18:15 / 12.07.2020
3 582

"Tonggacha Xudo, deb dodlab chiqdim" — koronavirusdan sog‘aygan samarqandlik shifokor

"Tonggacha Xudo, deb dodlab chiqdim" — koronavirusdan sog‘aygan samarqandlik shifokor
Samarqandlik shifokor Erkin Hakimov koronavirusdan sog‘aygach, boshidan o‘tkazganlarini hikoya qilib berdi. U VVS o‘zbek xizmati bilan suhbatda koronavirus odam organizmida qanchalik qiyin o‘tishi haqida aytib berdi.

Ramazon vaqti edi...
«Tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida kombustologiya-kuyganlar bo‘limida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayman. Kasallik shaxsan menda qanday o‘tganini aytadigan bo‘lsam, boshim kuchli og‘ridi. Ro‘za tutib yurardim, ramazon oyi vaqti edi. Avvaliga ro‘za tutganim uchun shunaqa bo‘lyapti degan chalg‘ish bo‘ldi. Asta-sekin madorim quriy boshladi. Lekin har kuni tana haroratimni o‘lchardim – 36,7-36,8 chiqardi. Shu tarzda bir-ikki kun o‘tdi.

Hech esimdan chiqmaydi, 8 may, shanba kuni navbatchi edim. Kechasi bilan bezovta bo‘lib, tana haroratim ko‘tarilib chiqdi. Juda holim yomon bo‘ldi, yurishga madorim yo‘q edi. Shifokor bo‘lganim uchun o‘zim kerakli dori-darmonlarni qildim. Uyga kelganimda esa turmush o‘rtog‘imda ham bezovtalik, tana harorati ko‘tarilishi kuzatilyapti. Bolalarimdan so‘rasam, ularda ham shunday.

Xullas, uchinchi kun menda aniq koronavirus alomatlari yuzaga chiqa boshladi. 11 may kuni meni Samarand viloyatidagi infeksion kasalliklar shifoxonasiga yotqizishdi. Bir kun qarab ko‘rishdi – ahvolim yomon, o‘zim menga ukol-dori qilmasalaring bo‘lmaydi, deb aytdim».

«Tun bo‘yi o‘lim bilan olishdim...»
«Odamlarga vahimali tuyulmasin deyman-u, lekin aytishim kerak – bu bor narsa va og‘ir o‘tadi. Ayniqsa, ortiqcha vaznga ega yoki biror kasalligi bor odamlarda, vaqtini o‘tkazib yuborsa, yashirsa, og‘ir o‘tadi. Men o‘zim 9 maydan 10 mayga o‘tar kechasi o‘lim bilan olishib chiqqanman. Shu darajadaki, nafas ololmayman. Xudo deb tong ottirdim. Ayolim boshimda o‘tirib chiqdi, o‘zining ham mazasi yo‘q, ammo kechasi bilan kuzatib chiqdi, har zamon turtib-turtib nima bo‘lyapti sizga deydi, men esa hech narsani bilmayman».

Kasallikning yuqishi
«O‘sha vaqtlarda karantinga olingan Toyloq tumanidan ikki yashar 60 foizi sutga kuyib qolgan og‘ir bemor keldi. Uni olib kelishgan shifoxona karantinga olingan edi. Lekin ahvoli o‘ta og‘ir, uni saqlab qolish kerak edi. Shu sababdan bemorni bizga o‘tkazishgan. Onasi ham shu yerda edi, bemor bilan ham davolash uchun muloqot qildik. Asosiy taxminimiz shu».

Kasallik qanday kechdi?
«23 kun viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida yotgan bo‘lsam, 12 kunim jonlantirish bo‘limida o‘tdi. Undan oldin bir kun oddiy bo‘limda yotgandim, ahvolimni ko‘rib jonlantirish bo‘limiga olishdi. Gapirsam, sal harakat qilsam, yo‘talib, nafas yetmay qolardi. Umuman olganda, yuqori nafas yo‘llarim to‘liq pnevmoniya bilan kasallangan ekan. Endi hamma joyda har xil odam bor-da. Masalan, menga yaxshi qarashdi. Vaqtida barcha muolajalar bo‘ldi.

23 kun deganda tuzalib shifoxonadan chiqib ketgach, 7 kun reabilitatsiyada bo‘ldim. Mana, hozir ko‘rib turibsiz, yuguryapman ham. Har kuni doimiy gimnastika bilan shug‘ullanaman. O‘g‘illarim bilan tennis, futbol o‘ynayman. Mol-holga qarayman, ularga o‘t o‘raman».

«Kasallik alomati qolmaydi, agar...»
«Agar kerakli reabilitatsiya ishlarini qilsangiz, hech qanaqa asorat qolmaydi. Reabilitatsiya qanday kechadi? Masalan, biz ikkovimiz (turmush o‘rtog‘i nazarda tutilmoqda) ham qonni suyultiruvchi dori, kardiomagnil ichyapmiz. Oqsilga boy taomlar iste’mol qilib, uglevodni kamaytiryapmiz. Suyuqlikni ko‘proq ichamiz va albatta jismoniy tarbiya. Jismoniy harakatni ko‘paytirganmiz. Hozir biror-bir asorat o‘zimda sezilmaydi, hansirash yo‘q, boshqa noqulayliklar yo‘q.

Shifoxonada yonimda yotgan, sun’iy nafas berish apparatiga ulangan bemorni ham ko‘rdim. Qandli diabeti bor, ahvoli og‘ir edi, vafot etdi... O‘tkazib yuborgan ekan. Masalan, men shifokor bo‘lganim uchun, simptomlarini tez sezdim, ta’m bilmay qoldim, hid sezmay qoldim. Tibbiyotdan bexabar yoki o‘zidagi holatda befarq qaragan odamga juda og‘ir kechadi bu.

Ko‘pchilik oldingi isitmalardan kelib chiqib o‘tib ketadi deb aldanib qolishadi. Lekin bu kasallikda virus borgan sari o‘pkaga chuqur joylashib olarkan. Hushyor bo‘lmasangiz, qiyin bo‘ladi. Boshqa viruslardan farqi tez yuqishi va og‘ir asoratlar beradi. Masalan, grippni oyoqda yurib ham o‘tkazib yuborish mumkin. Gripp bo‘lganingizni tez sezasiz va tez tuzalasiz. Lekin koronavirus juda sekin seziladi va odam sekin tuzaladi».

«O‘zi shu narsa bormi?», deb so‘rashadi»
«O‘zim har ikki-uch yilda bir gripp bo‘lib olaman. Ammo bu grippdan farq qiladi. Avvaliga 37dan oshgan tana haroratingiz borgan sari ko‘tarilib ketaveradi. Boshqa kasalliklardan farqi ham shu – sekin kuchayib boraveradi. Nafas yetishmovchiligi oshib boradi. Mendan «O‘zi koronavirus bor narsami?», deb so‘rashadi. Iye, qanaqasiga bo‘lmasin? Hid bilmay qolasiz, ta’m bilmaysiz. Hatto sarimsoqning hidini sezmay qolasiz».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Tonggacha Xudo, deb dodlab chiqdim" — koronavirusdan sog‘aygan samarqandlik shifokor