11:23 / 02.06.2020
2 264

Toshkentda «Yaponiya raqamli universiteti» tashkil etiladi

Toshkentda «Yaponiya raqamli universiteti» tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) va Yaponiyaning “Digital Knowledge” (Dijital Noulij) aksiyadorlik jamiyatining Toshkent shahrida “Yaponiya raqamli universiteti”ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Universitetning huquq va majburiyatlari bo‘yicha yuqori turuvchi tashkilot Universitetning “Vasiylik kengashi” bo‘lib, Universitetga qabul parametrlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet “Vasiylik kengashi” tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yiladi.

Quyidagilar Universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:
  • respublika iqtisodiyoti va sanoat tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash;
  • mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini ta’lim va ilm-fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek jahon ta’lim hamjamiyatiga integratsiya qilish hisobiga rivojlantirish;
  • kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari hamda o‘qitishning masofaviy shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda o‘qitishning zamonaviy uslublarini takomillashtirish;
  • ta’lim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning, xususan Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Belgilab qo‘yilsinki:
  • Universitet Yaponiyaning “Digital knowledge” (Dijital Noulij) aksiyadorlik jamiyati muassisligidagi alohida mulk va mustaqil balansga ega bo‘lgan yuridik shaxs maqomidagi ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lmagan nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi;
  • Universitet kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda asosiy bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash ishlarini amalga oshiradi;
  • Universitetda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda Universitet va O‘zDJTU tomonidan ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha yapon va ingliz tillarida kunduzgi va masofaviy ta’lim shakllarida amalga oshiriladi;
  • talabalikka qabul qilish va Universitet bitiruvchilarining attestatsiyasi Universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
  • “Ikki tomonlama diplom” (double degree) dasturlari asosida o‘qishlarini muvaffaqiyatli tamomlagan Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan “Kompyuter lingvistikasi” yo‘nalishida davlat namunasidagi diplomi hamda Yaponiya va O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan Yaponiyaning Otemaye universiteti, Tokio onlayn universiteti va boshqa universitetlaridan birining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan namunadagi diplomlari beriladi;
  • Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya qonunchiligiga rioya qilgan holda xorijiy mamlakatlarda ish o‘rinlari taklif etadi;
  • Muassis o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish, Universitet mutaxassislarining malakasini oshirish va professor-o‘qituvchilari tarkibini qayta tayyorlash, kutubxona fondini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirishga ko‘maklashishi hamda Universitetning o‘quv-uslubiy faoliyatini samarali tashkil etishi ma’lumot uchun qabul qilinadi;
  • Universitet faoliyati O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiyaning amaldagi qonunchiligi, ikki davlat o‘rtasida imzolangan xalqaro shartnomalar, shuningdek Muassis bilan O‘zDJTU o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida amalga oshiriladi;
  • Universitet O‘zDJTUning Toshkent shahri, Uchtepa tumani, G-9A mavzesi, Kichik halqa Yo‘li ko‘chasi, 21-a- uy manzilidagi binosiga ijara to‘lovi asosida joylashtiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda «Yaponiya raqamli universiteti» tashkil etiladi