20:53 / 01.07.2020
6 037

“Mening ismim Gulya...”

“Mening ismim Gulya...”
“Assalomu alaykum!
Ismingiz nima?”

Turli vaziyat, turli tillarda yangraydigan bu savolga, tabiiyki, javoblar ham turlicha bo‘ladi:

Birinchi holat:
– Ismingiz nima?
– Ismim Farhod.
– Ruschasiga Fedya bo‘ladimi?
– Ruschasiga ham Farhod bo‘ladi!

Ikkinchi holat:
– Ismingiz nima?
– Maftuna. Siz Masha deyishingiz mumkin.

Uchinchi holat:
– Ismingiz nima?
– Gulya.
– Gul… nozami, Gulnorami, Gulshanmi?
– O‘zbek tilida gapiryapman, shekilli, tushunmadingizmi? Gul-ya, i vsyo!

Negadir rusiyzabon odamlar bilan tanishganimizda ismimizni ularga “qulaylashtirib” beramiz. O‘zimiz esa, har qancha tilimizga yot bo‘lmasin, istalgan millat vakilining ismini xatosiz talaffuz qilamiz.

Nega?
Boshqa tildagi ismlarni aynan talaffuz qilish fazilatdir, o‘z ona tilidagi ismni o‘zgartish-chi?

Bugun ismingizni boshqalar aytishi uchun osonlashtirib o‘zgartirib berdingiz, ertaga tilingizni, indinga uyingizni o‘zga xalq vakillari didiga moslab berasiz, keyin-chi?

Nega biz Uolterni Valter deb qo‘ya qolmadik? Nega Thokurni Tohirjon demaymiz? Nima uchun Joannani Jannatoy deb chaqirmaymiz?

Chunki biz – o‘zbeklar barcha millatni hurmat qilamiz, ularning ismini ham buzib talaffuz qilmaymiz. Muammo shundaki, endi ularni ham bizni hurmat qilishga o‘rgatishimiz kerak.

Ismingiz Dildorami, qiynalib bo‘lsa ham, bir-ikki marta Dildora deyishsin, uchinchi martadan o‘rganib olishadi…

Keyin esa urf-odatlaringizni, o‘zbekona udumlarni ham hurmat qilishni boshlaydi. Kerak bo‘lsa, o‘zbek tilida binoyidek gapirishni ham o‘rganib oladi. Balki, tilimiz dunyo tillaridan biriga aylanib ketsa ham, ajab emas.

Ota-onalarimiz ezgu niyatlar bilan chiroyli ismlar tanlaydilar. Ularning orzularini mensimaslikka bizning haqqimiz yo‘q, boshqalarga ham ismimizni kamsitib qo‘ymasligimiz kerak.

Ismlarimizni turli xil shaklda qisqartirishlariga, o‘zgartirishlariga esa doim bir so‘z bilan javob bersak, to‘g‘ri bo‘ladi: “YO‘Q!!!”

Buni qarangki, shu qisqartirishlarning o‘zi ham yurtimizning turli hududlarida turlicha ekan. Masalan, Nilufar Xorazmda Nilli, Toshkentda Nilu, Buxoroda Nili yoki Nilish yana qayerlardadir NIMALARDIR bo‘lar ekan… Lekin hech biri ota-onasi suyib-erkalab qo‘ygan Nilufar nomining o‘rnini bosa olmasligi aniq.

Keling, turli viloyatda turlicha qisqartirib, turli tilda turlicha o‘zgartirmaylik-da, ota-onamiz, bobo-buvilarimiz qo‘ygan ismlarni ona tilimizning bir parchasi sifatida e’zozlaylik.

O‘zbek uchun hech bir til o‘zbek tiliday aziz bo‘lmaganidek, ismi ham hech bir yot tilda o‘zbek tilidagiday jaranglamaydi.
Tanishib qo‘yaylik, mening ismim ruschasiga ham, inglizchasiga ham, ispanchasiga ham, qo‘yingki, xitoychadayam OYNISA,
Sizniki-chi?

Oynisa Hojiyeva

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Mening ismim Gulya...”