21:51 / 18.06.2020
3 788

«Xalq banki»ning Yozyovon filialidan 100 ming dollarni kim o‘g‘irlagan edi?

«Xalq banki»ning Yozyovon filialidan 100 ming dollarni kim o‘g‘irlagan edi?
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi AT «Xalq banki» filialining valyuta saqlash seyfidan 100 ming AQSH dollarini talon taroj qilgan bank boshqaruvchisi va ikki nafar xodimiga sud hukmi o‘qildi.

Bu haqda O‘zA muxbiriga jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi sudyasi B.Vahobov va jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi raisi B. Haydarov ma’lum qildi.

Bugun mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur sohada fidoiylik, halollik bilan mehnat qilayotgan xodimlar juda ko‘p. Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, soha xodimlari orasida nafs kuyiga tushib, jinoyat sodir etganlar ham uchrab turibdi.

AT «Xalq banki» filialining boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi Sarvar Tursunbayev, bosh hisobchi Bahrom Tillayev, kassa mudiri Gulnora Utanovalar o‘z kasbiga xiyonat qilib, bir qator jinoyatlarni sodir etdi.

AT «Xalq banki» Farg‘ona viloyat filialining 2018 yil 24 oktabrdagi buyrug‘i bilan AT «Xalq bank» Yozyovon filiali boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangan S.Tursunbayev, bosh hisobchi B.Tillayev va kassa mudiri G.Utanovalar 2019 yil 25 yanvar kuni AT «Xalq bank» Farg‘ona amaliyot bo‘limi tomonidan AT «Xalq bank» Yozyovon filialiga kelgan 300 ming AQSH dollarini qabul qilib olgan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining qarori bilan tasdiqlangan «Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnoma»ga amal qilinmasdan S.Tursunbayev va B.Tillayevlar o‘zlariga biriktirilgan bankning naqd pul va boshqa qiymatliklarni saqlash omboriga tegishli kalit va muhrlarini kassa mudirasi G.Utanovaga topshirib qo‘ygan.

Kassa mudirasi G.Utanova bank boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi S.Tursunbayev, bosh hisobchisi B.Tillayevlarga biriktirilgan kalit va lavozim muhrlari bilan omborxona eshigining kalit va muhrlarini o‘zida saqlagan. Bankning moddiy javobgar shaxslari pul omborini yopishdan avval naqd pullar va boshqa qimmatliklarning but saqlanayotganligini, ularning hisobi to‘g‘ri yuritilayotganligini hamda balansdagi ma’lumotlarni, kassa kitoblaridagi yozuvlarni va haqiqatda mavjud bo‘lgan naqd pullar, qimmatliklar qoldiqlariga mos kelishini tekshirib ko‘rishlari shart deb belgilangan. Ammo AT «Xalq bank» Yozyovon filiali bank boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi S.Tursunbayev va bosh hisobchisi B.Tillayevlar kassa mudirasi G.Utanovaga yo‘riqnomaning talablarini buzib, kitoblarga moddiy javobgar shaxslar S.Tursunbayev va B.Tillayevlarni nomlaridan imzolarni o‘xshatish yo‘li bilan bajarib kelishiga ruxsat bergan. Kassa mudiri G.Utanova turli shakldagi kitoblarni mansabdor shaxslar nomidan to‘ldirib, ularning imzolarini o‘xshatish yo‘li ishni bajarib kelgan.

2019 yil 25 yanvar kunidan 2019 yil 5 fevral kuniga qadar AT «Xalq bank» Yozyovon filiali bank boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi S.Tursunbayev, bosh hisobchisi B.Tillayevlar moddiy javobgarligi ostida bo‘lgan AT «Xalq banki» Yozyovon filial balansining hisob raqamida jami 218 ming 300 AQSH dollaridan 840 million 153 ming so‘mga teng bo‘lgan 100 ming AQSH dollarini rastrata qilish yo‘li bilan, kassa mudirasi G.Utanova o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qiladi. Kelgusida tergov va sud idoralarini ular tomonidan sodir etilgan jinoyatni fosh etilishiga yo‘l qo‘ymasdan chalg‘itish maqsadida 2019 yil 5 fevral kuni soat 20:00 da AT «Xalq banki» Yozyovon filialida 100 ming AQSH dollari kamomadi kelib chiqqanligi haqida Yozyovon tuman IIBga xabar berganlar. Albatta, bu hiyla ish bermadi hamda ularning qilmishlari fosh etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, S. Tursunbayevga 5 yil ikki oy, B.Tillayev va G. Utanovaga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish va har birlariga ikki yil moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. AT «Xalq banki» Yozyovon filialiga yetkazilgan 100 ming AQSH dollarini so‘mdagi qiymati 862 million 451 ming so‘mni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Xalq banki»ning Yozyovon filialidan 100 ming dollarni kim o‘g‘irlagan edi?