09:13 / 10.05.2020
6 211

«Xatmi Qur’on» nima va u qanday bajariladi?

«Xatmi Qur’on» nima va u qanday bajariladi?
«Xatm» tugatish, yakunlash degan ma’noni bildiradi. «Xatmi Qur’on» deganda Qur’oni Karimni boshdan-oxir to‘liq o‘qib chiqish tushuniladi. Birorta sura yoki oyat tashlab ketilsa, tom ma’noda xatm hisoblanmaydi.

Shuningdek, Qur’onni o‘zi nozil bo‘lgan tilda – arab tilida o‘qib chiqilgandagina, xatmi Qur’on qilgan hisoblanadi, tarjima yo tafsirini o‘qib chiqish, garchi buyuk ajru savoblarga ega amal bo‘lsada, xatmi Qur’on sanalmaydi. Chunki Qur’onning ma’nosi ham, lafzi ham Alloh taolodan. Uni boshqa tilga o‘girilganda ma’nosi ifoda topsa ham, lafzi o‘zgaradi, buziladi va Qur’onligi yo‘qoladi.

Xatmi Qur’on qilish sunnat amaldir. Qur’oni Karimni umuman o‘qimaslik, uni bee’tibor tashlab qo‘yish eng katta gunohlardan bo‘lib, u «Qur’onni hajr qilish» deyiladi. Bu gunohdan omonda bo‘lish uchun Qur’onni xatm qilib turish kerak bo‘ladi.

Alloh taolo Furqon surasida shunday marhamat qiladi:
«Yana Rasul: «Ey Robbim, albatta, mening qavmim ushbu Qur’¬onni hajr etdilar», dedi» (30 oyat).

«Hajr» bir narsani tark etish, beparvo tashlab qo‘yish, yuz o‘girish, yakkalash ma’nolarini anglatadi. Oyatning zohiriy ma’nosida mushriklarning Qur’onga quloq tutmay, undan yuz o‘girganlari nazarda tutilgan bo‘lsada, uning mazmunini qiroat imomlari kengroq tushunishadi. Ayrim ulamolar bunday deydi: «Qur’onni hajr qilish besh xil bo‘ladi:

1. Uni tinglashni va o‘qishni tashlash;
2. Unga amal qilishni tashlash, halol harom haqidagi hukmlariga e’tibor bermaslik;
3. E’tiqod va amalda uni hakam qilmaslik;
4. Uni tadabbur qilishga, fahmlashga qunt qilmaslik;
5. Qalbiy va jismoniy kasalliklarda undan davo izlamaslik».

Ushbu hajr turlarining barchasi mazkur oyat ostiga kiradi, garchi ularning birining gunohi boshqasinikidan yengilroq bo‘lsa ham. Hajrning keyingi to‘rt turi Qur’oni Karimning ma’nolarini tushunishga harakat qilishni ham taqozo etadi.

Hanafiy mazhabining mo‘’tabar manbalaridan biri bo‘lmish «Fatovoi hindiya» nomli asarda: «Kim Qur’onni yilda bir marta xatm qilib tursa, Qur’onni hajr qilgan bo‘lmaydi», deyilgan.

«Qur’onni xatm qilish» deganda Qur’onni to‘liq o‘qib chiqish tushuniladi. Qur’onni bir chetdan to‘liq eshitib chiqqan kishi ham xatm qilganlik savobiga ega bo‘lsada, uni xatm qildi, deyilmaydi.

«Xatmi Qur’onga marhabo!» kitobidan

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Xatmi Qur’on» nima va u qanday bajariladi?