20:00 / 04.06.2020
3 160

Qamchiq dovonidagi mudhish YTHda 3 ta yuk mashinasi to‘qnashdi (foto)

Qamchiq dovonidagi mudhish YTHda 3 ta yuk mashinasi to‘qnashdi (foto)
Qamchiq dovonida 4 iyun kuni tongda yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida uch nafar haydovchi vafot etdi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.

Hodisa soat 05:00 da Namangan viloyati Pop tumani «Qo‘shminor» MFY hududidan o‘tuvchi Toshkent—Osh avtomobil yo‘lining 227-kilometrida sodir bo‘lgan.

63 yoshli A.R. boshqaruvida bo‘lgan Sams rusumli yuk avtomashinasining tormoz tizimi ishlamay qolishi natijasida shu yo‘nalish bo‘yicha yo‘lning chetida to‘xtab turgan 26 yoshli A.G‘.ning boshqaruvida bo‘lgan Isuzu yuk mashinasi va 26 yoshli N.R.ning boshqaruvida bo‘lgan ikkinchi Isuzu yuk avtomashinasining orqa qismiga urilib, ag‘darilgan. Shundan so‘ng Sams yuk mashinasining kabina qismida yong‘in yuzaga kelgan.

Hodisa oqibatida Sams haydovchisi A.R. va Isuzu haydovchisi A.G‘.lar hodisa joyida vafot etgan, ikkinchi Isuzu yuk avtomashinasining haydovchisi N.R. shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Tergov departamentining ma’lum qilishicha, Isuzu’lardan birida ham yong‘in yuzaga kelgan. Ammo yong‘inning yuzaga kelish sababi hozircha noma’lum.


Mazkur holat yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.



Qamchiq dovonida yuk mashinalari ishtirokida tez-tez YTHlar sodir bo‘lib turadi. 25 may kuni Damas ikkita yuk mashinasi orasida qolib ketishi oqibatida 3 kishi shifoxonaga yotqizilgandi, 16 may kuni Isuzu yuk mashinasi ag‘darilib ketishi oqibatida ham 3 kishi shifoxonaga tushgan, 30 aprel kuni Volvo yuk mashinasi yonib ketgan, 24 aprel kuni tormozi ishlamay qolgan yuk mashinasi tog‘ga urilishi oqibatida haydovchi vafot etgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qamchiq dovonidagi mudhish YTHda 3 ta yuk mashinasi to‘qnashdi (foto)