21:58 / 15.07.2020
4 133

IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilgan sudya tez yordam mashinasini o‘tkazib yubormagan ekan (video)

IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilgan sudya tez yordam mashinasini o‘tkazib yubormagan ekan (video)
Sirdaryo viloyatidagi nazorat-o‘tkazish punktida sudya IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgandi. Ichki ishlar vazirligi mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirdi va holat aks etgan videoni taqdim etdi.

Vazilik tomonidan ma’lum qilinishicha, Guliston shahri «Ulug‘ yo‘l» MFY hududidan o‘tuvchi M-34 Toshkent—Termiz avtomobil yo‘lining 117-kilometrida «Toshkent» karantin blokposti tashkil qilingan. Guliston shahriga avtomobilda kirish mazkur yo‘lning ikkita harakat qatori orqali tashkil qilingan. Mazkur yo‘l xalqaro ahamiyatga ega ekanligi hisobga olinib, uning uchinchi qatori kechiktirib bo‘lmaydigan xizmatlar mashinalarining to‘xtamasdan harakatlanishi uchun ochib qo‘yilgan.

Ta’kidlanishicha, 13 iyul kuni soat 09:30 da davlat raqami 01 X 172 DA bo‘lgan oq rangli Nexia-1 haydovchisi «Toshkent» karantin blokposti orqali o‘tish mo‘ljallangan ikkita harakatlanish bo‘lagi orqali harakatlanmasdan, uchinchi harakatlanish bo‘lagi orqali Guliston shahriga kirmoqchi bo‘lgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, avtomobil haydovchisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi A.Ergashev bo‘lgan.

Nexia’ning mazkur qatordan harakatlanishi shu yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinalarining yo‘lini to‘sib qo‘ygan.

Orqa tomondan tovushli signal va mayoqlarini yoqib harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinasida og‘ir kasal kelayotganligi bois shu yerda xizmat o‘tayotgan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlariga aloqa vositasi orqali xabar kelib tushgan.

«Shu sababli xodimlar zudlik bilan tez yordam avtomashinasini to‘siqsiz o‘tkazib yuborish uchun mazkur haydovchiga avtomashinani to‘g‘riga harakatlantirish ishorasini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, haydovchi o‘zini tanishtirmasdan, xodimlarning talablarini bajarmasdan, avtomashinasini yo‘lning qatnov qismida to‘xtatib, tez yordam avtomashinalarining to‘siqsiz harakatlanishiga xalaqit qilgan», — deyiladi vazirlik xabarida.

Shundan so‘ng mazkur blokpostda xizmatga jalb etilgan va holatni kuzatib turgan Sirdaryo viloyati IIB xodimlari uning yoniga borib, YHXB xodimi bilan birga haydovchiga orqasidan harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinasining yo‘lini to‘sib qo‘yganligini tushuntirgan, biroq haydovchi avtomashinasini joyidan qo‘zg‘atmasligini aytib, xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

Xodimlar mazkur haydovchi boshqaruvidagi avtomashina orqasida turgan tez yordam avtomashinasining to‘siqsiz harakatini ta’minlash va tirbandlikni bartaraf etish maqsadida Nexia-1 avtomashinasi haydovchisini avtomashinadan tushirib, avtomashina yo‘ldan olingan. Qayd etilishicha, muammo bartaraf etilganidan so‘ng haydovchi o‘zini tanishtirgan. Shundan so‘ng haydovchiga ketishga ruxsat berilgan. Haydovchi va ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasidagi muloqot xodimlarning bodikameralarida to‘liq aks ettirilgan.

«Tasvirlarda ko‘rganingizdek, haydovchi bilan ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida bo‘lgan muloqot jarayonida kuch ishlatish yoki qo‘pollik qilinmagan», — deyiladi vazirlik tomonidan taqdim etilgan videoda.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 8 iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirilgan. Shuningdek, avtotransport harakati ham cheklangan. Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, ular orasida sud organlari xizmat avtotransport vositalari ham kiritilgan.

«Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 70-moddasiga ko‘ra, sudyalarning shaxsi daxlsiz. Sudya daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transport va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli mulklar va hujjatlarga ham taalluqlidir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilgan sudya tez yordam mashinasini o‘tkazib yubormagan ekan (video)