19:00 / 21.06.2020
1 749

Jurnalistdan hamma tanqid kutadi. Aslida tanqid kimga kerak?

Jurnalistdan hamma tanqid kutadi. Aslida tanqid kimga kerak?
Foto: «Groundviews.org»
Keyingi o‘ttiz yil ichida o‘zbek matbuoti nimalarga erisha oldi? «Erishilgan»lardan kim ko‘proq manfaat ko‘rdi?

O‘ttiz yil oldin O‘zbekiston mustaqillikka erishdi. Matbuot haqidagi gapni yana ham avvalroqdan boshlash kerak. Ana shu mustaqillikka erishish uchun «qayta qurish» davrida matbuot katta xizmat qildi, erk kunlarini yaqinlashtirdi. Sho‘rolarning zulm saltanati oshkoralik tufayli quladi, imkon paydo bo‘lishi bilan millatlarning ziyolilari matbuotda tarix qatlamlarini ochdilar, milliy o‘zlikni va milliy tillarini talab qildilar, dinlariga va madaniyatlariga sohib chiqdilar. Natijada ko‘zi ochilgan xalqlar yagona mahbusxonada yashashni istamay qoldilar va o‘z mustaqilliklarini birin-ketin e’lon qildilar. 1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston parlamenti Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi.

Shundan keyingi tarixga kelsak, bugun o‘tgan chorak asrga haqqoniy baho berilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu davrni «qo‘rquv davri» deb atadi: «U davrlar boshqacha edi. Qancha jim yursang, shuncha yaxshi edi... Bizlar qo‘rquv davrida yashagandik».

O‘tgan o‘sha davrga qarasak, matbuot bilan bog‘liq bir qonuniyatni ko‘ramiz. Dastlabki yillarda 1990-1994 yillargacha ko‘p yaxshi ishlar qilindi — Konstitutsiya va besh yuzga yaqin qonunlar oshkora muhokamalar asosida qabul qilindi, Prezidentlik ta’sis etildi va real muqobillar asosida saylov o‘tkazildi, parlamentda hurfikrlik va matbuotda oshkoralik hukm surdi, bozor iqtisodiga o‘tish, madaniy dunyoga integratsiyalanish uchun harakatlar boshlandi. Dastlabki parlamentda hamma masalalar oshkora muhokama etilar, xalqda ham bir ko‘tarinkilik hukmron edi.

Biroq asta-sekin yana ma’muriy-buyruqbozlik tizimi o‘zini mustahkamlab oldi, haqiqatni ayta oladigan kuchlar qatag‘onga uchradi, qamaldi yoki yurtni tark etdi, ommaviy axborot vositalari endi ommaviy targ‘ibot vositalariga aylantirildi. Shaxsga sig‘inish vaziyati qaror topdi, yurtboshini maqtash, madhiyabozlik avjiga chiqdi, tanqid qilinsa, faqat «mustaqilligimizni ko‘ra olmaydiganlar», «iqtisoddagi yutuqlarimizga hasad qiluvchilar», xorijda yurgan «vatan xoinlari» tanqid qilinardi.

Bularning bari Qodiriy, Cho‘lpon, Behbudiylarni qatag‘on qilgan Stalin davrini yodga solardi. E’tibor bering: matbuot gung va kar holatga solingach, osongina siyosiy «yakdillik» sharoiti yuzaga keltirildi hamda iqtisod ham inqirozga yuz tuta boshladi, korrupsiya avj oldi, bugun xorij banklaridan qaytarishga urinayotganimiz milliardlab dollarlar o‘shanda o‘marilgandi, hatto dehqonlarga nima ekib, kimga sotishni ham davlat rejalashtiradigan va hosil yig‘im-terimini prokuratura va militsiya nazorat qiladigan ma’muriy iqtisod yuzaga keldi...

Xayriyat, 2016 yil so‘ngida yangi siyosiy, ma’muriy, iqtisodiy islohotlar va’dasi bilan mamlakat rahbarligiga Shavkat Mirziyoyev keldi va islohotlar so‘z erkinligidan boshlandi.

Tanqid hech kimga yoqmasligi kunday ravshan. Ammo jurnalistdan hamma ko‘proq tanqidni kutadi. Aslida tanqid kimga ko‘proq kerak: jurnalistgami, u chiqayotgan nashrgami yoki jamiyatga?

Tanqid — agar tuzum huquq ustuvor bo‘lgan, adolatli va demokratik bo‘lsa, hamma uchun foydalidir.

Haqiqatni yozish jurnalistga foyda, chunki u, avvalo, o‘z kasbining sharafini oqlaydi, o‘z nomusi va orini yuksakka ko‘taradi va xalqqa ham, Xoliqqa ham maqbul ishni qiladi.

Haqiqatni chop etish, takror aytamiz, agar tuzum demokratik va adolatli bo‘lsa, nashrga ham foydali, chunki uning haqiqiy obunachilari, muxlislari ko‘payadi, natijada reklama beruvchilari ko‘payadi daromadi oshadi. Dostoyevskiy: «Pul — chop etilgan ozodlik», — degan. Boyning ovozi balandroq chiqishi shundan. Aslida bobomiz Zamaxshariy: «Haq so‘zlaganning ovozi arslon o‘kirishidan ham shiddatlidir», deganlar.

Haqiqatni o‘qish, tafakkur qilish, muammolarning ildiziga yetish va yechimlarni topish — jamiyatga ham foydalidir, turli-tuman fikrlarsiz tafakkur o‘ladi, iqtisod inqirozga uchraydi, ma’naviyat parokanda bo‘ladi.

Matbuot rasman emas, faqat qog‘ozlardagina emas, real hayotda boshqa uchta hokimiyat bilan bo‘ylasha oladigan chinakam to‘rtinchi hokimiyat bo‘la olishiga ishonish mumkinmi? Buning uchun nima qilmoq kerak?

Matbuot, ommaviy axborot vositalari Konstitutsiyamizni jiddiy o‘qigan va tafakkur qilgan inson uchun haqqoniy to‘rtinchi hokimiyatdir. Bilasiz, shunday kasblar borki, yuz minglab, millionlab insonlar u bilan shug‘ullanadi, lekin ularning kasb-kori Konstitutsiyada tilga olinmagan. Konstitutsiyada Prezident va Vazirlar Mahkamasi, Sud va kuch ishlatar tizimlari hamda Ommaviy axborot vositalari alohida institutlar tarzida tilga olingan.

Ommaviy axborot vositalariga alohida bob bag‘ishlangan. Nari borsa, mingta atrofida OAV bo‘lsa va ularda besh-o‘ntadan odam ishlasa, besh yo o‘n ming kishining faoliyati Konstitutsiyaga kirgan. Ikkinchi tomondan, jurnalistika xuddi shifokorlik va muallimlik kabi ijtimoiy kasbdir, adolat va haqiqat uning o‘zagi bo‘lishi shartligidan kelib chiqib, unga Konstitutsiyaviy institut maqomi berilgan.

Yangi O‘zbekistondagi yangi islohotlar davrida ommaviy axborot vositlari yana o‘z vazifasini halol bajarishga taraddudlanmoqda. «To‘rtinchi hokimiyat» istilohiga kelsak, uch hokimiyat nima qiladi: qonun chiqaruvchi hokimiyat — davlat va jamiyat faoliyatiga asos bo‘ladigan qonunlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi, ijro hokimiyati va xalq shu qonunlar asosida ishlaydi, yashaydi va faoliyat yuritadi, sud hokimiyati davlat mansabdorlari va xalqning qonunlarni buzgan hollariga hakamlik qiladi va jazo beradi.

«To‘rtinchi hokimiyat» — ommaviy axborot vositalari esa bu uchta hokimiyat va jamiyatning hayotini shaffoflashtiradi, ularning o‘z vazifalarini amalga oshirishlariga ko‘maklashadi, kamchiliklarini oshkor qiladi, muammolarining yechimi saylovlarda qatnashganda, tafakkur bilan ovoz berishi uchun jamoatchilik fikrini shakllantiradi. Matbuotning hokimiyati — xalq fikriga ta’sir o‘tkaza olish kuchidadir.

OAVning to‘rtinchi hokimiyatga aylanishi qator omillarga bog‘liq.

Eng avvalo, siyosiy iroda kerak. Bu iroda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilmoqda va qayta-qayta da’vat etilmoqda. Agar bu siyosiy iroda bo‘lmaganda, bugungi aytilayotgan haqiqatlarga imkon bo‘larmidi?!

Ikkinchidan, OAV qonunlar takomillashuvi lozim. Masalan, tuhmat va haqorat degan jinoyatlarni g‘ayrikriminallashtirish taklifi amalga oshishi kerak. Bu qonunbuzarliklarning ma’muriy va fuqarolik kodekslarida bo‘lishi yetarlidir. So‘z uchun, fikr uchun qamoq jazosi bo‘lishi mamlakatda fikr erkinligiga hech qachon yo‘l bermaydi. Biror bir taraqqiy qilgan, madaniy xalqda va davlatda bunday modda mavjud emas, u faqat avtoritar va totalitar davlatlarda qolgan. Uni mansabdorlar tanqiddan qo‘rqqani uchun ushlab turadi va xalqqa esa shunday deydi: «Nahotki, sizga gazetada yoki internetda tuhmat yo haqorat qilishsa va jazosiz qolsa?!»

Avvalo, jazosiz qolmaydi — ma’muriy va fuqarolik kodekslariga ko‘ra jazolanadi, jarima to‘laydi, OAV yopilishi mumkin, qolaversa, OAV qonunchiligiga ko‘ra, yolg‘on ma’lumotlar raddiya qilinadi va fikrlarga javob bera oladi. Faqat so‘z uchun qamoq jazosi bo‘lmaydi, xolos. Agar bir jurnalist so‘zi uchun qamalar ekan, qolgan minglab jurnalistlar tanqiddan tiyiladi, jim o‘tirishni yoki maqtashni afzal ko‘radi. Maqtov esa «tiz cho‘kib qilinadigan qaroqchilikdir».

Uchinchidan, OAV menejmenti bozor iqtisodi sharoitiga o‘tishi kerak. Qonunchilikka ko‘ra, istalgan sohaga sarmoya kirita olasiz, lekin OAV sohasida chegara bor, nizom jamg‘armasida xorij sarmoyasi 30%dan oshmasligi kerak, bevosita biror matbuot xorijdan mablag‘ jalb eta olmaydi, avval «umumiy o‘ra»ga — Fondga tushishi kerak va u kimga berishni hal qiladi. Sarmoyador esa muayyan, aniq loyihaga pul beradi. Ko‘ryapsizki, matbuot sohasi bozor iqtisodining raqobat sharoitiga kira olmaydi. Tushunaman, bu cheklovlar avvalgi Shavkat Mirziyoyev aytgan «qo‘rquv davri»dan qolgan. Jamoatchilik fikriga xorij ta’sir o‘tkazmasin deyilgan. Biz endi adolatli va halol ish yuritsak, nimadan qo‘rqamiz?!

To‘rtinchidan, aynan xalqning oshkora fikrlashi va ongli qarorlar qabul qilishi haqiqiy barqarorlik va xavfsizlik asosidir. Ongsiz olomon xavfsizlik dushmanidir.

So‘nggi uch-to‘rt yilda o‘zbek matbuotida ancha jonlanish sezilayotgan edi. Biroq gazetalarda yana o‘sha «ura-ura» materiallar ko‘payib qolgani, saytlardan ayrim materiallarni imi-jimida olib qo‘yish holatlarini nima bilan izohlash mumkin?

Ko‘ryapmizki, so‘z erkinligining bor-yo‘qligi mamlakatdagi adolatning bor-yo‘qligini belgilaydigan omildir. Agar so‘z erkinligi bo‘lsa, iqtisod ham rivojlanadi, korrupsiya ham jilovlanadi. Lekin haqiqatni yozadigan jurnalistlar, blogerlar yana ta’qibga olina boshlansa, «o‘zimizga xos va o‘zimizga mos yo‘limiz» boshlanadi — korrupsiya, turg‘unlik va zulm avj oladi, dunyo yana bizga yovvoyi qabilaga qaragandek qaray boshlaydi, ijobiy jozibamizdan asar ham qolmaydi, reytinglarda yaqindagina oldinga chiqayotgan yerimizga, Afrika zanjilari qatoriga qaytamiz.

Biz boshdan kechirayotgan davrning o‘ziga xosligi shundaki, jamiyatda yangi islohotlar tarafdorlari va hammasini avvalgi holiga qaytarish harakatidagi eski kuchlar kurashmoqda. Bu eski kuchlar pastdan to eng yuqorigacha mavjuddir. Gazetalarda yana o‘sha «ura-ura» materiallar ko‘payib qolgani, saytlardan ayrim materiallarni imi-jimida olib qo‘yish holatlari shundan dalolatdir.

Saytlardan bu xabarlarning bitta-yarimtasi yo‘qolsa, buni avvaliga dadillik qilgan muharrirning qo‘rqoqligi bilan izohlasak bo‘lardi, lekin ularning birdaniga hammasidan olib tashlanishi masalaning anchayin kuchli shaxslar tomonidan olishga majburlanganini bildiradi. Lekin mamlakat rahbarining siyosati senzura emas, ochiqlikdir.

2020 yil 3 iyun kuni qashshoqlikni kamaytirishga bag‘ishlangan videokonferensiyada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni mintaqalarda olib borilayotgan islohotlar uchun maqtamaslikni so‘radi. 2020 yilga mo‘ljallangan davlat budjetida 410,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan Milliy teleradiokompaniya raisi Alisher Xadjayevga murojaat qilib: «Menga «Prezident shunday qildi», — deb maqtashga hojat yo‘q.

Islohotlar natijasida odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, qiziqish paydo bo‘ladi, «yer meniki» hissi paydo bo‘ladi. Islohotlarni shunchaki maqtov emas, balki amalda namoyish qiling», — dedi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ijobiy o‘zgarishlar prezident tufayli emas, balki islohotlar va qonunlarning ishlashi tufayli ro‘y beradi: «Sizga bir narsa aytishdan qo‘rqaman, siz darhol prezidentni maqtay boshlaysiz. Buning barchasi prezident tomonidan emas, islohotlar, qonun asosida amalga oshirilishini aytdim».

Oradan uch kun o‘tib, O‘zbekiston Prezidenti davlat agentliklari va davlatdan ta’minlanadigan yaltoqi teleradiojurnalistlariga qarata 6 iyun kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida «maqtovlar kerak emas»ligini ta’kidladi: «Men qisqa, sizlar ko‘proq gapirsalaringiz to‘g‘ri bo‘ladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov bo‘lib bo‘lgan — bu xalq ishonchi. Hali endi birinchi qadamlarni qo‘yayapmiz. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija bo‘lmaydi... Achchiq-achchiq masalalarni qat’iy qo‘yinglar».

Shu gaplardan so‘ng ham tanqidga, oshkoralikka, haqqoniy muhokama va muloqotlarga yo‘l bermaydigan rahbarlarning tafakkurida (agar fikrlasa) shunday xayollar bo‘lsa kerak: yo u asli qo‘rqoq, yo biz bilgandan ko‘ra ko‘proq narsani biladi. Qadimgi zamon faylasufi Ksenofont: «Rost gapirganim, tanqid qilganim uchun ko‘p balolarga uchradim, lekin maqtaganim uchun hech pushaymon bo‘lmadim», — degan. Bu uning kinoyasidir.

Prezident tanqid qilinglar, «achchiq-achchiq masalalarni ko‘ndalang qo‘yinglar», «maqtov kerak emas» deb turganda, yana maqtashda davom etadigan OAV rahbarlarining qilmishini, fikratini shunday izohlash mumkin:

birinchidan, u shunday fikrda: «Davlat rahbari bu chiroyli gaplarni gapirgani bilan, ich-ichidan oshkoralikni istamaydi, men uning gaplariga emas, ichki istagiga bo‘ysunaman va shu tufayli lavozimimda uzoq qolaman!»

Ikkinchidan: yoki: «Prezident, balkim, so‘z erkinligini istaydi, biz tanqid qilib ko‘rdik, lekin uning atrofida o‘tirganlar darhol burnimizni yerga ishqab qo‘yishdi, ularning qo‘li uzun va ular ko‘proq xabardor. Ko‘zimga qarab yurishim kerak!» U o‘nlab tanqidi tufayli yopilgan gazetalarni, ishidan ayrilgan bosh muharrirlarni, yuzlab haq so‘zi uchun qatag‘onga uchragan jurnalistlarni va blogerlarni misol qilib keltiradi, yana minglab maqtagani uchun o‘rnidan jilmay o‘tirgan nashr va ommaviy axborot vositlari rahbarlari va xodimlariga ishora qiladi.

Uchinchidan, yoxud: «Maqtasam, bitta davlat rahbariga yoqmasman, lekin minglab uning amaldorlariga yoqaman, davlatni aslida ana shu jim yurib, zimdan ishini yuritayotgan kuchlar tasarruf qilmoqda va ularga bo‘ysunsam, adashmayman!»

Men bu fikrlarning qay birida jon borligini bilmayman va, balkim, bilishni istamayman. Men Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Jamoat nazorati va ommaviy axborot vositalari erkinligi masalasida ortga qaytish bo‘lmaydi», degan so‘zlariga ishonaman, bir kuni korrupsionerlar va monopolistlar uni egib olishiga va hammasi avvalgi holiga qaytishiga ishonmayman, ishongim kelmaydi. Bu — romantika emas, balkim, so‘nggi imkoniyatdir.

Shu ishonch bilan tanqidiy maqolalarni yozdim, yozyapman va yana yozaman. Aks holda shu maqolani ham yozmasdim.

Karim BAHRIYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Jamoatchilik Kengashi raisi

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jurnalistdan hamma tanqid kutadi. Aslida tanqid kimga kerak?