19:13 / 28.06.2020
3 867

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan shifokor vafot etdi

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan shifokor vafot etdi
Toshkentdagi Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori A.U. 2020 yilning 14 iyun kunidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazidagi fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, faoliyati davomida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan shifokor 23 iyun kuni ahvoli og‘irlashib, dastlab Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, so‘ng esa Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga o‘tkir miokard infarkti tashxisi bilan yotqizilgan.

26 iyunda esa yurak, nafas va o‘pka yetishmovchiligi kuzatilib, ahvoli og‘irlashganligi uchun reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli O‘zbekistondagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining mutaxassislari tomonidan bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.

«Biroq kardiolog, pulmonolog, terapevt, virusolog, reanimatologlarning standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan», — deyiladi SSV axborotida.

Eslatib o‘tamiz, 15 martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 20 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgandi. Endilikda o‘lim holatlari soni 21 taga yetdi. Iyun oyida 6 nafar bemor hayotdan ko‘z yumdi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2020 yil 28 iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 7813 (+88) nafarni tashkil etgani xabar berilgandi. Kasallikdan forig‘ bo‘lganlar soni 5248 (+8) nafarni tashkil etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda koronavirusga chalingan shifokor vafot etdi