiz, degan savol tug‘iladi. Ularga javob shunday bo‘ladi: “Biz adolatli jamiyatda yashashni va o‘z huquqlarini himoya qilishga intilayotgan o‘zbek xalqini deb yiliga 10 ta korruрsionerga evtanaziya usulini qo‘llashni joiz topdik. Bu borada Xitoydan o‘rnak oldik, deymiz. Ana shunda biz yirik korrupsionerlar ustidan G‘alaba qozonamiz!

Hurmat bilan professor Zarifboy Ibodullayev
9 may 2020 yil

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Poraxo‘rlar psixologiyasi