22:20 / 26.05.2020
6 347

“Namozxon bo‘lganim uchun qamalgan edim...”

“Namozxon bo‘lganim uchun qamalgan edim...”
Turli bosqinchilik, ayniqsa, terror bilan bog‘liq ishlar negadir dindorlarga ag‘darib kelingan. Shu tariqa “diniy ekstremizm” tushunchasi ham paydo bo‘ldi.

Ammo o‘sha qora ishlarning na tub ildizida, na uni zimdan boshqarib turgan kuchlar qalbida aslida din yo‘q. Ayniqsa, bunday ishlarning Islom diniga mutlaqo aloqasi ham yo‘q. Biroq, afsuski bu kuchlar dinni niqob qilishi oqibatida dunyo afkor ommasida dinga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabat shakllantirildi.

Vaholanki, Islom poklik ustiga qurilgan, halollikni targ‘ib etuvchi, ezgulik ulashuvchi dindir.

Din bilan, xususan, dindorlar bilan bog‘liq noto‘g‘ri qarashlar, afsuski, yurtimizda ham ro‘y bergan. O‘zbekistonda 1999 yilda sodir etilgan terrorchilik harakatlari ortidan minglab oilalar aziyat chekdi. Boisi xunrezliklarning asl ijrochilari bir chetda qolib, shunchaki dindor bo‘lgan, soddaroq qilib aytganda, namoz o‘qiydigan odamlar aniqlanib, turmalarga tiqildi.

Umrining 20 yilini qamoqxonada o‘tkazgan suhbatdoshimdan qaysi jinoyati uchun shuncha yil qamalgani haqida so‘raganimda u “namozxon bo‘lganim uchun qamalgan edim”, deb javob qaytardi.

... O‘shanda 1998 yil edi. To‘rt farzandning otasi Baxtiyor aka turmush o‘rtog‘i vafot etgach, restorandagi ishini yig‘ishtirib,bolalariga ko‘proq vaqt ajratish uchun xususiy ish bilan shug‘ullana boshladi. Ya’ni imorat ta’mirlovchi usta bo‘lib ishlashdan maqsadi xohlagan paytida uyga kelib, bolalaridan xabar olish edi. Ayolining bevaqt o‘limi bilan bog‘liq iztirobini namoz o‘qish bilan yengishga harakat qildi.

- Do‘stlarim bilan halol mehnat qilar, namoz o‘qir edik, — deydi Baxtiyor Musayev. — Ammo namoz o‘qish bilan cheklanmay, ko‘proq ilm egallash istagi ham bor edi. Lekin bu borada o‘sha paytlarda masjidlardan umid qilib bo‘lmasdi. Chunki juma namozlarida o‘qiladigan ma’ruzalarning o‘zi zerikarli va soxta bo‘lardi. Shuning o‘zi ham bizni boshqa yo‘l qidirishga majbur qildi. Shu tariqa biz diniy oqimiga a’zo bo‘ldik.

Endigina ilk diniy saboqlarni olayotganimizda esa bizni ushlab, qamoqqa olishdi. Mening jinoyat ishim bilan bog‘liq “delo”da yonimdan varaqa, granata chiqqani yozilgan. Shuning uchun menga 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi. Keyinchalik, bilishimcha, mening yonimdan “chiqqan” o‘sha granata yana 5-6 kishining yonidan “chiqqan”. Chunki granataning raqami bir xil bo‘lgan.

Baxtiyor aka diniy oqimga qo‘shilib xato qilganini aytsa-da, u bari bir shunchaki dindor bo‘lgan yigitlarning ham ayblangani xato bo‘lganini aytadi. Turli qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tash jarayonida u hatto hech qanday oqimga qo‘shilmagan, faqat namozxon bo‘lgani uchun qamalganlarni ko‘rgan.

- Bilasiz, namozxon odam har qanday sharoitda ham namozni ado qilishga intiladi, — deydi Baxtiyor aka. – O‘sha 2000-yillarda qamoqxonada namoz o‘qish taqiqlangan, kimdir bekitib namoz o‘qigani ma’lum bo‘lib qolsa, kesilgan yiliga yil qo‘shib berilar edi. Shuning oqibatida menga tayinlangan jazo muddati ham uzayib ketdi.

Oila boshlig‘i qamoqda ekanida, uning ikki o‘g‘li va ikki qizi nafaqat ota mehrisiz ulg‘aydi, balki hayotda o‘z o‘rinlarini ham topdi. Bunda ularning bolaligidan kasb-hunarga o‘rgatilgani ish berdi. Faqat armonli tomoni shundaki, ularga to‘y kunida otaning oq fotihasini olish nasib qilmadi. O‘g‘li qamalganida 82 yoshda bo‘lgan onaizorga esa o‘g‘lining diydorini ko‘rish boshqa nasib qilmadi. Ona 2011 yilda 93 yoshga kirganida bandalikni bajo keltirdi.

Aytishga oson, ammo taqdirning bu achchiq bitiklarini bosib o‘tish aslida oson bo‘lmagan. Qo‘li qonga botmagan bu odam keragidan ortiq jazo topgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida imzolagan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni asosida Baxtiyor Musayev ham afv etilib, ozodlikka chiqarildi.

Xalqimizga xos mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida e’lon qilingan farmon bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 258 fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 16 nafari asosiy jazodan ozod etiladi, 101 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 24 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 117 shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 nafarini ayol, 7 nafarini chet davlat fuqarolari, 164 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.

Ayni paytda farmon ijrosi ta’minlanib, afv etilgan shaxslar oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytdi.

Poytaxtimizning Kamolon mahallasida joylashgan Musevlar xonadoni ham ota diydoriga to‘ldi. Farzandlar, o‘ndan ortiq nabira Baxtiyor akani xushnud kutib oldi.

- Prezidentimizning aynan Hayit arafasida bunday xayrli ishlarni amalga oshirganidan minnatdorman, – deydi B.Musayev. – Bu Ulug‘ ayyomni oilam bilan birga o‘tkazishni doim orzu qilganman. Aynan shu maqsadda Davlatimiz rahbariga kechirim so‘rab, afv etishlarini so‘rab murojaat qilgandim. Murojaatim qanoatlantirilganidan behad quvondim.

Suhbatdoshim gap orasida “Qamoqqa o‘tgan asrda ketgandim, 21-asrda esa uyga qaytdim. Yo‘l-yo‘lakay shahardagi o‘zgarishlardan hayratga tushdim. Hayot haqiqatan har tomonlama o‘zgaribdi. Bu o‘zgarishlar hatto qamoqda ham sezilgan. Sharoitlar yaxshilanib, bizga odamday munosabat qila boshlashgan edi. Namoz o‘qiganimiz uchun hech kim ta’qib qilmay qo‘ygandi”, deb aytib o‘tdi.

Yuqoridagi fikrlar, albatta, bir insonning kechinmalari, o‘ylari bilan bevosita bog‘liq. Suhbatdoshimiz qandaydir oqimga qo‘shilmay, faqat oilasi uchun mehnat qilib, o‘zi mustaqil ravishda kitoblar o‘qib dinni chuqurroq bilishi ham mumkin edi. U buni kechroq tushunib, afsus ham chekkan. Bugun esa, muhimi, Ota oilasi bag‘rida. Bu bag‘ri butunlikni hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi.

Norgul ABDURAIMOVA

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Namozxon bo‘lganim uchun qamalgan edim...”