23:23 / 22.05.2020
2 903

Navoiyda aholi orasida koronavirusga chalinishlar soni ortib borayotgani ma’lum qilindi

Navoiyda aholi orasida koronavirusga chalinishlar soni ortib borayotgani ma’lum qilindi
O‘zbekistonda 22 may kun davomida 61 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ulardan 39 nafari aholi orasida qayd etilgan, shundan 24 kishi Samarqand, 15 kishi esa Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Hozirda ushbu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar belgilangan tartibda qat’iy karantinga olingan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Ayni paytda Navoiy viloyatida 66 nafar koronavirusga chalingan bemor qayd etilib, ularning barchasi ushbu hududda kasallikka chalingan, ularning orasida xorijdan kelganlar yo‘q. Shundan 2 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 64 nafari davolanmoqda.

Ta’kidlanishicha, Navoiy viloyati bor yo‘g‘i uch foiz sog‘ayish ko‘rsatkichi bilan kasallikdan davolanish bo‘yicha mamlakatda eng so‘nggi o‘rinda bormoqda. Mamlakatdagi sog‘ayish ko‘rsatkichi esa 81 foizdan oshgan.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, karantin qoidalariga qat’iy rioya etilmaganligi oqibatida viloyatda so‘nggi ikki haftada kasallikka chalinganlar soni keskin oshdi. Misol uchun, 20 may kuni 17 nafar, 21 may kuni 5 nafar kasal qayd etilgan bo‘lsa, 22 may soat 10:00 holati bo‘yicha yana 15 nafar fuqaroda kasallik tasdiqlanib, viloyatda so‘nggi uch kunda virusni yuqtirganlar 37 nafarga ko‘paydi. Kasallik tarqalishining asosiy o‘chog‘i Zarafshon shahri bo‘lib turibdi.

Shundan kelib chiqqan holda, Navoiy viloyati, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanayotgan boshqa hududlarda karantin qoidalarini kuchaytirish, Milliy gvardiya, Mudofaa va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamda mahalliy hokimlik vakillari bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni samarali davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholidan karantin qoidalariga qat’iy amal qilishni so‘ragan. Shuningdek, Ramazon hayiti bayrami kunida guruh-guruh bo‘lib, xonadonma-xonadon yurishlarni cheklash, turli marosimlarni o‘tkazmaslik ham so‘ralgan.

O‘zbekistonda 22 may soat 16:30 holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar soni 22 kishiga ko‘payib, 3028 nafarga yetdi. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat aniqlanganidan beri 13 nafar bemor kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan. Kasallikdan tuzalganlar soni esa 2492 kishiga yetdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Navoiyda aholi orasida koronavirusga chalinishlar soni ortib borayotgani ma’lum qilindi