12:47 / 30.06.2020
3 574

Koronavirusga chalingan bemorlar uch toifaga ajratiladi

Koronavirusga chalingan bemorlar uch toifaga ajratiladi
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar uch toifaga ajratilmoqda. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining 30 iyun kuni e’lon qilingan axborotida ma’lum qilingan.
Koronavirusga chalingan bemorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:
- koronavirus infeksiyasining yengil shakllari aniqlangan (kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan) bemorlar;
- koronavirus infeksiyasi o‘rtacha og‘ir kechayotgan (tana harorati ko‘tarilayotgan) bemorlar;
- koronavirus infeksiyasi og‘ir kechayotgan bemorlar.

Joriy yil 5 iyul sanasidan boshlab koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash bilan bog‘liq quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etilmoqda:
  • kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda, uy sharoitida davolanishiga ruxsat etiladi;
  • shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda nazoratdan chiqarish amaliyoti joriy etiladi;
  • koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganlar 14 kunlik karantin muddatini uy sharoitida yoki tasdiqlangan ro‘yxatga asosan mehonxonalarda barcha sanitariya-epidemiologiya va karantin cheklovlariga rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi;
  • birlamchi skrining test tahlillari musbat natija bergan namunalarni tasdiqlash tahlillarini o‘tkazish vakolati Bosh sanitar shifokor ko‘rsatmalaridan kelib chiqib hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga beriladi;
  • aholining populyatsion ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida koronavirus antitanachalariga IFA tekshirishlariga, davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda, xususiy sog‘liqni saqlash sektoridagi tibbiyot muassasalari ham jalb etilishi mumkin.

«Yuqoridagilardan kelib chiqib, kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlarni uy sharoitida davolash va parvarishlash tartibi ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi», deyiladi komissiya axborotida.

Shuningdek, ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar va karantinga olingan muloqotdagilarni yashash manzili bo‘yicha qat’iy nazorat olib boriladi.

Kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlarni uy sharoitida davolash va parvarishlash tartibini buzgan fuqarolarga nisbatan epidemiyalarga qarshi kurash talablarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralari qo‘llanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirusga chalingan bemorlar uch toifaga ajratiladi