23:28 / 20.06.2020
2 525

O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha mutaxassislar muhokamasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha mutaxassislar muhokamasi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 19 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi binosida O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mutaxassislar muhokamasiga bag‘ishlangan seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro xorijiy tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari, ushbu sohadagi ilmiy hamjamiyatlarning nufuzli a’zolari, milliy ekspertlar, OAV vakillari
va boshqalar ishtirok etishdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi (https://regulation.gov.uz) portalida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Ushbu qonun loyihasining muhokamasi davomida portalga qariyb 220 ta taklif va izohlar kelib tushgan.

Tadbirda Adliya vaziirligi Huquqiy siyosat tadqiqot institutining direktori o‘rinbosari N.Jo‘rayev “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonun loyihasining qo‘llanilish sohasi, xizmatchilarning huquqiy maqomi va boshqa asosiy jihatlari haqida ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori o‘rinbosari Ye. Kanyazov va Adliya vazirligi Jinoiy, ma’muriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i M. Allakuliyevlar ham ekspert
sifatida qatnashdilar.

Mazkur seminarda qonun loyihasi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yagona qonun hujjatini yaratish maqsadida ishlab chiqilgani qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktabrdagi Farmoni bilan mustahkamlab qo‘yilgan davlat fuqarolik xizmatini yanada takomillashtirish va isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek ilg‘or xorijiy tajriba, nufuzli xalqaro tashkilotlar, milliy ekspertlar tavsiyalari asosida ishlab chiqilganligi ham aytib o‘tildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli organ – davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini rivojlantirish hamda xodimlarni boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan.

Ushbu seminarda davlat fuqarolik xizmatiga faoliyat samaradorligini baholash tizimini joriy etish, ushbu sohada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan asosiy mexanizmlar va boshqa masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, tadbir davomida loyiha yuzasidan taklif etilgan soha olimlari, mutaxassislar va mustaqil izlanuvchilar, manfaatdor idora
va vazirliklar mas’ul xodimlarining fikri va mulohazalari muhokama qilindi. Seminar yakuni bo‘yicha, ishtirokchilarning taklif va tavasiyalari asosida qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan ishchi guruh tuzuildi. Ishchi guruh tomonidan loyihani takomillashtirish ishlari olib borilishi kelishib olindi.

Bundan tashqari, tadbirda ishtirok etgan OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlarning qonun loyihasiga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha mutaxassislar muhokamasi bo‘lib o‘tdi