20:38 / 12.07.2020
1 986

Xorazmda avtomobil ruliga zanjirband holda suv ostidan topilgan haydovchi o‘z joniga qasd qilgani aniqlandi

Xorazmda avtomobil ruliga zanjirband holda suv ostidan topilgan haydovchi o‘z joniga qasd qilgani aniqlandi
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati
Shu yilning iyun oyida Xorazm viloyatidagi Shovot kanalidan «Tiko» rusumli avtomobil va uning ichidan rulga zanjirband holdagi murda topilgan edi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, avtomobilning davlat raqamlari asosida uning Hazorasp tumanida yashab kelgan 34 yoshli T.Q.ga tegishli ekani aniqlangan.

Marhum shu yil 27 mart kuni uyidan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan va qidiruvga berilgan edi. 17 aprelda Hazorasp tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro T.Q. bedarak yo‘qolgani holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi, shuningdek, ruhiy-asab kasalliklari dispanseri ekspertizasi natijalariga ko‘ra, so‘nggi yillarda marhum T.Q.ning ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar va o‘zini o‘ldirishga moyillik bo‘lgani aniqlangan.

Tergov-tezkor harakatlar davomida to‘plangan dalillarga ko‘ra, T.Q. 27 mart kuni bir necha marotaba Shovot kanalining suv taqsimlash inshooti atrofida bo‘lgani aniqlangan. Unda o‘z joniga qasd qilishga moyillik bo‘lgani sababli, T.Q. suvga cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin degan taxminda inshoot hududidagi suv to‘silgan va qutqaruv xizmati xodimlaridan iborat guruh tomonidan kanalda qidiruv ishlari o‘tkazilgan.

Natijada suvdan «Tiko» rusumli avtomobil va uning ruliga zanjir bilan bo‘ynidan bog‘langan T.Q.ning murdasi topilgan.
Avtomobil ko‘zdan kechirilganda, ichkaridan qulflangani, o‘t oldirgichi yoniq holatda bo‘lgani, uzatkichi harakatlanish holatida bo‘lgani va avtomobil salonida yangi sotib olingan 2ta qulfning qutisi borligi aniqlangan.

Bu holatlar bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlarida T.Q. qulflarni va zanjirni 27 mart kuni Hazorasp tumani Yangibozor qishlog‘i hududidagi savdo shoxobchasidan sotib olgani aniqlangan.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasida T.Q.ning badanida jarohat izlari yo‘qligi, uning o‘limiga nafas yo‘llariga suv kirishi oqibatidagi mexanik asfiksiya sabab bo‘lgani aniqlangan.

Shulardan kelib chiqqan holda, T.Q.ning bedarak yo‘qolgani va 4 iyunda murdasi topilgani holatida jinoiy hodisa yuz bermagani qayd etilib, jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-qismiga asosan tugatilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)