19:43 / 14.07.2020
3 182

Qotil jazoga toptilmadi, ammo…

Qotil jazoga toptilmadi, ammo…
Omon Yunusov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) turli korxonalarda haydovchi bo‘lib ishlab, pensiyaga chiqdi. Birinchi turmush o‘rtog‘i Rohatoy 1996 yilda kasallik sababli vafot etgan edi. Undan besh farzand qoldi. Xotinining vafotidan bir necha yil o‘tgach, u yana uylandi. Bu ayoli farzand ko‘rmagani sababli biroz vaqt o‘tib ajrashdi.

Shundan keyin Omon Yunusov yangiobodlik Gulmira ismli ayol bilan oila qurdi. Gulmira unga o‘g‘il tug‘ib berdi. Bolaga Asrorbek deb ism qo‘­yishdi. Biroq… Uning bir ko‘zi ko‘r, ikkinchisi esa juda xira ko‘rardi. Er-xotinning o‘rtasida kelishmovchilik avj oldi. Nihoyat toqati toq bo‘lgan Gulmira nogiron bolasini unga tashlab, ajrashib ketdi.

Bir necha yil o‘tib, Omon Yunusov yana uylandi. Zuhra ismli ayol bilan shar’iy nikohdan o‘tib yashay boshladi. Kenja ikki o‘g‘li ham ular bilan birga edi. 2020 yilning yanvar oyi. Yarim kechasi Omon o‘g‘li Yunus uxlab yotgan xonaga kirib, uning giribonidan olib bo‘g‘a boshladi.

Yunus xirillagancha tipirchilab qutulishga urinardi. Oxiri amallab uni siltab tashladi-yu uydan qochib chiqdi va qo‘shnilarini yordamga chaqirdi. Qo‘shnilar yetib kelishganida Omon yana o‘g‘lini bo‘g‘ayotgandi. Yigitni zo‘rg‘a otasining changalidan ajratib olishdi.

Shundan so‘ng Omon o‘zini g‘alati tuta boshladi. Tunda xona bo‘ylab yurib chiqar, chiroqni sababsiz yoqib-o‘chirar, ko‘chaga chiqib ketardi.

Toqati toq bo‘lgan Zuhra qayinsinglisi Sojidaga qo‘ng‘iroq qildi:
– Akangizning mazasi bo‘lmayapti. Juda qo‘rqib qoldik. Do‘xtirga ko‘rsatamizmi, mullaga o‘qitamizmi, biror narsa qilmasak bo‘lmaydi…

Shundan so‘ng yaqinlari uni profilaktika inspektori bilan Qarshi shahridagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga davolash uchun olib borishdi. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan qaytarib olib kelishdi.
Zuhra yana Sojidaga qo‘ng‘iroq qilib, erining ahvoli yaxshi emasligini, tunda bezov­ta bo‘lib yurib chiqayotganini aytdi.

Sojida qilayotgan ishini tashlab, akasining xonadoniga yugurdi.
– Menga bir narsa bo‘layapti, – dedi Omon singlisiga. – Fol ochtirasizlarmi, eshonga o‘qitasizlarmi, biron nima qilmasalaring bo‘lmaydi…

Qarindoshlar yana maslahatlashishdi. Ertasi kuni Kosondan mulla olib kelib o‘qitishdi. Jiyanlar navbatma-navbat tog‘asining yonida yotadigan bo‘lishdi. Sojida ham tez-tez jigaridan xabar olib turdi.

O‘sha kuni saharlab Omon Sojidanikiga jiyani Sanjarni yo‘qlab keldi.
– Tinchlikmi? Nima qilib yuribsiz ertalabdan? – akasining bemavrid tashrifidan singilning rang-quti o‘chdi.

– Qo‘yimni o‘g‘irlab ketishibdi, – dedi Omon sarosima ichida. – O‘g‘lim yerda yotibdi, borib qaranglar-chi, nima bo‘libdi unga?
Sojidaning ko‘ngli xijil bo‘lib, vaziyatni eriga tushuntirdi. So‘ng akasi bilan birga uning xonadoniga o‘g‘lining mashinasida borishdi.

Omon darvozani ochdi. Hovliga sukunat cho‘kkandi. Otasining mashmashalaridan yurak oldirib qo‘ygan Yunus ham ammalarining uyida yotib yurardi.
Birgalikda molxonaga kirganlarida qo‘ylar joyida turganini ko‘rib, Sojida hayron bo‘ldi. Akasi esa almoyi-jalmoyi gaplarni gapirardi…

Ko‘plashib Omonning uyiga kirishdi. To‘g‘ridagi xonada hamma narsa to‘zg‘ib yotardi. Chap tomondagi xona yonida esa juft kalish turardi. Qarashsa, ustiga to‘n yopib qo‘yilgan Asrorbek jonsiz yotibdi. Bolaning og‘zidan silqib chiqqan qon labida qotib qolgandi… Ota nogiron bolasini bo‘g‘ib, boshini deraza oynasiga urib, o‘ldirib qo‘ygandi…

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudida videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida Omon Yunusovning jinoyati ko‘rib chiqildi.

Statsionar sud psixologiya-­psixiatriya kompleks ekspertizasida Omon Yunusov ruhiy kasallik bilan xastalangani va majburan davolanish uchun shifoxonaga joylashtirishga muhtoj ekanligi aniqlandi.

Sud ajrimiga ko‘ra Omon Yunusov Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatida sodir etgan deb hisoblandi va jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi. Jinoyat ishi tugatilib, Omon Yunusov majburiy davolanish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi.

Omon Yunusovning o‘g‘li Yunus sud majlisida otasi Asrorbekni juda yaxshi ko‘rishini, bola ham unga qattiq mehr qo‘yganini aytdi… Ammo…
Bu fojia Omon Yunusovning qarindoshlarini, mahalladoshlarini chuqur qayg‘uga solgani tayin. Shu bilan birga yaqinlarga nisbatan hamisha e’tiborli bo‘lishga undagan bo‘lsa ajab emas…

Abdirashid JO‘RALOV,
Qashqadaryo viloyati prokuraturasi
bo‘lim boshlig‘i

Manba: Huquq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qotil jazoga toptilmadi, ammo…