19:24 / 17.07.2020
1 895

Adliya vaziri TDYUU bitiruvchilarini tabrikladi

Adliya vaziri TDYUU bitiruvchilarini tabrikladi
Bugun Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qitishning yangi zamonaviy modul tizimi asosida ta’lim olgan o‘zining yuksak iqtidori, salohiyati va izlanuvchanligi natijasida universitetni muvvafaqiyatli tamomlayotgan bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim Zoom videodasturi orqali bitiruvchilar va ularning ota-onalari ishtirokida o‘tkazildi. Mazkur o‘quv yilida ushbu oliy ta’lim muassasasini 481 nafar bakalavr hamda 124 nafar magistratura bosqichi talabalari tamomlashdi.

“Qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlash faoliyatingizning bosh mezoni bo‘lsin: oq yo‘l, Aziz bitiruvchilar!” mavzuida o‘tkazilgan ma’rifiy tadbirda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ishtirok etdi. Shuningdek, unda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova, Fan arbobi, universitet Faxriylar kengashi raisi Halim Boboyev, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Xakimov va bitiruvchilarning ota-onalari, yoshlar qatnashdi.

Adliya vaziri yuridik kadrlarni tayyorlash borasidagi islohotlar haqida so‘z yuritdi. Bugungi huquqshunos kadrlarga qo‘yiladigan talablar, xususan, ular qanday mezonlarga javob berishi kerakligi borasida o‘z mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, vazir bitiruvchilarga oq yo‘l tilab: “Kelgusida Sizlarning orangizdan davlat va siyosat arboblari, xalqaro darajada faoliyat yuritishga qodir yetuk huquqshunoslar, olimlar yetishib chiqadi. Aynan Sizlar bo‘lg‘usi vazirlar, sudyalar, prokurorlar, advokatlar, notariuslar, yaxshi FHDYO xodimalari, boringki, professional huquqshunos mutaxassislar sifatida bugun hayot maydoniga chiqyapsiz.

Hamisha o‘z faoliyatingizda qonuniylik va adolatga qat’iy amal qilib, inson va uning sha’ni hamda qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligini doimo his qilgan holda xalqimiz manfaatlarini himoya qilasiz. Yana bir bora ta’kidlasamda halollik, poklik va xolislik shioringizga aylansin.

Aziz yoshlar, qadrli bitiruvchilar, bo‘lajak hamkasblar!

Huquqshunoslik sohasiga mutaxassis sifatida ilk qadam qo‘yayotgan bugungi kun har biringizga muborak bo‘lsin! Adolat, haqiqat uchun xizmat qilish e’tiqodingizga, qat’iy shioringizga aylanishiga, jamiyatimizda muhim o‘ringa ega bo‘lgan huquqshunoslik sohasini rivojlantirishga astoydil harakat qilishingizga ishonaman. Chunki bu dargohda Sizni kamolga yetkazgan ustozlar o‘giti va bilimlari doimo sizga hamroh bo‘lib, Sizdagi shijoat va g‘ayrat bu marralarni zabt etishga, albatta, qodir. Eng adolatli huquqshunos, degan sharafli nomga doimo munosib bo‘lishingizga tilakdoshman!”, deya o‘z tabrigini yo‘lladi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vaziri TDYUU bitiruvchilarini tabrikladi