12:39 / 11.07.2020
4 531

Uch pora Qur’on yodlagan melisa

Uch pora Qur’on yodlagan melisa
Ayni yoz oylarida Jo‘shqinboy o‘z ijodiy jamoasi bilan go‘zal poytaxtimizning gavjum metro bekati atrofida ko‘rsatuv tasvirga olib yurgandi.

Bu ijodiy jamoa negadir melisa xodimlarining e’tiborini darrov tortadi. Ular ham darrov kelib hujjatlarni so‘rashadi. Ular buni hammasining yuzlariga bir tutam jundan deb "yomon gumon" qilishadi. Bir birlarini yomon gumon qilishdan ehtiyot qilib, hujjat so‘rash ularning vazifasi deb, o‘zlariga o‘zlari dalda berishadi.

Jo‘shqin ham, ijodiy jamoa ham bunaqa holatlarga ko‘nikib qolishgan. Melisa xodimlari bilan bajonidil muloqot qilishib, ularga ko‘rsatuvni, uning maqsadini erinmasdan tushuntirishdan charchamaydilar. Gohida bir ko‘rsatuvni olishda jonajon melisa xodimlari takror-takror kelib, ularning hujjatlarini tekshirib ko‘rishadi.

Xullas, o‘sha gavjum metro bekatida har doimgi holat yana takrorlandi. Melisa kelib hujjatlarni, bu kanal o‘zi nima ish bilan shug‘ullashini surishtirib ketdi. Jo‘shqin ham muloyimlik bilan hammasini tushuntirdi. Melisa keyin tasvirga olinayotgan ko‘rsatuv haqida so‘rab qoldi. Jo‘shqinboy: - Bu ko‘rsatuvda 4 ta savol beramiz, hammasiga javob bersangiz sovg‘a beramiz dedi.

- Qanaqa savollar beriladi, - deb so‘radi melisa battar qiziqib.
- Shu oddiy, diniy-ma’rifiy savollar, - deb javob berdi Jo‘shqinboy. Melisa aniq qanaqa savollar dedi.

- Islom tarixiga oid savollar, - dedi Jo‘shqinboy.
Melisa biroz muddat o‘ylanib qoldi. Keyin: “Men ham qatnashsam bo‘ladimi?” dedi.

- Eee nega bo‘lmas ekan, albatta bo‘ladi,- dedi Jo‘shqinboy xursand bo‘lib.
Melisa yana o‘ylanib qoldi.

- O‘zi aynan qanaqa savol berasizlar, - dedi. Jo‘shqin savollardan bir ikkitasini aytdi. Melisa men bularni javobini bilaman dedi. Jo‘shqinboyning hayrati oshib borayotgan edi. «Aka, unda keling, qatnashing», dedi.

Melisa biroz o‘yga botib, formasini ko‘rsatib, ish vaqti, keyin mana bu forma deb, kiyimga ishora qildi.
Jo‘shqin: “O‘ynayvering, hechqisi yo‘q, agar forma xalaqit berayotgan bo‘lsa, yechib chiqing, biz kutib turamiz...” dedi hayrati oshib.

Melisa: - Savollarga javoblarni bilamanu, lekin xizmatdaman, - dedi afsus bilan.
- Qatnashsangiz zo‘r bo‘lardi, - dedi Jo‘shqin hafsalasi pir bo‘lib.

- O‘zi qatnashgim juda kelyapti. Men Qur’ondan ham uch pora yod olganman, - dedi melisa qatnasha olmayotganidan nadomat qilib.
Vaqt tig‘iz, ko‘rsatuv olinishi kerak, Jo‘shqin yana aytib ko‘rdi, melisa ko‘nmadi, formasi xohishidan ustunlik qildi shekilli.

Jo‘shqin melisadan uzoqlashib, ijodiy jamoa tomon yurdi va darrov taassurotlarini ijodiy jamoaga yetkazdi. Ular ham Jo‘shqin kabi lol bo‘lib qolishdi. «Yo‘g‘e, bo‘lishi mumkinmas, agar shunaqa bo‘lsa, qanday go‘zal ekan», degan gaplar bo‘ldi. Melisa ular uzoqlashib ketayotganda ham ko‘zini uzmasdan qarab turardi.

Jo‘shqin u tomonga qarab: "Birodar, qatnashsangiz zo‘r bo‘lardi-da" deb qo‘ydi ichida.
«Alloh har bir narsaga qodirdir» («Baqara» surasi, 20-oyat).

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni (boshqalarga) o‘rgatuvchilaringizdir”. Imom Buxoriy rivoyati.

Yorqin Xalil

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uch pora Qur’on yodlagan melisa