12:25 / 30.05.2020
2 832

Yangi tahrirdagi fuqarolik kodeksi: Loyihadagi asosiy yangiliklar fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan

Yangi tahrirdagi fuqarolik kodeksi: Loyihadagi asosiy yangiliklar fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan
Ayni vaqtda Prezidentimizning 2019 yil 5 apreldagi farmoyishi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida Adliya vazirligi tomonidan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Fuqarolik kodeksini yangilashning zarurati nimada, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 1996 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida katta o‘zgarishlarni fuqarolik-huquqiy tartibga solishda muhim rol o‘ynadi va bozor iqtisodiyoti rivojlanishiga huquqiy zamin yaratib berdi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi iqtisodiyotni yanada liberallashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk kafolatlarini himoya qilishni kuchaytirish, tadbirkorlikning rivojlanishini rag‘batlantirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olingan.
Boshqacha aytganda, bugungi kunda real bozor iqtisodiyoti va ilg‘or xalqaro standartlar talablariga javob beradigan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan zamonaviy fuqarolik kodeksini ishlab chiqish davr talabidir.

Bugungi kungacha tayyorlangan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi bir tomondan Fuqarolik kodeksi moddalarini unifikatsiya qilish va tizimlashtirish choralarini, ikkinchi tomondan tadbirkorlik, shu jumladan xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator yangiliklarni o‘z ichiga olgan.

Xususan, alohida qonunlarda va Fuqarolik kodeksida mazmunan takrorlanadigan bir qator qoidalar loyiha matnidan chiqarib tashlangan. Jumladan, intellektual mulkka oid, yuridik shaxslar faoliyati tashkiliy masalalari bilan bog‘liq normalar shular sirasiga kiradi. Shu bilan birga, qoidalardan ayrimlari, masalan, lizing qoidalari amaldagi qonunlardan Kodeks loyihasiga ko‘chirib o‘tkazilmoqda.
Investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda mulkiy munosabatlar barqarorligini ta’minlash maqsadida xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda o‘z filialini ro‘yxatdan o‘tkazib, hech qanday to‘siqlarsiz tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mulk xususiy yoki davlatga tegishli bo‘lishidan qati nazar bir xil huquqiy himoya belgilanmoqda. Davlat reyestriga kiritilgan ma’lumotga ishonib mulkni sotib olgan mulkdordan, ilgarigi sotuvchi tomonidan qandaydir huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa-da, mulk qaytarib olinmasligi hamda mulk huquqining himoyasini ta’minlashga qaratilgan yangi qoidalarni joriy etish nazarda tutilmoqda.
Ushbu qoidalar xorijiy investitsiyalar miqdori yanada oshishiga xizmat qiladi. Shuningdek, mulk huquqi kafolatlarining mustahkamlanishi Jahon iqtisodiy erkinlik indeksi va boshqa xalqaro reytinglarga ham ijobiy ta’sir qilishi kutilmoqda.

Yana bir yangilik fuqarolik qonun hujjatlarini virtual makon, ya’ni Internetda vujudga keladigan munosabatlarga ham tatbiq etish bilan bog‘liqdir. Kelgusida elektron yoki boshqa texnik vositalar yordamida tuzilgan bitimlarni yozma shaklga tenglashtirish, elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda tovarlarni sotishning, raqamli pul, ya’ni kriptovalyuta muomalasining asosiy qoidalari belgilanayotir.

Bu yangiliklar tadbirkorlar uchun fuqarolik-huquqiy munosabatlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘liq foydalangan holda vaqtni tejash imkonini beradi. Shuningdek, hujjatlar aylanmasi, mehnat resurslari, logistika, savdo va saqlash joylari ijarasi bilan bog‘liq bir qator xarajatlarni kamaytirishga, elektron tijoratni yanada rivojlantirishga turtki bo‘ladi.

Albatta, loyihadagi shu kabi ko‘plab yangiliklar, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq yangi normalar amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etib boriladi. Chunki bu jarayon faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarga noqulayliklar tug‘dirmasligi va ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmasligi kerak.

Masalan, tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxslarning ayrim tashkiliy-huquqiy shakllari bekor bo‘lishi ushbu shakllarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar darhol o‘z shaklini o‘zgartiradi degani emas. Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi kuchga kirgunicha tashkil qilingan yuridik shaxslar o‘z ta’sischilari ixtiyoriga ko‘ra xohlagan paytda yoki biror sabab bilan qayta tashkil etilganda yangi shaklga o‘tishi lozim bo‘ladi. Bu kabi masalalarni yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksini amalga kiritish to‘g‘risida qabul qilinadigan qonunda belgilab qo‘yish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida fuqarolik qonunchiligini bozor iqtisodiyoti tamoyillari va xalqaro standartlarga muvofiq modernizatsiya qilish, bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun zamonaviy fuqarolik-huquqiy asos yaratish maqsadi ko‘zda tutilgan. Bu maqsadga erishish uchun O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzildi.

Fuqarolik kodeksining yangi tahririni tayyorlashda ish hajmi katta bo‘lishi inobatga olinib, eng avvalo, Idoralararo komissiya tomonidan fuqarolik qonunchiligini sohalarga bo‘lgan holda 8 ta yo‘nalishda ishchi guruhlar tashkil etildi. Ishchi guruhlarning namunaviy rejalari hamda fuqarolik huquqi sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish rejasi tasdiqlandi.

Ishchi guruhlar tarkibiga 50 nafardan ortiq a’zo jamlandi. Bunda asosan ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy xodimlari va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tajribali sudyalar va advokatlar, davlat idoralari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb qilindi.
Ishchi guruhlar a’zolari qariyb bir yildan buyon muntazam ravishda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutida yig‘ilib va masofadan turib ish olib bormoqda.

Loyihani ishlab chiqishda rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish katta ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) ko‘magi bilan Germaniya, Fransiya, Polsha, Rossiya, Pokiston davlatlaridan 20 nafardan ortiq ekspert maslahatchilar xizmatidan foydalanilmoqda.

Bundan tashqari, 12 nafar milliy ekspert bevosita Fransiya, Polsha, Rossiya davlatlariga borib o‘rganishlar o‘tkazdi.
Ushbu safarlar davomida Parij shahrida Fransiya Adliya vazirligining fuqarolik ishlari bo‘yicha boshqarmasi, Parij Panteon Assas universiteti qoshidagi Qiyosiy huquq instituti, Kontinental huquqni o‘rganish markazi, Kassatsiya sudi, Sudyalar va prokurorlar tayyorlash milliy maktabi mutaxassislari bilan amaliy muloqotlar uyushtirildi.

Shu bilan birga, Varshava shahrida Polsha Adliya vazirligining fuqarolik qonunchiligi bo‘limi, Polsha Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy ilmiy tadqiqotlar markazi, Polsha Fanlar akademiyasining Huquqiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etildi. Bu tadbirlarda fuqarolik qonunchiligi muammolari, istiqbollari va yangi zamonaviy g‘oyalar atroflicha muhokama qilindi.

Moskva shahrida Fuqarolik qonunchiligini kodifikatsiya qilish va takomillashtirish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Kengash rais o‘rinbosari va a’zolari, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi S.Alekseyev nomidagi Xususiy huquq tadqiqot markazi, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti professor- o‘qituvchilari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Anjumanda O‘zbekiston fuqarolik qonunchiligini takomillashtirishda Rossiya Federatsiyasining fuqarolik qonunchiligini isloh qilish tajribasidan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

Moskvaga safar davomida, shuningdek, Fuqarolik kodeksining yangi tahirini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhlar a’zolari “Rossiya fuqarolik huquqi. Yil natijalari” IX Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar haqida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda dastlabki loyiha qo‘shimcha fikr va mulohazalar olish maqsadida mamlakatimizning vazirlik va idoralariga, huquqiy sohadagi oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalariga, advokatlar va notariuslar palatalariga yuborilgan. Tabiiyki, loyiha aholidan, soha mutaxassislari va tashkilotlardan kelib tushadigan takliflar asosida yanada takomillashtiriladi.

Hozirgi kunda yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi qabul qilinishi asnosida amaldagi boshqa qonunlar va qonunosti hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilishi bilan bog‘liq tegishli qonun hujjatlarining loyihalari ham tayyorlanmoqda. Bu jarayonda o‘zgartiriladigan qonunlarning o‘zi 20 tadan ortiq bo‘lib, qonunosti hujjatlar soni esa bundan ham ko‘pdir.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi bilan bevosita tartibga solinmagan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi alohida qonunlarni ham tasdiqlangan Konsepsiya asosida takomillashtirish taqozo etiladi. Xususan, intellektual mulk, qimmatli qog‘ozlar sohalari shular jumlasidandir.
Bir so‘z bilan aytganda, hali bu sohada qilinadigan ishlar juda ko‘p va ular albatta oxiriga yetkaziladi.

A.Madaminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi tahrirdagi fuqarolik kodeksi: Loyihadagi asosiy yangiliklar fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan