07:25 / 15.07.2020
4 365

O‘zbekistonda barcha yo‘nalishdagi shifokorlar COVID-19'dan davolashga o‘qitiladi

O‘zbekistonda barcha yo‘nalishdagi shifokorlar COVID-19'dan davolashga o‘qitiladi
Respublika maxsus komissiyasi a’zosi Feruza Hamroboyeva AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda barcha yo‘nalishdagi shifokorlar koronavirus kasalligidan davolash uchun o‘qitilishini ma’lum qildi.

«Respublikada karantin e’lon qilingan kundan boshlab Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti tomonidan respublika bo‘ylab bir qancha mutaxassislar 18 soatlik COVID-19 infeksiyasini davolash, tashxislash va profilaktikasi o‘quv-dasturi bo‘yicha o‘qitilgan.

Bugungi kunga kelib mutaxassislarimiz yetarli. Lekin vaziyat bundan-da murakkablashsa, mutaxassis yetkazolmay qolamiz. Buning oldini olish uchun esa bugun vazirlikda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mas’ullarga respublikadagi barcha shifokorlar (ixtisoslashuvidan qat’i nazar) koronavirusdan davolashga o‘qitilishi bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Ertadan boshlab o‘qitish, malaka oshirish kurslari boshlanadi. Bu orqali shifokorlar zaxirasini tayyorlaymiz», dedi Hamroboyeva.

Shuningdek, Hamroboyeva uyda davolanayotgan bemorlar yoki kasallik yuqib qolishidan xavfsiragan fuqarolar tomonidan call-markazlariga juda ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘layotgani, ammo javob berilmayotganiga izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, ushbu muammo ijobiy hal qilinadi. Call-markazda operator-mutaxassislar sonini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berilgan. Undan tashqari, fuqarolar koronavirusga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga vazirlik saytida maxsus rukndan javob olishlari mumkin.

Matbuot anjumanida Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibullo Oqilov shifoxonalarni to‘liq karantinga olish amaliyoti noto‘g‘ri bo‘lgani haqida gapirdi.

«Karantinga yopiladigan shifoxonalar haqida gapirsak. Agar koronavirusga mo‘ljallanmagan shifoxonalarda koronavirus aniqlansa, uni 14 kunga to‘liq yopib tashlar edik. Xodimlar o‘sha yerda qoldirilib, oziq-ovqat bilan ta’minlanardi.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatdiki, bu noto‘g‘ri yo‘l. Hozir shifoxonaning koronavirus chiqqan bo‘limining o‘zini yopyapmiz. Uni ham faqat bir kunga. Xodimlar o‘zini yakkalash tartibiga o‘tkaziladi yoki karantinga olinadi. Bo‘limda tegishli sanitariya tadbirlari o‘tkazilgandan keyin ertasiga bo‘lim yana qaytadan o‘z faoliyatini davom ettiradi», dedi Oqilov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda barcha yo‘nalishdagi shifokorlar COVID-19'dan davolashga o‘qitiladi