22:47 / 30.05.2020
3 158

Qiynoqlar davom etmoqda. Ushlab turilgan shaxs va tergovchi qachon teng mavqega ega bo‘ladi? Mas’ullar javob berishdi

Qiynoqlar davom etmoqda. Ushlab turilgan shaxs va tergovchi qachon teng mavqega ega bo‘ladi? Mas’ullar javob berishdi
Jazoni ijro etish muassasalarida, tergov izolyatorlarida, maxsus hibsxonalarda qiynoqqa solish holatlari ko‘payib bormoqda. 2017 yilda 7ta, 2018 yilda 10ta, 2019 yilda 16ta qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuraturada 29 may kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Kun.uz muxbiri mutasaddilar xizmat mavqeidan foydalanib jinoyat izlarini yashirishi yoxud tanada iz qoldirmaydigan usullardan foydalanishi mumkinligiga e’tibor qaratib, mas’ul xodimlar va ushlab turilgan shaxslarning mavqei qachon tenglashtirilishi bilan qiziqdi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning aytishicha, qiynoq bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishda aybdorligi isbotlanib, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilgan shaxslarning aksariyati IIV va DXX xodimlaridir.

Huquqni himoya qiluvchi har bir idoraning tergovi ustidagi nazorati prokuror zimmasiga yuklatilgan. Tergov xibsxonalarida mahkumning huquqlari buzilsa, deylik, unga o‘z vaqtida advokatdan foydalanish huquqi taqdim etilmasa, ko‘rsatma olish vaqtida kuzatuv moslamalarini o‘chirib qo‘yish holatlari kuzatilsa yoxud ushlab turilgan shaxslar va mahkumlarning huquqlari boshqacha ko‘rinishda tahqirlansa, prokuratura organlari tomonidan albatta jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Bunday toifadagi jinoyat ishlari tergovini prokuratura amalga oshiradi va ishni albatta sudga oshiradi.

Men qanchasi o‘z tasdig‘ini topib, sudga oshirilgani bilan bog‘liq raqamlarni ham aytdim. Qonuniy kuchga kirgan hukmlar ham mavjud. Hatto bitta holatni ham favqulodda vaziyat deb qabul qilishimiz kerak. Kim murojaat qilgan bo‘lsa, uni haqqoniy yozish kerak.

Xabaringlar bor, yaqinda sud jarayoni davrida bir guruh shaxslar qiynoqqa solindi deb advokatlar ham chiqdi, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar ham chiqdi. Darhol tezkor-qidiruv guruhi tashkil qilinib, o‘sha faktlar tekshirildi. Hattoki saraton kasalligiga chalingani qiynoq holati bilan bog‘liq bo‘lmagani aniqlanib, faktlar o‘z isbotini topmadi. Agar faktlar o‘z isbotini topsa, kim bo‘lishi, qaysi lavozimga egaligidan qat’i nazar, u albatta javobgarlikka tortiladi. Jamiyat, xalq oldida keyinchalik ham mana shu toifadagi lavozimlarga ega bo‘lmaydi. O‘shanday shaxslar tizimga qayta kirmaydi
”, dedi Svetlana Ortiqova.

Bosh prokuror o‘rinbosarining aytishicha, qonunchilikda ushlab turilgan shaxslar va mahkumlarning huquqlari, ular bilan muomala qilishda, ko‘rsatma olishda amal qilinishi lozim bo‘lgan qoidalar aniq belgilab qo‘yilgan. Shunga qaramay, ularni qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilayotgani ijrochilarning kasbiy tayyorgarligi, professionalizmidagi muammolar bilan bog‘liq.

Har qancha nazorat mexanizmlari kuchaytirilganiga va jazo muqarrarligi ta’minlanganiga qaramay, bu kabi jinoyatlarga qo‘l urish davom etayotgani odamning o‘ziga bog‘liq. Biz zo‘r qonunlarni qabul qilyapmiz. Lekin hammasi ham ishlayaptimi? Yo‘q. Bu – umumiy va huquqiy madaniyatga bog‘liq.

Qandaydir vaqtda siz va biz tarbiyani esdan chiqardik. Professionalizm nuqtai nazaridan mutaxassislarni izdan chiqarib yubordik. Pulning orqasidan yugurdik, mashinali bo‘laylik deb yugurdik. Bir-birimiz bilan muloqotga kirishishni esdan chiqardik
”, deydi Svetlana Ortiqova.

IIV Probatsiya xizmati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ikrom Fozilovning qayd etilishicha, xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan va tez orada umumxalq muhokamasiga qo‘yiladigan “Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi qabul qilinishi bilan ushbu muammolar bartaraf etiladi. Chunki hujjatda shu paytgacha e’tibor qaratilmagan masalalar bo‘yicha huquqiy bo‘shliqlar to‘ldiriladi, ushlab turilganlarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi.

Ikrom Fozilov
Prezident qaror loyihasida juda aniq mexanizmlar nazarda tutilyapti. Ya’ni bundan keyin faqat Ombudsman emas, O‘zbekiston Respublikasida maxsus bo‘lgan organlar – ombudsman, biznes ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Qiynoqqa olish qo‘mitasi – 5ta organ birlashib, o‘zaro muvofiqlashgan holda reja tuzib, qaysi idora tizimlari bo‘lishidan qat’i nazar hamma idoralarga muntazam ravishda kirib turib, nazorat qilish mexanizmi nazarda tutilmoqda.

Ikkinchi masala, shaxsni ushlab turish jarayonida kim, ushlab turish qaysi vaqtda boshlandi, qaysi vaqtda tugaydi – bu masalalar bo‘yicha tartibga solishimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor. Shu bois qaror loyihasida xalqaro huquq talabidan kelib chiqib, aniq vazifalar kiritilyapti. Xususan, BMT qo‘mitasining 2020 yilda bergan tavsiyalaridan kelib chiqib, O‘zbekistonda ushlab turilganlarning yagona elektron reyestrini yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish, bu vakolatni qo‘mitaga berish. Bunda kim qayerda, soat nechadan boshlab ushlab turilganini hamma biladi, prokuratura, qo‘mita, boshqa mas’ul organlar tomonidan nazoratga olinadi. Bundan keyin ortiqcha, g‘ayriqonuniy ushlab turish kabi omillarga yo‘l qo‘yilmaydi
”, deydi Ikrom Fozilov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qiynoqlar davom etmoqda. Ushlab turilgan shaxs va tergovchi qachon teng mavqega ega bo‘ladi? Mas’ullar javob berishdi