00:23 / 19.05.2020
4 641

Toshkentda 31 yoshli erkakni o‘ldirib, murdasini bo‘laklarga bo‘lgan shaxs bu ishni qanday amalga oshirganini aytib berdi

Toshkentda 31 yoshli erkakni o‘ldirib, murdasini bo‘laklarga bo‘lgan shaxs bu ishni qanday amalga oshirganini aytib berdi
Avvalroq Toshkentda 31 yoshli erkak o‘ldirilib, murdasi bo‘laklarga bo‘lib tashlangani haqida xabar berilgan edi. Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxslar qo‘lga olindi va jinoyat tafsilotlari ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning 8 may kuni soat 05:30 da Uchtepa tuman IIBga fuqaro Nigora Payzibekova murojaat qilgan va 1989 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Ravshan Rahmatullayev 7 may kuni, taxminan, soat 10:00 da o‘z ishlari bilan uydan chiqib ketgani va shundan keyin qaytib kelmaganini ma’lum qilgan.

Aniqlanishicha, Ravshan Rahmatullayev Yunusobod tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan Jamoliddin ismli fuqaro bilan tanish bo‘lgan. Jamoliddin 2020 yil yanvar oyida Ravshandan oylik to‘lab berish sharti bilan Spark mashinasini sotib olgan. Biroq Jamoliddin pullarni o‘z vaqtida to‘lamagani sababli Ravshan avtomobilni qaytarib olgan. Natijada Jamoliddinda Ravshanga nisbatan adovat paydo bo‘lgan.

Surishtiruvlar davomida Ravshan 7 may kuni, taxminan, soat 14:30 da Jamoliddinning uyiga borgani ma’lum bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Jamoliddin Orifboyev oldindan Maqsud va Sevara ismli jinoiy sheriklari bilan til biriktirib, Ravshanni Yunusoboddagi uyiga olib kirishga erishgan.

Jamoliddinning so‘zlariga ko‘ra, uning maqsadi Ravshanni biror joyga chaqirib undan pul olish bo‘lgan.
Uning sherigi Sevaraning aytishicha, Jamoliddin undan Ravshanni uning uyiga olib kelishini so‘ragan. Sevaraning so‘zlariga ko‘ra, Ravshan birinchi bo‘lib uyga kirgan. Uyda Ravshanni kutib turgan Jamoliddin va Maqsud darhol unga tashlangan.

Maqsudning so‘zlariga ko‘ra, birinchi zarbani aynan u bergan, Ravshanning yuz qismiga qo‘li bilan urgan. Shundan so‘ng Maqsud arqon bilan Ravshanning oyog‘i va qo‘lini bog‘lagan.

Jamoliddinning so‘zlariga ko‘ra, Ravshan uning bu ishni qilishdan ko‘zlangan maqsadini so‘ragan. Jamoliddin esa bu ishni pul uchun qilayotganini aytgan. Ravshan ofisida 50 ming dollar, uyida 30 ming dollar puli borligini aytgan. Jamoliddinning aytishicha, Ravshan rafiqasiga qo‘ng‘iroq qilib, Muzaffar ismli tanishi uning uyiga borishini va unga 29 ming dollar berib yuborishi kerakligini aytgan.

Jamoliddin Yunusobod tumani Markaz-5 mavzesida Ravshanning tanishi bilan ko‘rishib, undan pulni olgan. Jamoliddinning ta’kidlashicha, Ravshan bu ishlar haqida tegishli joylarga aytishini ma’lum qilgan.

Bundan qo‘rqqan Jamoliddin Ravshanga avval tirsagi bilan zarba bergan, keyin esa uning yuziga bolta bilan bir necha marta urgan. Ravshanning o‘lib qolganini bilgan Jamoliddin uni ko‘tarishga va sudrashga kuchi yetmagach, uning qo‘li va oyoqlarini tanasidan uzib tashlagan hamda ularni ko‘mgan. Shundan keyin ham uning tanasini ko‘tara olmagach, tanani chuqurga sudrab olib borib, uni ham ko‘mgan.

Ma’lum qilinishicha, Jamoliddinga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi va 164-moddasi 3-qismi, Maqsudga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi, 1997 yilda tug‘ilgan Sevaraga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi bilan ayb e’lon qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda 31 yoshli erkakni o‘ldirib, murdasini bo‘laklarga bo‘lgan shaxs bu ishni qanday amalga oshirganini aytib berdi