10:24 / 15.05.2020
4 471

Iqlim o‘zgarishining oldini olish uchun nimalar qilish kerak?

Iqlim o‘zgarishining oldini olish uchun nimalar qilish kerak?
15 may – Xalqaro iqlim kuni

Yer sayyorasida umumiy haroratning ko‘tarilishi atrof muhitning, ayniqsa atmosfera havosining zararlanganligini ko‘rsatuvchi asosiy ko‘rsatkichlardan biridir. Atmosfera havosi tarkibida qator zararli moddalar miqdorining ko‘payishi nafaqat haroratning, balki sayyoramizning barcha mintaqalarining iqlimi o‘zgarishiga olib kelmoqda.

Iqlimshunoslarning ma’lumotlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishining asosiy sababi yer yuzasidan chiqadigan uzun to‘lqinli radiatsiyani yutib atmosferada issiqxona effekti hosil qilayotgan gazlardir. Shu toifaga kiruvchi gazlar “Issiqxona gazlari” deb ataladi. Bu jarayonning mohiyati quyidagicha: quyoshdan keladigan radiatsiyaning bir qismi (30 foiz) atmosfera tufayli bulutlar orqali kosmosga qaytadi. 15 foiz atrofidagisi esa, atmosfera qatlamlarida yutiladi, qolgan energiya atmosferadan o‘tib yer yuzasiga yetib keladi va uni isitadi.

Yer o‘z navbatida atmosfera orqali uzun to‘lqinli infraqizil nurlarni koinotga qaytaradi. Ushbu nurlarning bir qismi koinotga chiqib ketish o‘rniga issiqxona gazlari tomonidan yutiladi va shu asosda atmosfera me’yoridan ortiq qiziydi va nihoyat yer iqlimiga ta’sir ko‘rsatadigan issiqxona qatlami hosil bo‘ladi. Issiqxona paydo qiladigan gazlarning atmosferada ortishi esa, yuqorida qayd qilinganidek, insonlarning faoliyati bilan bog‘liq.

Shu bilan birgalikda, atmosfera havosiga chiqarilayotgan issiqxona gazlari global isishga sababchi bo‘lib iqlim o‘zgarishlarini keltirib chiqarmoqda. Dunyo hamjamiyati, shu jumladan mutaxassislar tomonidan bekorga bong urilmayapti. Dunyo miqyosida atmosfera havosiga chiqarilayotgan tashlanmalar miqdori shu sur’atlarda ketsa, global isish va iqlim o‘zgarishlari natijasi bashorat qilib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Bugun jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb tan olmoqda. BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi uni hal etishning ikkita asosiy yo‘nalishi belgiladi: atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish hamda kuzatilayotgan va kutilayotgan iqlim o‘zgarishlariga moslashish. O‘z vaqtida choralar qabul qilmaslik va atmosferada issiqxona gazlari miqdorini bundan keyin ham ko‘payishi holatida mamlakatlar iqlim o‘zgarishi borasidagi harakatlar uchun katta mablag‘larni mobilizatsiya qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘sib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida Parij Bitimi qabul qilindi. Yangi kelishuvning asosiy qirralaridan biri rivojlangan davlatlar bilan bir qatorda rivojlanayotgan davlatlar ham tashlanmalar miqdorini kamaytirish majburiyatini olishi belgilab qo‘yilgan.

Kelishuvning asosiy maqsadi issiqxona gazlari tashlanmalarini sezilarli darajada kamaytirib, sayyoramizda global isishni industrial rivojlanish davridagi o‘rtacha haroratga nisbatan Selsiy shkalasi bo‘yicha 1,5-2 gradus chegarasida ushlab turishga erishishdan iborat. Mutaxassislarning fikrlariga ko‘ra, agar bu amalga oshirilmasa, sayyoramiz yildan yilga ko‘proq keskin iqlim o‘zgarishlariga duchor bo‘ladi. Hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga kelib atmosferaga chiqarilayotgan tashlanmalarning umumiy miqdori 55 gigatonnani tashkil etishi ehtimoli bor. Haroratni Selsiy shkalasi bo‘yicha 1,5-2 gradus chegarasida ushlab turish uchun umumiy tashlanmalar miqdori 40 gigatonnadan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Ta’kidlash joiz, Parij Bitimi 2015 yil 12 dekabrda Parijda Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha doiraviy Konvensiya tomonlari konferensiyasining 21-sessiyasida qabul qilingan. 2016 yil 4 noyabrda kuchga kirgan va 2020 yildan boshlab amalga oshirilmoqda. Bitim turli milliy sharoitlar nuqtai nazaridan adolatlilik prinsiplarini hamda umumiy, lekin tegishli imkoniyatlarni e’tiborga olib alohida javobgarlikni aks ettiradi.

Bitimning maqsadi BMT Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha doiraviy Konvensiyani amalga oshirilishini faollashtirish, global o‘rtacha haroratning industriallashtirishgacha (1750 y.) bo‘lgan darajaga nisbatan 2°C ga saqlab turish hamda haroratning 1,5°C gacha o‘sishini cheklashga harakat qilishdan iborat. Bu 2050 yilga kelib issiqxona gazlari global ajratmalarini 40-70 foizga kamaytirishni va 2100 yilga kelib uning 0 yoki manfiy ko‘rsatkichga yetkazishni talab etadi.

2017 yil 19 aprelida BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida O‘zbekiston Parij Bitimini imzoladi. Bitimni imzolash uchun BMT Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha doiraviy Konvensiya kotibiyatiga issiqxona gazlar tashlanmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissasini kamaytirish to‘g‘risida hujjat taqdim etildi. Mazkur bitim 2018 yili 3 oktabrda ratifikatsiya qilindi. 2030 yilgacha uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekiston Respublikasi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash chora va harakatlarni kuchaytirishni – 2030 yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010 yildagi darajaga nisbatan (yalpi ichki mahsulotga) yalpi ichki mahsulot birligiga 10 foizga qisqartirishni mo‘ljallamoqda.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi tufayli sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibatlar qatorida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
- hozirgi yuz yillikning o‘zida okeanlar sathi 1 m ko‘tarilishi;
- SO2 konsentratsiyasi atmosfera havosida ortishi (1870 yildan beri uni miqdori 30 foiz ortdi);
- Yerning ustki qobig‘i harorati +0,7°C ga o‘zgargan ( so‘nggi yuz yil ichida).
- suv resurslari taqchilligining kuchayishi, shuningdek hududlarda ichimlik suvining yetishmasligi hamda muzlik va qor qoplami kunlarining 7-10 kunga kamayib borishi, qurg‘oqchilik takrorlanishining ko‘payishi (hozirgi davrda har 10 yilning 3 yilida).
- tabiiy ofatlarning ortishi – sellar, toshqinlarning tez-tez takrorlanishi (so‘nggi 40 yil ichida tabiiy ofatdan bo‘lgan zarar miqdori 10 marotabaga oshgan);
- o‘rtacha haroratning oshishi, yillik issiq davrlarning 10-15 kunga o‘sib borishi;
- yog‘ingarchilikning yillik o‘rtacha darajasini mamlakatni butun hududi bo‘ylab pasayishi va ularning hududlar, vaqt hamda miqdori bo‘yicha notekis tarqalishi, haddan tashqari kuchli yog‘ingarchilikli va umuman yog‘ingarchiliksiz kunlar sonining ortishi;
- qishloq xo‘jaligida yetishtirish uchun maqbul ekinlar tarkibi butunlay o‘zgarishi;
- yuqori darajadagi jaziramalar takrorlanishining oshishi, harorat rejimi kuchayishi natijasida aholi salomatligi bilan bog‘liq muammolar ko‘payishi;
- o‘simliklar va hayvonlarning aksariyat turlari yashaydigan areallarning qayta taqsimlanishi, demak, ekologik jarayonlar, beriladigan mahsulotlar va bajariladigan funksiyalarning tubdan o‘zgarishi;
- sahrolanish jarayonlarining kuchayishi, ya’ni, yashash va xo‘jalik yuritish mumkin bo‘lgan yerlarning kamayishi;
- iqtisodiyot sektorlari ta’sirining to‘liq qayta taqsimlanishi va oldindan aniq aytish qiyin bo‘lgan boshqa ko‘pgina oqibatlar.

Iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va unga moslashish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi:
Birinchidan, issiqxona gazlarini kamaytirish. Buning uchun birinchi navbatda ishlab chiqarish korxonalari, IES va boshqa atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqaruvchi tashkilotlarda ekologik toza texnologiyalarni joriy etish orqali atmosferaga tashlanayotgan issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish zarur.

Ikkinchidan, yoqilg‘ilar sifatini yanada yaxshilash hamda ekologik toza transport vositalarini ko‘paytirish, shu jumladan keng jamoatchilik uchun qulay bo‘lgan veloyo‘lakchalar tashkil etish o‘z navbatida issiqxona gazlari miqdorini kamaytiradi.

Uchinchidan, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish. Tabiiy drenaj hisoblangan ko‘p yillik daraxtlarning ekilishi hududdagi mikroiqlimni yumshatishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, Ko‘kalamzorlashtirilgan hududlarni, ayniqsa shahar va avtomobil yo‘llari chetida yashil hududlarni kengaytirish zararli moddalar miqdorini kamayishiga xizmat qiladi.

To‘rtinchidan, suvdan oqilona foydalanish. Tomchilab sug‘orishni tashkil etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish ham o‘z navbatida iqlim o‘zgarishlariga moslashish uchun xizmat qiladi.

Beshinchidan, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, ya’ni chiqindisiz texnologiyalar. energiyatejamkor, resurstejamkor, chiqindisiz, kam chiqindili texnologiyalardan foydalanishni joriy etish yoki boshqacharoq qilib aytganda mamlakatda yashil iqtisodiyotni joriy etish zarur.

Oltinchidan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish. Quyosh, shamol energiyalaridan foydalanish bilan birgalikda atom energetikasini rivojlantirish orqali atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini oldini olish orqali iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini ma’lum bir darajada kamaytirish mumkin.

Iqlim o‘zgarishlarining oqibatlarini barchamiz his qilib turibmiz. Xususan, mintaqamizga mos bo‘lmagan shamolning tezligi natijasida Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat yoki bir qator hududlarda sel kelishining ortishi bu albatta iqlim o‘zgarishlarining oqibatidir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini saqlash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash ishlariga e’tibor yanada kuchaydi.

Yurtboshimiz yuksak minbarlardan ekologik muammolarni hal etish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidlamoqdalar. Jahon hamjamiyatini buni qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon hamjamiyatini, shu jumladan mintaqa mamlakatlarini ekologik masalalarda, jumladan Orol dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etishda xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Bugungi kunda mazkur masalalarda amaliy ishlarni barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz. Birgina misol sifatida BMT shafeligi ostida Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psherikli Trast fondining tashkil etilishi yoki mustaqillikning 27 yili davomida Orolning qurigan tubida 400 ming gektarda o‘rmonzor tashkil etilgan bo‘lsa, so‘nggi ikki yilda qariyb 1200 ming gektarga saksovul va bosh cho‘l o‘simliklari urug‘lari sepilganligi va ko‘chatlari ekilganligini keltirish mumkin.

Davlatimiz rahbarining “2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining bir qator bandlarida atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga e’tiborni kuchaytirish masalalari belgilanganligi iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va unga moslashish uchun xizmat qiladi.

Muxtasar qilib aytganda, global tusdagi ekologik muammoni bir yoki ikki davlatning sa’y-harakati bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. Bunga barcha davlatlar hamjihatlikda ekologik muammoni bartaraf etish uchun kurashish talab etiladi. Kelgusi avlodlar uchun musaffo osmon, go‘zal tabiat va uning bebaho ne’matlarini bekamu ko‘st holda yetkazish barchamizning umuminsoniy burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.

Xayrillo G‘AFFOROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Iqlim o‘zgarishining oldini olish uchun nimalar qilish kerak?