19:55 / 13.07.2020
2 292

Koronavirusga qarshi kurash choralarining qonuniyligi: Adliya vazirligi eng dolzarb savollarga oydinlik kiritdi

Koronavirusga qarshi kurash choralarining qonuniyligi: Adliya vazirligi eng dolzarb savollarga oydinlik kiritdi
Mamlakatimiz butun insoniyat kabi murakkab sinov – global pandemiyani boshidan kechiryapti. Pandemiya hayotimizning barcha jihatlariga, yangi huquqiy munosabatlarni keltirib chiqardi, bizni o‘rab turgan muhitga yangicha qarashga majbur qildi, karantin sharoitida yangicha ishlashga o‘rgatdi.

Shubhasiz, hozirgi sharoitda davlatimiz insonlar o‘rtasidagi qurbonlarni kamaytirish, aholimizning sog‘ligiga va mamlakat iqtisodiyotiga zararlarni kamaytirish yo‘lida ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda va real qadamlarni tashlamoqda, preventiv choralar ko‘rib bormoqda va ushbu choralar esa o‘z natijasini bermoqda. Vaziyat to‘la nazorat ostida. Buning uchun barcha kuch va vositalar mavjud.

Pandemiya sharoitida, umuman boshqa vaziyatlarda ham hech kimning befarq bo‘lishga haqqi yo‘q. Ayniqsa bu vaziyatda tasdiqlanmagan ma’lumotlarga, asoslanmagan sub’ektiv qarashlarga ishonib bo‘lmaydi. Eng ishonchli axborot manbasi, albatta, davlat organlarining rasmiy axborotlari ekanligiga shak-shubha yo‘q.

Hozirgi sharoitda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha choralar va ularni amalga oshirishning huquqiy jihatlari haqida jamoatchilikka va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilariga ishonchli va huquqiy asoslangan ma’lumotlarni yetkazish muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan jamoatchilik vakillarini qiziqtirayotgan ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tish lozim deb topildi.

Avvalo Respublika maxsus komissiyasining tuzilishi va uning cheklovchi choralarini kiritish bo‘yicha qarorlar qabul qilishga vakolatliligi masalasiga oydinlik kiritsak.
Oldindan aytish lozimki, koronavirusga qarshi olib borilayotgan kurash mustahkam huquqiy asosga ega, Konstitutsiyamizga, qonunchiligimizga va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga to‘la mos keladi, inson huquqlarini buzmaydi.

Birinchidan, “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, Hukumat ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi bo‘lib, iqtisodiyot, ijtimoiy va ma’naviy sohalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga rahbarlik qilishni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Parlament qarorlari, Prezident hujjatlari ijrosini ta’minlaydi.

Ikkinchidan, ushbu qonunning 11-moddasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari sirasiga, jumladan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish kiradi.

Uchinchidan, 25-moddaga binoan, davlat va xo‘jalik boshqaruvining ayrim masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash, Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek uning ayrim topshiriqlarini bajarish uchun muvaqqat komissiyalari tashkil etilishi mumkin.

To‘rtinchidan, Hukumat Reglamentiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi vakolatlarining amalga oshirilishi komissiyalar, kengashlar va boshqa idoralararo kollegial organlar faoliyati bilan ham ta’minlanadi.

Beshinchidan, Vazirlar Mahkamasida uning vakolatlariga kiradigan masalalarni ko‘rib chiqish Hukumat tashkil etadigan komissiyalarning hamda boshqa idoralararo kollegial organlarning majlislarida manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.

Oltinchidan, “Aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasiga muvofiq, yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi yoki viloyat hokimliklari ham o‘rnatilagag tartibda tegishli hududlarda yoki ob’ektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkin.
Shu tariqa, bir vaqtning o‘zida Fuqaro muhofazasi boshlig‘i bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligidagi Maxsus komissiya Vazirlar Mahkamasi vakolatlarini amalga oshirishni ta’minlashning usullaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus farmoyishiga muvofiq, koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini o‘z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish Maxsus komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Hukumatning 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan Komissiya tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilinayotgan qarorlarning majburiy ijro qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan.

“Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasiga ko‘ra esa, Hukumatning qabul qilgan qarorlari va farmoyishlari O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Shu munosabat bilan, ishonch bilan aytish mumkinki, Maxsus komissiyaning tuzilishi va uning vakolatliligi borasida ikkilanishga o‘rin yo‘q, bu boradagi barcha shubha-gumonlar biror bir yuridik asosga ega emas.

Qolaversa, mamlakatimizda shakllangan huquq ijodkorligi amaliyoti shu kabi boshqa komissiyalarni tuzishning zarurati va samaradorligini ko‘rsatib bergan. Misol uchun, uzoq 2000 yildayoq Vazirlar Mahkamasining 142-son qarori bilan odamlar o‘rtasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida korxonalar, tashkilotlar, muassasalarda, alohida aholi punktlari va hududlarda karantin-cheklash chora-tadbirlari hamda karantin joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolati berilgan Respublika epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi tuzilgan edi.

Mavjud ijobiy tajribani inobatga olgan holda hamda joriy epidemiologik xavfning ko‘lamini inobatga olib, hozirgi sharoitda Respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi va u epidemiologik vaziyatning tezlik bilan o‘zgarishiga zudlik bilan munosabat bildirib, mazkur o‘zgarishlarning bartaraf qilish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilib kelmoqda.

Ayrim hollarda go‘yoki karantin talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar Maxsus komissiya qarori asosida qo‘llanilayotganligi haqida muhokamalarga duch kelyapmiz, ammo bu mutlaqo yanglish fikr va huquqiy jihatdan noto‘g‘ri tushunchadir.
Karantin tadbirlarini va sanitar qoidalarni buzganlik uchun jarimalar Maxsus komissiya qarori asosida emas, balki faqat va faqat Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik kodeksiga muvofiq qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi ikkinchi qismida rarantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari davlat organlari hamda boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart bo‘lgan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi talablarni belgilaydigan hujjatlardir.

Maxsus komissiya o‘z vakolatlari doirasida cheklovchi tadbirlar (ya’ni karantin) kiritishga haqli ekanligini inobatga olsak, ushbu talablarning barchasi O‘zbekiston hududida majburiy ijro qilinishi lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Maxsus komissiya qarorlarini buzgan fuqarolarni javobgarlikka tortish huquqiy asosga ega va qonunchilikka muvofiq, deyish mumkin.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini qiziqtirayotgan yana bir masala O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi va Maxsus komissiyaning keyingi qarorlari (protokollari) to‘liq shaklda e’lon qilinmayotgani va ularning yoritilishidir.

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlangan edi, ammo quyidagi ob’ektiv va mantiqiy sabablarga ko‘ra e’lon qilinmagan:
– Dastur birgina hujjatdan iborat emas, u o‘z ichiga kompleks chora-tadbirlarni oladi, normativ-huquqiy hujjat ham emas va shunga ko‘ra, majburiy e’lon qilinishi shart emas;
– unga mamlakatimizga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha ishlarga maxsus kuch va vositalarni jalb qilish va safarbar etish bilan bog‘liq bandlar kiritilgan bo‘lib, davlat manfaatlariga va xavfsizligiga zarar yetishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi tufayli ushbu ma’lumotlarni oshkor qilish maqsadga muvofiq emas;
– hujjatda vazirlik va idoralarga fuqarolarning sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muayyan vazifalarni bajarish bo‘yich asosan tashkiliy choralar ko‘zda tutilgan;
– Dastur yuridik va jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi, umummajburiy qoidalar kiritilishini ko‘zda tutmaydi.

Ta’kidlash joizki, koronavirusning oldini olish va unga qarshi kurash Dastur qabul qilish bilangina cheklanib qololmaydi, bu Maxsus komissiyaga yuklatilgan keng ko‘lamli vazifalarni bajarish yo‘lidagi faqatgina birinchi qadamlardan biri edi.

Dastur – kechiktirib bo‘lmaydigan choralar majmuasidir, mazkur masalada qabul qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Hukumatning qarorlari, Maxsus komissiya qarorlarining barchasi Dasturni to‘ldiradi.

Koronavirusga qarshi kurash jarayoni sodir bo‘layotgan voqealarga tezkor munosabat bildirish va epidemiologik vaziyatning o‘zgarishiga nisbatan safarbarlik va boshqa rezervlarni ishga solish bo‘yicha qarorlarni kechiktirmasdan qabul qilish lozimligini ko‘rsatdi, bu boradagi ma’lumotlar esa cheklangan xarakterga egadir.

Shu bois Maxsus komissiyaning protokollari ham qisqartirilgan ko‘rinishda e’lon qilinadi. Protokollarning aholi va yuridik shaxslarga taalluqli qismlari rasmiy axborot ko‘rinishida majburiy tartibda mavjud barcha kommunikatsiya kanallari orqali tarqatiladi.

Mutaxassislar va davlat organlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilayotgan kunlik (har kuni bir necha marotaba) brifinglar markaziy telekanallar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirga uzatilayotgani va yirik ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida translyatsiya qilinayotgani, keng ko‘lamli tashviqot va huquqiy targ‘ibot qabul qilinayotgan qarorlarning keng aholi qatlamlariga eng sodda ko‘rinishda tushuntirishga qaratilgan.

Shu bois, Maxsus komissiya qarorlari aholiga o‘z vaqtida yetib bormasligi, koronavirus bilan kurash bo‘yicha axborot yetishmasligi haqidagi mulohazalar asosga ega emas, deb o‘ylaymiz.

Kiritilgan cheklov choralari fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan huquq va erkinliklariga daxl qilishi ehtimoli haqida ham biroz mulohaza yuritsak. Shuni aniq aytish mumkinki, cheklov choralari fuqarolarning konstitutsion huquqlarini poymol etmaydi va qonunchiligimiz va respublikaning umumqabul qilingan majburiyatlariga mos keladi.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda (e’tibor qiling) boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shartligi belgilangan. Ya’ni, shaxsiy huquqlarni amalga oshirish boshqalarning huquqi oldida mutlaq bo‘lishi mumkin emas.

Ikkinchidan, Konstitutsiyaning 28-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega, qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasno ekanligi qayd etilgan.
Aholi va avtotransport harakatlanishiga o‘rnatilgan cheklashlarning huquqiy asosini esa “Aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonuni tashkil etadi. Ushbu qonunning 3-moddasida karantin choralari sifatida odamlar, tovarlar va avtomobillarning harakatlanishi cheklanishi mumkinligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan.

Ushbu qonunning 31-moddasida yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda tegishli hududlarda yoki ob’ektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilishi mumkinligi belgilangan.

Hozirgiga o‘xshagan muqobili kuzatilmagan holatlarda eng asosiy jihat bo‘lgan harakatlanishni davlat cheklashga qodir bo‘lmasa, qanday qilib karantin haqida gapirish mumkin. Dunyoning barcha davlatlari shu kabi huquqqa ega va biz boshqa davlatlarda ushbu huquq qanday ro‘yobga chiqarilayotganligini ko‘rib turibmiz.

Cheklovchi tadbirlar (karantin) o‘tkazish tartibi va muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi. Vazirlar Mahkamasi o‘zining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan ushbu huquqni Maxsus komissiya zimmasiga yukladi.

Uchinchidan, ushbu cheklashlar O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga ham zid emas. Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12-moddasi binoan erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqi davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholining salomatligi yoki axloqini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan qonunda ko‘zda tutilgan cheklovlar kiritishga ruxsat etiladi. Bu kabi butun insoniyat boshidan o‘tkazayotgan zamonaviy tarixda misli ko‘rilmagan voqealar ushbu cheklovlarning qonuniyligidan dalolat beradi.

Go‘yoki xalqaro shartnomalar, amaldagi qonunchilik va inson huquqlari buzilayotganligi haqida asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatayotganlar barchani chalg‘itib, ularning harakati shunday ham murakkab bo‘lib turgan vaziyatni yanada chigallashtirishi mumkinligini anglab yetishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Anchadan buyon ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari favqulodda holat (vaziyat) sharoitlariga o‘xshash cheklovlar o‘rnatilganiga qaramay, favqulodda holat o‘rnatilgani haqida rasman e’lon qilinmayotganini muhokama qilib kelishadi.

Dunyo mamlakatlari tajribasining tahlili koronavirus qarshi kurash bo‘yicha vaziyatni baholash va uning natijadorligi kiritilgan tartibning shakli: favqulotda holat, favqulotda vaziyat, komendantlik soati, karantinni alohida yoki birgalikda joriy qilinganligiga bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda.

Respublikamiz qonunchiligi favqulotda holat, favqulotda vaziyat, karantin tartibi kiritillishiga imkon beradi.
Konstitutsiyaning 93-moddasi 19-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etishi mumkin.

“Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning
2-moddasiga muvofiq, odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat favqulodda vaziyat, deb ataladi.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 3 va 31-moddalariga binoan, yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlarini ko‘zda tutuvchi cheklovchi tadbirlar (karantin) kiritilishi mumkin.

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan epidemiyaga qarshi tadbirlar ko‘proq “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning talablariga mos keladi va quyidagilarni qamrab oladi:
– mamlakat hududlarining sanitariya muhofazasi (sanitar-karantin nazorati o‘tkazish va cheklovchi tadbirlar (karantin) kiritish orqali ta’minlanadi);
– infeksion kasalliklar o‘choqlarida dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazish, majburiy tibbiy ko‘riklar.

Hozirda koronavirus infeksiyasi bilan kurashda cheklovchi tadbirlar (karantin) mavjud tartiblar ichida eng mutanosibi bo‘lib turibdi va o‘zining natijasini bermoqda. Zarurat tug‘ilganda, mazkur tartib doirasida qo‘shimcha cheklovlar kiritilishi mumkin, hammasi vaziyatdan kelib chiqadi.

Bu borada koronavirus bilan ommaviy zararlanishning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qonunlarda ko‘zda tutilgan maqsadlarga yetishish uchun ko‘rilayotgan choralar mutanosib yoki yetarli emasligi haqidagi fikrga aslo qo‘shilib bo‘lmaydi.

Tahlillar ko‘rsatishicha, 2020 yilning 11 iyul holatiga O‘zbekistonda koronavirusdan o‘lim holatlari har 1 mln. aholiga
2 nafarni tashkil etmoqda. Bu mamlakatda koronavirus ilk qayd etilganidan buyon o‘tgan to‘rt oydan keyingi ko‘rsatkichdir. Shu davrda dunyoning 35 ta davlatida ushbu ko‘rsatkich 100-1230 nafar oralig‘ida bo‘lib turibdi, dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich esa har 1 mln. kishiga 72 nafar bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston bu borada 159-o‘rinda joylashgan, agar mamlakatimiz aholisi sonini inobatga olsak, bu eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biridir. Boshqa tomondan, bu holat O‘zbekiston cheklov choralarini o‘z vaqtida kiritish evaziga 2,5-20 minggacha bo‘lgan kishilarning hayotini saqlab qolganini anglatishi mumkin.

Xulosa o‘rnida, ta’kidlashni istardikki, O‘zbekiston ko‘pmillatli mamlakat, katta oila va biz uning taqdiriga, har bir fuqarosining farovonligi va salomatligiga befarq qarab tura olmaymiz.

Pandemiya qachon tugashini, uning oqibatlari qanday bo‘lshini hech kim bilmaydi. Shu bois koronavirusga qarshi kurashga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz, vahimaga berilmasligimiz, asossiz xabarlarga ishonmasligimiz va ularga qarshi keskin kurashishimiz lozim.
Biz ushbu global voqelikdan saboq chiqarishimiz, nafaqat o‘zimizning tajribamizdan, balki boshqalarning ham yutuq va kamchiliklaridan amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish lozimligi haqida xulosa chiqarishimiz darkor.

M.Ikramov,
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirusga qarshi kurash choralarining qonuniyligi: Adliya vazirligi eng dolzarb savollarga oydinlik kiritdi