06:28 / 15.07.2020
3 590

O‘zbekistonning koronavirus aniqlanmagan hududlarida karantin yumshatilishi mumkin

O‘zbekistonning koronavirus aniqlanmagan hududlarida karantin yumshatilishi mumkin
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatning karantin qoidalarini kuchaytirish zarur bo‘lgan hududlarida ularni kuchaytirish, yumshatishi zarur bo‘lgan hududlarda esa yumshatish lozimligini ta’kidladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Yana bir muhim masala — viloyat, shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar, joylardagi hokimlik va boshqaruv idoralari o‘z hududidagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda karantin qoidalarini qayerda zarur bo‘lsa kuchaytirishi, qayerda zarur bo‘lsa, yumshatishi lozim», — dedi davlat rahbari.

Prezident barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, imkoniyat mavjud bo‘lgan hamma joyda ishlab chiqarish korxonalarini ishga solish, mehnat unumdorligini oshirish kerakligini ta’kidladi.

Xususan, Shavkat Mirziyoyev kasallik tarqalmagan tumanlarda qishloq xo‘jaligi xodimlarining bemalol ishlashi, mahsulotini xaridorlarga yetkazib berishi uchun barcha sharoitni yaratish kerakligini aytdi.

Davlat rahbari koronavirusni yengish, xalq farovonligini ta’minlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash oziq-ovqat masalasiga bog‘liqligini qayd etib o‘tdi.
«Shuning uchun bizda doimo uch oylik oziq-ovqat zaxirasi shay turishi kerak», — dedi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 8 iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirildi. To‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlandi, avtotransport harakati cheklandi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopildi, xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartirildi, O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi «qizil» bo‘ldi, barcha masjidlar faoliyati yana to‘xtatildi.

Shuningdek, 13 iyuldan mahalliy aviaqatnovlar va poyezdlarda yo‘lovchi tashish to‘xtatildi. 18—19 iyul hamda 25—26 iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Shu bilan birga, kuchaytirilgan karantin choralari davrida mavsumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchi M1 (bir nafar yo‘lovchi bilan) toifadagi jismoniy shaxslarga tegishli shaxsiy avtotransport vositalarining harakatiga cheklov qo‘yilmagan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonning koronavirus aniqlanmagan hududlarida karantin yumshatilishi mumkin