07:49 / 07.07.2020
3 128

To‘rt hududda aholi orasida yangi holatlar qayd etildi

To‘rt hududda aholi orasida yangi holatlar qayd etildi
6 iyul kuni O‘zbekistonda 342ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 10362 holat), 106 nafar bemor sog‘aydi, 3 kishi vafot etdi. Shu vaqtgacha 6690 bemorga javob berilgan, 37 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 3697 nafar bemor davolanmoqda. Bugun kunlik o‘sish bo‘yicha yangi rekord qayd etildi.

Kecha 5 hududda - Toshkent shahri, Namangan, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Kechagi 342 holatdan 204tasi karantin muassasalarida, 116tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 22 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+116)
Bugun 4 hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlangan. Aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etildi - 101 holat. Poytaxtda 4 iyun kunidan buyon uzluksiz ravishda aholi orasida koronavirus aniqlanib kelinmoqda.

Namangan viloyatida aholi orasida yana 10 kishida virus aniqlangan. Viloyatda shu vaqtgacha 321ta holat qayd etilgan, ayni vaqtda shifoxonalarda 24 bemor davolanmoqda.

Kecha Farg‘ona viloyatida aholi orasida 3ta holat qayd etildi - Farg‘onada may oyi boshidan buyon yangi holatlar qayd etilmayotgan, viloyat 14 maydan buyon koronavirusdan xoli hudud hisoblanib kelayotgandi.

Shuningdek, Andijonda aholi orasida 2 kishida virus chiqqan.

Karantin (+204)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 76 holat aniqlandi.
Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 46 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi. Poytaxtda kun davomida jami 147ta holat aniqlandi.

Andijon viloyatida karantinga olinganlardan 78 nafarida virus chiqqan. Viloyatda bugun jami 80ta yangi holat qayd etildi.
Shuningdek, Namangan viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 4 kishida virus chiqdi.

Haydovchilar (+22)
Toshkent viloyatida 20 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, Namanganda ham 2ta holat qayd etilgan.

Tuzalganlar (+106)
Kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 106 nafar fuqaro sog‘aydi va shu vaqtgacha kasallikdan forig‘ bo‘lganlar soni 6690 nafarga yetdi.

O‘lim (+3)
Kecha O‘zbekistonda qatorasiga ikkinchi kun bir kunda 3 o‘lim holati qayd etildi. Ulardan ikki nafari erkak va bir nafari ayoldir.

Toshkentda 1 iyul kuni koronavirus tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan 67 yoshli erkak olamdan o‘tdi. Bemorga o‘tkir miokard infarkti, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 2-darajasi, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi tashxisi qo‘yilgan.

Toshkentda 2 iyul kuni koronavirus aniqlangan 43 yoshli bemor vafot etdi. Unga «Ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi 2-daraja, semizlikning 3-darajasi» tashxisi ham qo‘yilgandi.

Shuningdek, 19 iyun kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan 86 yoshli bemor koronavirus tufayli olamdan o‘tdi. Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 37-o‘lim holati bo‘ldi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3697 nafar bemordan 25 nafari og‘ir, 13 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » To‘rt hududda aholi orasida yangi holatlar qayd etildi