22:30 / 29.06.2020
2 010

Samarqandda ikki boshli chaqaloq tug‘ildi (foto)

Samarqandda ikki boshli chaqaloq tug‘ildi (foto)
Foto: Kun.uz
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda siam egizaklari tug‘ilgani haqida xabar tarqaldi. Kun.uz muxbirlari mazkur holatni o‘rganish maqsadida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lishdi.
Ushbu kamyob hodisa – ikki chaqaloqning bitta tanada rivojlanishi va dunyoga kelishi yuzasidan markaz bosh vrachi o‘rinbosari Dilshod Rahmonov bilan suhbatlashdik.

«Bu holat tibbiyot tili bilan aytganda, siam egizaklari deyiladi. Chaqaloq ayni vaqtda markazimizning reanimatsiya bo‘limida parvarishlanmoqda. Chaqaloq bir qator tekshiruvlardan o‘tkazildi. Aytish mumkinki, chaqaloqning ichki organlari ikkita tanaga tegishli, jinsiy a’zolarigina bittadan rivojlangan, shuningdek, bosh qismi ham ikkita.

Bu kasallik dunyoda juda kam kuzatiladigan holat. 200-220 ming holatda bir marta kuzatiladi. Hayotda bunday bolalar ko‘p yil umr ko‘rgani, masalan, 30-50 yoshga kirgan holatlari ham uchraydi. Lekin bizdagi holat biroz murakkab, ya’ni, tanasi to‘liq bitta bo‘lib ketgan. Shu sababli biz murakkab tekshiruvlarni o‘tkazishni rejalashtirib turibmiz. Hozirgi vaqtda bolaning umumiy ahvoli yomon emas, uni davolash choralarini ko‘ryapmiz. Ovqatlanish, qon aylanish holati yaxshi, hozircha faqat kislorod tanqisligi kuzatilyapti. Kelgusida chaqaloqning yashab ketishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz, albatta
», dedi D.Rahmonov.

Foto: Kun.uz
Shifokorlarning aytishicha, bola dunyoga kelishidan avval ikki marta – 16-21 haftalik davrida skrining tekshiruvi o‘tkazilgan. Bolalarning rivojlanishi mutaxassislarga ma’lum bo‘lgan va chaqaloqning qo‘shaloq tug‘ilishi haqida ota-onasiga xulosa berilgan. Ammo ota-onasining talabi bilan chaqaloq tug‘ruq jarayonigacha yetib kelgan. Tug‘ruqdan oldin ham vaziyat aniq bo‘lgani uchun shifokorlar kesish amaliyotini qo‘llashgani aytildi.

Ayni vaqtda ona tug‘ruq bo‘limida shifokorlar nazoratiga olingan.
«Bu holatga bir qator omillar sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh, onalarning yoshi o‘tgandan keyingi tug‘ruq holatlarida bunday holat kuzatiladi. Bundan tashqari, turli radiatsiya nurlari va ekologiya buzilishida ham siam egizaklari dunyoga kelishi mumkin», deydi shifokor.

Markaz shifokorlari faoliyati davomida birinchi marta shunday holatga duch kelishganini ma’lum qilishdi. Shu sababli nafaqat mamlakatimizdagi malakali shifokorlar, balki tibbiyot rivojlangan mamlakatlar tajribasidan ham foydalanish rejalashtirilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)