19:53 / 11.07.2020
4 699

Kovid bo‘lmasa bu nima? O‘zbekistonda koronavirus simptomidagi boshqa kasallik tarqaldimi?

Kovid bo‘lmasa bu nima? O‘zbekistonda koronavirus simptomidagi boshqa kasallik tarqaldimi?
Oilaviy gripp bo‘lganimizga mana 14 kun bo‘ladi. Hali qutulolganimiz yo‘q. Uchinchi yoki to‘rtinchi kuni Chilonzordagi SESga analiz topshirishga bordik.

Pasportimizni o‘sha yerdagi oshxonaga o‘rnatilgan kserokopiyada nusxalatdik. Shundoqqina oshxonaga kirishda. Tasavvur qilayapsizmi, bu kserokopiyadan nechta kovid bo‘lgan odamning pasporti nusxalanganini. Odamlar bir-biriga juda yaqin turibdi. Navbat juda katta. 3, 4 kundayam javobi chiqmaganlar asabiylashib, jig‘ibiyroni chiqib ortiga qaytayapti va nihoyat bizning ham navbatimiz keldi. Amallab analiz topshirdik, oxirgi lahzalarda. Kovidning javobi to‘rt kun deganda chiqdi.

Shu to‘rt kun ichida boshimizdan o‘tgani mayli, ko‘nglimizdan nimalar kechganini o‘zimiz bilamiz. Barchamizda harorat tushadi, chiqadi. Tomoqda qichishish, holsizlik, mushaklarda og‘riq. Uchinchi kuni hammamiz ta’m va hid sezishni yo‘qotdik. Xullas, 4 kun deganda javobi chiqdi — manfiy. Biz juda xursand edik. Garchi hali ahvolimiz yengillashmagan bo‘lsa-da, hamon shuncha davo choralarini ko‘rayotgan bo‘lishimizga qaramay, na og‘irlashmagan na yengillashmagan bo‘lsak-da, kasallik kovid emasligidan xursand edik.

Lekin mana oradan 10 kun o‘tdi. Haliyam ta’m bilmayapmiz, hid bilmayapmiz. To‘g‘ri, issig‘imiz ko‘tarilmayapti, ammo holsizlik, charchoq davom etmoqda. Hammamiz ozib ketdik, ko‘zlarimizning tagi chuqurlashib qorayib ketdi...

Internetda 20 dan ortiq video ko‘rdim, maqolalarni o‘qidim. Bizda aynan o‘sha simptomlar kuzatildi — mushak og‘rig‘i, ta’m bilmaslik, hid bilmaslik, tomoq qichishi, quruq yo‘tal, hatto o‘g‘limda ba’zi manbalarda aytilanidek, diareya kuzatildi.

Yana bir gap. Bizdan uchta o‘rin oldinda topshirganlarning biridan kovid chiqibdi. Javobini bilishga borganimizda eshitdik. Uning qog‘ozlarini olib ketishga kelgan sherigi ayol shunday dedi: «Kovid chiqqan bo‘lsa, nega hech kim xabar olmayapti, issig‘i tushmayapti», dedi. Tasavvur qilayapsizmi, kovid chiqqan o‘sha insonning pasportini hamshiralar ushlab registratsiya qilgan, undan keyin navbatdagi boshqa odamlarning pasportini ushlagan, demak yana bir nechta odamga kovid yuqqan bo‘lishi mumkin.

Aptekalarda bir necha bor kuzatdim. Hamma «arbidol», «ergoferon», «paratsetamol» kabi dorilarni to‘xtovsiz olishmoqda. Ulardan so‘rasam grippmiz deyishdi. Lekin biror joyda O‘zbekistonda shunaqa gripp ham tarqagani haqida mutaxassislar ogohlantirishlar bilan chiqmadi? Deyarli hammada kovidning simptomlari kuzatilmoqda. Aynan shunday. Shuncha yil gripp bo‘lib, hali bunaqasini ko‘rmaganmiz. Haliyam o‘zimizga o‘zimiz «bu nima edi» deb hayratlanayapmiz.

Yana bir xavotirli statistika qayd etilishicha, joriy yil iyun oyi o‘rtalarida Qozog‘istonning Chimkent, Oqto‘be va Atirau viloyatlarida zotiljamning noma’lum turi bilan kasallanish holati sezilarli darajada ko‘paygan. Bu borada o‘lim ko‘rsatkichi COVID-19dan ham kattaroq. Ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning birinchi yarmida Qozog‘istonda zotiljamdan 1772 kishi vafot etgan. Iyun oyining o‘zida esa 628 ta o‘lim holati qayd etilgan.

Hozir hech kimning bo‘yniga hech narsani qo‘ya olmaymiz. Shifokorlar vaqtida kelmadi, deb jar sololmaymiz. Ularning javobi tayyor — «bemor kech murojaat qilgani uchun og‘irlashdi», «uyida o‘zini o‘zi davoladi», «qo‘shimcha kasalliklar mavjud edi» va.hk. Dod desangiz ham, voy desangiz ham sizni eshitadigan odam yo‘q.

Poliklinikalarga chiqsangiz, bahonasi karantin yoki issig‘i chiqqan bemordan yovdan qochganday qochishadi. Tez yordamni chaqirsangiz kelmaydi yoki paratsetomol bilan issiqni tushirishni maslahat beradi. Test topshiray desangiz 4-5 kunda javobi chiqadi, kovid yuqtirgan odam javobi chiqqunicha yo u yoqlik, yo bu yoqlik bo‘ladi. Pullik testlar bir oilada, aytaylik, to‘rt yoki besh kishi topshirsa narxi bir milliondan oshib ketadi. Usiz ham karantinda ishsizlikdan qiynalib o‘tirgan odamlar tavakkal qilishdan, hech qayerga murojaat qilmasdan uyda O‘Z BILGANICHA davolanishdan boshqa chora ko‘rmaydi. Va buning oqibatida uyda davolanayotgan, og‘irlashgach shifoxonada vafot etayotgan bemorlar soni ko‘paygandan ko‘payaveradi.

Mutaxassislardan javob kutib qolamiz, aholi orasida keng tarqalayotgan, kovidga aynan o‘xshash simptomlar bilan kechayotgan gripp kovid bo‘lmasa nima???

Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)