23:30 / 13.05.2020
3 838

Qashqadaryoda qovun pishdi

Qashqadaryoda qovun pishdi
Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyati dehqon va fermerlari, qolaversa, tomorqa egalari meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini yetishtirishga katta ahamiyat qaratishmoqda.

Bu borada Chiroqchi tumanida lalmi maydonlardan qo‘shimcha yerlar o‘zlashtirilib, sug‘orish uchun artizan quduqlar qazilyapti.
E’tiborlisi, dehqon va mas’ul idoralarning izlanishlari natijasida mahsulotlarni xalqimiz dasturxoniga ertaroq taqdim etishga ham erishilmoqda.

Vohada may oyining boshida tarvuz pishgan bo‘lsa, endilikda qovun ham pishdi.
Ayni kunda ta’mi tilyorar va xaridorgir qovunlar tumanning O‘tamayli hududida yetishtirilmoqda. Pishib me’yoriga kelganlari peshma-pesh iste’molchilarga yetkazilayotir.

— Oilamizga tegishli tomorqaning har bir qarich yeridan unumli foydalanamiz — deydi o‘tamaylilik tomorqa egasi Rufat Bo‘riyev. — Uch yildan beri qovun yetishtirish sirlarini o‘zlashtirmoqdaman. Yildan-yilga ekin maydonini kengaytirib, mahsulot yetishtirish hajmini oshiryapmiz. Kelgusidagi maqsadimiz chetga qovun eksportini yo‘lga qo‘yish. Bu yil tomorqamizga ertapishar qovunning “Dakara” navini ekkanmiz, hosil ko‘rganingizdek may oyining boshida tayyor bo‘ldi.

Usta dehqonlarning bildirishicha, tumanda yilning fevral oyidanoq qovun parvarishiga kirishiladi. Bunda asosan “Jiyan”, “Torpedo”, “Aeroport” kabi eksport talabiga javob beradigan navlar tanlanadi.

Avvaliga urug‘lar maxsus idishlarga ekilib, issiqxona sharoitida o‘stirib olinadi. Bo‘yi me’yoriga yetgan ko‘chatlar keng maydonga plyonka ostiga ekib chiqiladi. Kunlar isishi bilan palaklar baravj rivojlanishi uchun nihollar usti ochiladi. Bu usulni qo‘llash orqali erta hosil olish imkoniyati oshadi.

Viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari ushbu hududda bo‘lib, fermer va tomorqa egalariga yurtimizda tadbirkorlik sohasiga keng imkoniyatlar yaratilganligi, shuningdek, mahsulotlarni eksportga rasmiylashtirishda bojxonada yaratilgan qulayliklar to‘g‘risida tushuntirishlar berib, bu kabi imkoniyatlardan o‘z vaqtida va samarali foydalanish nafaqat tadbirkorning o‘ziga, balki davlatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishi yuzasidan fikr almashishdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda qovun pishdi