00:23 / 13.07.2020
3 493

30 kishilik to‘y taassurotlari: yangi kelin olgan oila xonadoniga tashrif

30 kishilik to‘y taassurotlari: yangi kelin olgan oila xonadoniga tashrif
Foto: Kun.uz
Xalqimizda bir yomonlikda bir xayr bor, degan naql bor. Pandemiya tufayli mamlakatimizda dabdabadan, isrofgarchilikdan xoli fayzli to‘ylar o‘tkazila boshlandi.
10 iyuldan yana qat’iy karantin boshlanguniga qadar, kamchilik bilan bo‘lsa-da uyida to‘y o‘tkazayotgan hamyurtlarimiz haqida tez-tez eshitib turgan edik.

Bir necha kun oldin xalqimiz uchun mutlaqo noodatiy tarzda o‘tayotgan to‘ylar haqida ko‘proq tasavvurga ega bo‘lish maqsadida Yunusobod tumani G‘ayratiy mahallasida bo‘lib, yaqinda 30 kishilik to‘y o‘tkazib kelin olgan xonadon egalari bilan suhbatlashdik deb yozadi Kun.uz nashri.

— Assalomu alaykum! Eshitimizcha, yaqinda fayzli, ozchiqim to‘y qilibsizlar. Mana shu to‘y taassurotlari bilan o‘rtoqlashsangiz, deb xonadoningizga keldik. Shu haqda gapirib bersangiz.
Yoqutxon hoji ona Shermuhamedova (kuyovning buvisi): — Ha, to‘yimizni ixchamgina 30 kishilik qilib o‘tkazdik. Juda yaxshi o‘tdi. Shunday to‘ylarni o‘tkazish juda qulay va kamchiqim ekan. Bu sharoitni ko‘rib, to‘yga aytmading deb birov xafa bo‘lmadi.

Bu – yettinchi nevara kelinim bo‘ldi. O‘zim 82 yoshga kirgan bo‘lsam, 26 nafar evaram bor. Bundan buyog‘iga ham shu tarzda, uyda to‘y qilish an’ana bo‘lib qolishini xohlardim.

To‘yxonalarda 200-300 odam yig‘ilib, isrofgarchilik qilib... Birovning kuchi yetadi, birovniki yetmaydi. Mana shunday ixcham to‘y qilsa ham bo‘larkan. Juda fayzli o‘tdi.
Kelinim hali talaba, 3-kursga o‘tdi. Nevaram Qudratilla «Narxoz»ni tugatgan, bankda ishlaydi.

— Rahmatilla aka, mana to‘ylarni ham o‘tkazib oldingiz. Shu 30 kishilik to‘yda hammani ham taklif qila olmagansiz. Shu paytda sizdan xafa bo‘lishmadimi?
Rahmatilla Shermuhamedov (kuyovning otasi): — Yo‘q, umuman xafa bo‘lishmadi. Chunki mana, sharoitni ko‘rib turibdi. Keyingi nevara ko‘rganingda kelarmiz, deb qo‘yishdi. Qaytanga bizga ham ancha yengillik bo‘ldi.

O‘zim 28 yildan beri temir yo‘l sohasidaman. Ishga ketayotgan muhojirlar bilan ko‘p muloqotda bo‘lamiz. Ko‘pchiligi to‘y qilishim kerak yoki qarzim bor, deb ishlagani chiqar edi. To‘ylarning qisqartirilgani juda yaxshi bo‘ldi, deb o‘ylayman.

— Xarajatlari haqida ham gapirib bersangiz.
— Oldingi to‘ylardan xarajati ancha kam va yengil. Oddiyroq qilib 30 kishilik to‘y qilsa, 5-6 mln so‘m ketadi.
Farzandim ham boshida ikkilanib turgandi, lekin mana, juda yaxshi to‘y o‘tdi. Bu holatni ko‘rib qo‘shnilarimizning ham to‘y qilgisi kelib qoldi. Kelin qidirishga tushib ketishdi.

— Ba’zi ota-onalarda to‘yni katta qilaman, katta restoranlarda qilaman, degan orzu-havas bo‘ladi. Sizlarning orzu-havaslaringiz qanday edi?
— Orzu-havasimiz albatta bor edi. Lekin eng keragi – ikki yoshning baxti. To‘y restoranda bo‘ladimi, uydami, chet eldami – asosiysi yoshlarning baxti.

— O‘zbek ayollari to‘ylarga alohida e’tibor bilan yondashishadi. Ona sifatida nima deya olasiz? Sizda ham ko‘plab orzu-niyatlar bo‘lgandir. To‘y sizga ma’qul bo‘ldimi?
Ra’noxon Shermuhamedova (kuyovning onasi): — Ma’qul tushdi. Kamchiqim o‘tdi. Quda tomon ham bunday holatni to‘g‘ri tushunishdi.
Asosan ayollar ishtirokida o‘tadigan turli an’analar: challari, kelin salom, haftaliklar, o‘n besh kunliklar bo‘lmadi. Aks holda, biz ham 5-6ta tog‘ora bilan borishimizga to‘g‘ri kelar, ular ham qaytarishi kerak bo‘lardi. Bularga xarajat ketmadi.

— Mana, 30 kishilik to‘yni o‘tkazib oldingiz. Yaqinda to‘y qilaman, deb yurganlarga nima degan bo‘lardingiz?

Foto: Kun.uz
Yoqutxon hoji ona Shermuhamedova: — Shunday imkoniyatdan foydalanib qolishlarini so‘rar edim. Bundan 20 yil oldin ham o‘g‘limni uylantirganman, xuddi mana shu hovlida, 20 ming so‘mga. Agar mana shu 30 kishilik degan gap bo‘lmaganida nechi ming dollar pulimiz ketar edi. Oddiy restoranga bir kishiga 120-150 ming so‘m beriladi.

Restoranga pul berib qo‘ygan edik. Keyin qaytarib olib, uyda 30 kishilik to‘y qildik. Undan ortganini mana ro‘zg‘orga ishlatyapmiz.

Oldinlari xalqqa bir marta osh berilar edi, shu bilan katta to‘y o‘tar edi. Oxirgi paytlar esa to‘ylarning turlari ko‘payib, xarajati oshib ketayotgandi. Bunga kimningdir qurbi yetadi, kimnikidir yetmaydi. Mana, viloyatlardan ishlashga kelishadi Toshkentga. Aynan pul topib uylanaman degan maqsadda.

Nevaram ham juda xursand bo‘ldi. Kelin tomonga ikkita o‘rtog‘i bilan borib, kelinni olib kelishdi. Quda tarafimizga ham juda yengillik bo‘ldi, deb o‘ylayman. Isrofgarchilik va ovoragarchiliklar bo‘lmadi.

— 30 kishidan bir necha kun to‘y qilish holatlari uchradi. Sizlarda qanday bo‘ldi?
— Yo‘q, bizda umuman boshqacha bo‘ldi. Kuyov soat 15:00larda kelinnikiga bordi, udumlarini qilishdi, keyin uyga olib kelib, soat uzog‘i 22:00gacha to‘y tarqaldi. Quda tomondan 12 kishi bo‘lib kelishdi.

— Elning oshini yeganman, men ham osh berishim kerak, degan qarash bor...
Rahmatilla Shermuhamedov: — To‘g‘ri, odamlar men ham to‘ylarga borganman, odamlarning oshini yeganman deb o‘ylashi mumkinki. Lekin mana shu 30taga ham ruxsat bergani uchun xursandman. Asosiysi farzandlarimizning baxti emasmi?

Orzu-havas deb, yaxshi kunlar keladi deb yurganlar ham ko‘nikib mana yaqinda to‘y qilishdi. Qo‘ni-qo‘shni, hamkasblar, qarindoshlar ham hammasi to‘g‘ri tushunishdi. Hech kim gina-kudrat qilmadi, voy meni aytmabsan deb. Hammasi ikki yoshga baxt tilashdi.

Yoqutxon hoji ona Shermuhamedova: — Bizga kerakmas bo‘lgan an’analar bor edi. Kim to‘y qilsa kuyovlariga yoki quda tomondagilarga chopon kiyg‘izish kerak bo‘lgan. Kimgadir yetmay qolsa, darrov xafa bo‘lar edi. Bunday to‘ylarda umuman unaqa narsalarga hojat qolmaydi.

— Umuman, bitta to‘y uchun necha kishini chaqirish me’yorida bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
Rahmatilla Shermuhamedov: — Menimcha, pandemiya tugatganidan keyin ham, shu o‘zbekchilikni hisobga olgan holda, bir to‘yga 70-80ta o‘rin qilinsa, shu me’yor deb o‘ylayman. Endi, aka-ukachilik, qarindosh-urug‘chiliklar bor, shu tomonlarini hisobga olgan holda.

Yana bir tomoni – chetdan kirib kelgan, bizga umuman kerak bo‘lmagan udumlar bor. Ularda o‘zbekchilikdan asar ham yo‘q. San’atkorlarni ham ixchamroq qilish kerak.

Karantindagi to‘yda yuragingiz shovullab turarkan: men sabab boshqalar kasal bo‘lib qolishmasin deb, 24 kun o‘tganidan keyin o‘zimga keldim. Odam baribir ham qo‘rqar ekan. Lekin, mana davlat tomonidan ham birma bir tekshirib turishdi.

— Yaqinda to‘y qilmoqchi bo‘lgan ota-onalarga nimalarni tavsiya qilasiz?
Yoqutxon hoji ona Shermuhamedova: — Maslahatim, shu koronaviruslar yo‘q bo‘lib, o‘tib ketganidan keyin ham ixchamgina to‘y qilinglar. Katta to‘y qilaman deb, chet elga borib ishlab yoki qarzga tushib qolish kerak emas.

Restoranlar ochilganida ham to‘yda qatnashadiganlar soni ko‘pi bilan yuz nafardan oshmasligi kerak. Hozir ko‘pchilik ishsiz, shuning uchun qurbi yetganicha isrofgarchiliklarsiz to‘y qilish kerak, deb o‘ylayman.

Rahmatilla Isroilov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 30 kishilik to‘y taassurotlari: yangi kelin olgan oila xonadoniga tashrif