16:56 / 18.07.2020
2 986

Samarqandda o‘zini "Payg‘ambar" deb atab video tarqatgan shaxs ruhiy dispanser ko‘rigidan o‘tkaziladi

Samarqandda o‘zini "Payg‘ambar" deb atab video tarqatgan shaxs ruhiy dispanser ko‘rigidan o‘tkaziladi
Foto: Videodan kadr
Internet saytlarida o‘zini «Allohning elchisi» deb, turli safsatalarni to‘qiyotgan shaxsning gap-so‘zlari ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, mo‘min-musulmon aholining asosli noroziligiga sabab bo‘lmoqda, deyiladi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita munosabatida.

«O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’iy nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqalarning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati, diniy mansubligini hurmat qilishga majburdir.

Yurtimiz hududida faoliyat yuritayotgan har bir din vakilining diniy manbalari, qadriyatlari, muqaddas tuyg‘ulari, ular tomonidan e’zozlanadigan shaxslar hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lish, obro‘sizlantirish, soxta da’vo va tuhmat qilishga hech kimning haqqi yo‘q.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston aholisining 90 foizidan ortig‘i Islom diniga e’tiqod qiladi. Shu nuqtayi nazardan o‘zini «Payg‘ambar» deb e’lon qilgan shaxsning da’vosi keng jamoatchilik orasida salbiy ruhdagi, keskin bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi, o‘z navbatida, musulmonlarga nisbatan noo‘rin gap-so‘zlar paydo bo‘lishiga ham zamin yaratdi.

Bu esa, odamlar o‘rtasida turli noroziliklar, ixtiloflar keltirib chiqarishi voqe’likda ma’lumdir. Tarixda esa bu kabi harakatlar qanday ayanchli yakun topgani ko‘pchilikka ma’lum.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bugungi murakkab davrda odamlarni diniy e’tiqodlariga taalluqli bo‘lgan bu kabi nojoiz holatni qoralaydi hamda ijtimoiy tarmoqlarda mazkur masala yuzasidan fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og‘ir-bosiq bo‘lib, bu kabi soxta payg‘ambarlar har zamonda uchrab turishi nuqtayi nazaridan unga ortiqcha e’tibor bermaslikni so‘raydi
», deyilgan qo‘mita munosabatida.

Videomurojaat qilgan shaxs yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari surishtiruv ishlarini olib borishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 1962 yilda Samarqand tumanida tug‘ilgan X.U. Samarqand shahridagi mahallalarning birida istiqomat qiladi. 1980-1982 yillarda Afg‘oniston davlatida fuqarolik urushida harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy xizmat davomida bosh qismidan jarohat olib, bosh miya kontuziyasi kasalligi bilan davolangan.

Hozirda X.U.ning psixologik holatini tekshirish uchun Samarqand viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseri mutaxassisi ko‘rigidan o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda o‘zini "Payg‘ambar" deb atab video tarqatgan shaxs ruhiy dispanser ko‘rigidan o‘tkaziladi