06:30 / 25.06.2020
2 238

4 hududda yangi holatlar aniqlandi, Samarqandda yana aholi orasida virus chiqa boshladi

4 hududda yangi holatlar aniqlandi, Samarqandda yana aholi orasida virus chiqa boshladi
24 iyun kuni O‘zbekistonda 229ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 6901 holat) va 125 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 4685 bemorga javob berilgan, 19 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 2197 nafar bemor davolanmoqda.
Bugun 4 hududda - Toshkent shahri, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 239 holatdan (bu yangi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi) 207tasi karantin muassasalarida, 31tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 1 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+31)
Aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etildi - 18 holat. Toshkent shahrida so‘nggi marta 3 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanmagandi.

Bir kun oldin Toshkentda «Asaka bank» va «Ipak yo‘li bank» filiallari xodimlarida, Uchtepa tumanidagi avtopark haydovchisi, shuningdek, Olmazor va Yunusobod tumanlarida aholi orasida kasallanish holatlari aniqlangandi.

Bugun Samarqand viloyatida aholi orasida 8 holat qayd etilgan. Ushbu viloyatda so‘nggi kunlarda faqat karantinga olinganlar orasida virus yuqtirganlar chiqayotgandi - 17 iyundan buyon faqat bitta holat (21 iyun kuni) aholi orasida aniqlangan.

Toshkent viloyatida aholi orasida 5ta holat qayd etildi. Bir kun oldin viloyatning Chirchiq, Toshkent va Chinoz tumanlarida aholi orasida yangi holatlar aniqlangandi. Viloyatda qatorasiga sakkizinchi kun aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda.

Karantin (+207)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 125 holat aniqlandi.
Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 61 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 10 kishida virus chiqdi.
Samarqandda karantindagilardan 6 nafarida, Navoiyda esa 5 nafarida virus aniqlangan.

Haydovchilar (+1)
Toshkent viloyati hududida yana bir nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi virusga chalingani ma’lum bo‘ldi. Ushbu viloyatda 11 kundan beri xalqaro yuk tashuvchi mashinalar haydovchilari orasida uzluksiz ravishda kasallik aniqlanmoqda.

Tuzalganlar (+125)
Bugun Toshkent shahridagi 4ta tibbiyot muassasasida jami 116 bemor tuzalib chiqdi, shuningdek, Buxoro (6), Samarqand (2) va Andijonda (1) jami 9 bemor sog‘aydi, kun davomida 125 nafar bemorga javob berildi hamda shu vaqtgacha tuzalganlar soni 4685 nafarga yetdi. Anchadan buyon qatorasiga ikki kun davomida kunlik sog‘ayishlar soni 100dan oshiq bo‘lmoqda - 23 iyun kuni ham 115 nafar bemor tuzalgandi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2197 nafar bemordan 14 nafari og‘ir, 5 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
Hozirda mamlakatimizda uy karantinida 37 173 nafar, statsionar karantinda esa 22 890 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 4 hududda yangi holatlar aniqlandi, Samarqandda yana aholi orasida virus chiqa boshladi