14:28 / 15.07.2020
1 533

“Oltin talvasasi”ning salbiy oqibatlari

“Oltin talvasasi”ning salbiy oqibatlari
Ming yillardan buyon oltin boylik, moliyaviy qudrat ramzi bo‘lib kelmoqda. Dunyo davlatlarining kuch-qudrati ham ko‘p hollarda ularning nechog‘lik mana shu qimmatbaho tabiiy boylikka ega ekanliklari bilan baholanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda ham 100 ga yaqin oltin konlari mavjud bo‘lib, ularning aksariyatida “Navoiy kon metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati qazish ishlarini olib boradi.

Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning yakka tartibda oltin qazish ishlari bilan shug‘ullanishlari uchun ham qonuniy jihatdan shart-sharoitlar yaratilgan.

Ammo, respublikamizda noqonuniy ravishda oltin qazib oluvchilar ham borki, ular asosan Navoiy viloyatining Navbahor, Nurota, Tomdi, Uchquduq va Xatirchi tumanlarida, Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlarida hamda Ohangaron tumanida, Samarqand viloyatining Paxtachi va Qo‘shrobod tumanlarida uchraydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2019 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tarkibida oltin moddasi bo‘lgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan bog‘liq 220 ta holat aniqlangan, 125 nafar shaxsga nisbatan 42 ta jinoyat ishi hamda 276 nafar shaxsga nisbatan 186 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Tahlillarga ko‘ra, noqonuniy uyushgan guruhlar tomonidan har yili ko‘p miqdorda oltin qazib olinib, qora bozor orqali savdoga chiqariladi.
Eng yomoni, ularning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasliklari natijasida yer osti o‘pirilishlari sodir bo‘lib, oqibatda inson o‘limiga olib keladi. Jumladan, 2018-2019 yillarda 19 nafar shaxs ana shunday vaziyatda ayanchli o‘lim topgan.

Noqonuniy qazib olingan oltinlardan keyinchalik zargarlik buyumlari yasaladi va mahsulot mahalliy bozorlarda sotuvga chiqariladi, shuningdek, kontrabanda yo‘li bilan xorijga, asosan, Hindiston davlatiga olib borib sotiladi.

Jumladan, 2019 yilning sentabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 8,5 mlrd so‘mlik umumiy og‘irligi 11 kg.dan ortiq zargarlik buyumlarining Hindistonga olib chiqib ketilishiga chek qo‘yildi.
Tadbir doirasida tilla buyumlarni olib chiqib ketayotgan 37 nafar yo‘lovchi, shuningdek, jinoiy guruhning 5 nafar tashkilotchisi hamda zargarlik buyumlari tayyorlash va qimmatbaho metallarga ishlov berish sexlarining 11 nafar egalari ushlandi.

Joriy yilning 1 yanvaridan 10 iyuniga qadar bo‘lgan davr mobaynida esa DXX va IIV say’-harakatlari bilan noqonuniy oltin qazib olish bilan bog‘liq 65 ta holat aniqlandi. Xususan, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 25 ta, Tomdi tumanida 11 ta, Nurota tumanida 5 ta, Uchquduq tumanida 4 ta, Navbahor tumanida 2 ta, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida 7ta hamda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida 11ta holat kuzatildi. 145 nafar shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan 4 ta jinoyat ishi va 43 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida tarkibida “999” probali, taxminiy qiymati 1 mlrd so‘mlik 2 kg 102 gr. oltin bo‘lgan 98,5 tonna ruda musodara qilindi. Jinoyat quroli sifatida 2 ta “Kamaz” avtomashinasi, 6 ta “Niva” avtomobili, 3 ta “Ford” va “Gazel” mikroavtobuslari olib qo‘yildi.

Shuningdek, joriy yilning dastlabki 5 oyi mobaynida DXX xodimlarining ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari natijasida Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlari hamda Ohangaron tumani hududlarida 26 ta ana shunday holat fosh etildi. 51 nafar shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan 5 ta jinoyat ishi va 18 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Xalqimizda ko‘za kunda emas, kunida sinadi degan gap bor. Ayni vaqtda bunday noqonuniy ish bilan shug‘ullanayotganlar javobgarlikdan qutulib qolaman desalar, adashadilar, jinoyatga jazo muqarrarligi hayotning sinalgan haqiqatidir.

Oltin izlovchilarga kelgusida o‘z faoliyatlarini qonun doirasida, rasman ruxsat olgan holda amalga oshirishlarini tavsiya etardik. Zero, ana shunda hech qanday xadik-xavotirsiz, texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda ishlab, bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli xil ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olgan bo‘lar edilar.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)