11:10 / 10.06.2020
2 419

DXX qariyb 22000 dona “Tramadol” tabletkasini musodara qildi

DXX qariyb 22000 dona “Tramadol” tabletkasini musodara qildi
DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahridan Qo‘qon shahri tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina Dang‘ara tumani hududida to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 11.000 dona “Tramadol” tabletkasi borligi va u mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Qo‘qon shahrida yashovchi shaxslar A.Hamidov va M.Yoqubovlarga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan fuqaro tomonidan Qozog‘iston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu dori vositalari kelgusida Qo‘qon shahrida sotilishi kerak bo‘lgan.

Shuningdek, DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlarining ichki ishlar idoralari vakillari bilan hamkorlikda To‘rtko‘l tumanida o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida “Bo‘ston - Qirqqiz” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan “Neksiya-3” rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirildi.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda unda B.Bitileyev va U.Saburovlar borligi, avtomobilning old o‘rindig‘i ostida esa sotish maqsadida olib ketilayotgan 9.985 dona “Tramadol” dori vositasi borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dori vositalari qozog‘istonlik shaxslar tomonidan Taxtako‘pir tumaniga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan va avvaldan kelishilgan yashirin joyga qoldirib ketilgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida chegaraoldi hududdagi yashirin joydan dori vositalarini olib, Bitileyev va Saburovlarga yetkazib bergan mahalliy cho‘pon T.Vaisov ham o‘z yashash manzilida qo‘lga olindi.

Bundan tashqari, DXX Navoiy viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Nurota tumani hududida harakatlanayotgan J.Bobomurodov boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirilganda, avtomashina salonida 996 dona “Tramadol” dori vositasi borligi aniqlandi va xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 21.981 dona “Tramadol” tabletkasi musodara qilindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 oktabrdagi 878-sonli qaroriga muvofiq “Tramadol” dori vositasi giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX qariyb 22000 dona “Tramadol” tabletkasini musodara qildi