19:53 / 09.07.2020
2 483

Nurmat Otabekov: «Ma’lumotlarga shakl-shamoyil berib, qanot-quyruq tikmaylik»

Nurmat Otabekov: «Ma’lumotlarga shakl-shamoyil berib, qanot-quyruq tikmaylik»
Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekov Respublika maxsus komissiyasining karantin choralarini kuchaytirish borasidagi qarori yuzasidan brifingda jurnalistlarga murojaat qildi.

«Biz bugun sizning xizmatingizdan manfaat kutyapmiz. Biz sizning xizmatingizga mushtoqmiz. Sizning ko‘magingizni juda ham xohlayapmiz. Berilayotgan ma’lumotlarni to‘g‘ri yetkazaylik, olib boraylik, unga har xil shakl-shamoyil qo‘shmaylik, qanot-quyruq tikmaylik. Eshityapmiz, bugun u qo‘shnimiz, ertaga bu qo‘shnimiz, kasbdoshimiz kasal bo‘lyapti, shifoxonaga yotyapti. Ertaga siz yoki biz ularning o‘rnida bo‘lib qolmasligimiz uchun hamjihatlikda qiladigan ishlarimiz bor», — deydi Otabekov.

Shuningdek, bosh inspektor agar berilayotgan tavsiyalar bajarilmasa, o‘zboshimchalik, bepisandlikka yo‘l qo‘yilsa, vaziyat jiddiylashib ketishi, kun kelib derazadan ko‘chaga qarab qoladigan vaziyat bo‘lishidan ogohlantirdi.

«Sog‘ayib chiqqan odamlarni emas, kasallik bilan kurashib yotgan odamlardan, kasallikka chalinib, og‘ir o‘tkazib, bazo‘r salomatligini tiklab, endigina oilasining bag‘riga kelgan odamlardan intervyu olish kerak. Ular o‘z kechinmalarini gapirib bersa, nazarimda, aytganga nisbatan ko‘proq samara beradi», — deydi Otabekov.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, professor Habibulla Oqilov ham ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarni izohladi.

«Aksariyat mushtariylarimiz vaziyatni to‘g‘ri tushundik, deyishyapti, ammo bir qism odamlarda haliyam izohlarni o‘qiganda noto‘g‘ri tushungan yoki mensimagan, jiddiyligini tushunmayotgan holatlar ham yo‘q emas. Izohlarni o‘qisangiz, ‘O‘zi bormi koronavirus, yon-atrofimda hech kimda bo‘lmadi, bular nimani gapirib yotibdi, bularning o‘zini jarimaga tortish kerak, niqobsiz o‘tirib gapirib yotibdi’, deb yozishgan», deydi Oqilov. Mutaxassis studiyada so‘zga chiqqan ishtirokchilarning niqob yechib qo‘yilishi holatini matbuot anjumanida ma’lumotlarni efirda aniq-tiniq yetkazib berish zarurati bilan izohladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10 iyuldan 1 avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilinadi. 10 iyuldan to‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlanadi, avtotransport harakati cheklanadi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopiladi, xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartiriladi, koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganlarga tibbiy yordam berish uchun mobil guruhlar tashkil etiladi, O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi «qizil» bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nurmat Otabekov: «Ma’lumotlarga shakl-shamoyil berib, qanot-quyruq tikmaylik»