17:17 / 18.07.2020
6 154

Koronavirus kasalligini boshidan o‘tkazgan shifokor o‘z tavsiyalarini berdi

Koronavirus kasalligini boshidan o‘tkazgan shifokor o‘z tavsiyalarini berdi
Ma’ruf Norbo‘tayev, shifokor
Kasbim taqozosi va xudoning xohishi bilan «xalqqa kelgan to‘y»dan men ham bebahra qolmadim, bemorlik yetdi. Ortda qolgan 10 kun davomida kasallik bilan kurashish bilan birga o‘zim uchun bir qancha xulosalar oldim.

Ham vrach, ham kasallikni boshidan o‘tkazayotgan inson sifatida ayrim xulosa va tavsiyalarimni sizlar bilan bo‘lishmoqchiman.

Kasallik boshlanishi:
1-kun: 6-iyul kuni ertalab bo‘yin va bel mushaklarimda og‘riq bilan uyg‘ondim, kechga borib yegan ovqatimda ta’m sezmay boshladim.

2-kun: Ertalab lohaslik va charchoq bilan uyg‘ondim, mushaklardagi og‘riqlar kuchaydi. Tomoqda achishish hissi paydo bo‘ldi, tish pastasining o‘tkir ta’mini ham deyarli sezmadim va haroratimni o‘lchadim — 36.5. Juda ko‘p terlay boshladim.

Menda kasallik boshlanayotganini sezardimu, lekin haroratim ko‘tarilmaganiga yaxshi umid qilib turdim. Nihoyat, tushga yaqin haroratim ko‘tarildi — 38-38.5. Davolash muolajalarini boshladim. Kecha yaqin harorat 39.0 gacha yetdi.

Isitma tushirish uchun kun davomida 2 marta Paratsetamol 500 mg qabul qildim, ko‘p-ko‘p suyuqlik ichdim, haroratim 37.2 gacha tushdi.
Kechasi bilan shu harorat ushlanib turdi, lekin haddan ortiq ko‘p terladim va bundan o‘zimni biroz yengil his qildim.

3-kun: Ertalab biroz yengil bo‘lib turdim, haroratim 37.0. Albatta, hamma qatori menda ham COVID-19 bormi-yo‘qmi, bilish uchun test topshirish harakatiga tushdim. Shahar SES, tuman SES, 1003, 1104, oilaviy poliklinika, xususiy klinikalar, xullas, termagan raqamim qolmadi hisob. Hech kim kasallangan odam uyda turib qanday test topshirishi mumkinligini aniq ayta olmadi.

Nihoyat, tuman va shahar SESlariga o‘zim borishga majbur bo‘ldim, garchi harorat bilan ko‘chaga chiqish mumkin bo‘lmasa-da. Chunki men ishga chiqishim yoki bolnichniy ochtirishim kerak edi, lekin buning uchun avval test topshirishim lozimligini aytishdi. SESlar darvozasi oldidagi holat haqida esa avvalroq yozgandim. Xullas, kun bo‘yi harakat qilib, hech qayerda test topshirolmadim. Ahvolim yomonmasligi va haroratim tushgani meni biroz xotirjamlikka undadi.

4-kun: Ertalab holsiz va terga botgan holda uyg‘ondim, haroratim yo‘q, lekin qisqa-qisqa quruq yo‘tal va tomoqda achishish paydo bo‘ldi. Ishtaha deyarli butunlay yo‘qoldi. Ko‘krak qafasimda tosh osib quyganday his paydo bo‘lgach, menda pnevmoniya boshlanayotganini angladim va antibiotik Azitromitsin 500 mg ichishni boshladim. Kuniga 1 mahaldan 3 kun. Qo‘shimcha «Askorutin» vitamin 2 tabletkadan 3 mahal. Suyuqlikka asosan na’matak damlamasi ichib turdim.

5-kun: Ahvolim og‘irlashdi, yo‘tal, holsizlik, hid, ta’m sezmaslik, ko‘ngil aynishi, ishtahasizlik va eng yomoni — nafas siqishi boshlandi. Test topshirishga umidimni uzib, xususiy klinikada o‘pka MSKTsini qildirdim. Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, ertalab telefon orqali so‘raganimda 200 ming deb aytilgan MSKT tekshiruvi tushdan keyin borganimda 300 ming so‘mga ko‘tarilibdi. Shu narxda ham navbat qator. MSKT da ikki tomonlama bronxopnevmoniya xulosasini berishdi, birgina quvonchli jihati yengil formada. Kechga yaqin bir hafta oldin ko‘rgan kasalim qo‘ng‘iroq qilib, ularda oilaviy COVID-19 testi ijobiy chiqqanini aytdi (manba deyarli aniqlashdi).

6-kun: Uyda davolanishni davom ettirdim, nafas mashqlarini boshladim. Nafas siqish boshlaganda biroz vahimaga ham tushdim. Har ehtimolga qarshi kasalxonaga qanday borish va uydagilarni xavotirga qo‘ymaslik uchun buni qanday bildirmaslikni o‘ylardim (ular viloyatda).

Aytishim mumkinki, kechga borib ahvolim yomonlashayotganini his qildim, intoksikatsiya belgilari: holsizlik, ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi kuchaydi. Ishtaha yo‘qligi tufayli deyarli hech narsa yeyolmadim.

Tomir ichiga Reosorbilakt 200 ml quyishni boshladim, biroz yengillik sezdim.

7-kun: Kun davomida ahvolim biroz yaxshilandi, poliklinikaga telefon qilib uydan test olishlari uchun navbatga yozildim. Muolajalarni davom ettirdim, yo‘tal, holsizlik, ishtahasizlik davom etardi. Nafas siqishi biroz qo‘yvordi. Ta’m sezish maqsadida bir dona konfet so‘rmoqchi bo‘ldim va aytishim kerakki bu xato fikr edi, ta’m ham sezmadim, ovozim ham bo‘g‘ilib qoldi.

8-kun: Muolajalarni davom ettirdim, ahvolim ham biroz yaxshilandi, nafas siqishi va holsizlik kamaydi, biroz quvvat qaytdi.

9-kun: Nihoyat, biroz ta’m seza boshladim, ishtaha qayta boshladi. Tushga yaqin poliklinikada test topshirishga muvaffaq bo‘ldim. (Deyarli tuzalganimda!!! Agar ahvolim yaxshilanmaganda holat qanaqa bo‘lishini tasavvur qilishga ham qo‘rqaman). Vitamindan tashqari dorilarni to‘xtatdim.

10-kun: Nafas siqishi deyarli to‘xtadi, ta’m va hid sezish biroz tiklandi, ishtaha bilan ovqatlana boshladim. Holsizlik va terlash, yo‘tal saqlanib turdi.

11-kun: Bugun, mana o‘zimni ancha yaxshi sezyapman, shukr. Lekin hali ham o‘zimni to‘la sog‘lom sezmayapman. Test natijasi esa hali ham chiqmadi.

Xulosalar:
  • Bu kasallik odatiy shamollashlardan farq qiladi, burun oqishi, aksirish, balg‘amli yo‘tal unchalik xos emas. Eng xavfli tarafi tezda o‘pkani zararlashi mumkin.
  • Kasallik belgilari sezilsa, eng avvalo, yaqinlardan alohidalanib, vahimaga tushmasdan tanish shifokor yoki oilaviy shifokor bilan bog‘lanib muolajalarni boshlash kerak, agar kasalxonaga yotishga ko‘rsatma bo‘lmasa (hansirash, yoshi 50 dan oshgan, qo‘shimcha kasali bor, harorati 39 dan yuqori) tez yordam 103 chaqirishni keragi yo‘q, ular sizga hech qanday yordam bera olishmaydi, shunchaki sizdan og‘irroq boshqa kasalni vaqtini olgan bo‘lasiz.
  • Test topshirish asosiy maqsad bo‘lmasligi kerak, kasallik belgilari boshlansa, davolashni boshlash muhimroq! Chunki, test natijasi ko‘pchilikda kovidni tasdiqlamayapti negadir!
  • Kasallikning 6-7-8 kunlari eng og‘ir kunlari hisoblanadi, harorat tushishi sizni aldab qo‘ymasin. Odatda ko‘pchilikda harorat 3 kun ichida tushadi, bu hali tuzalish degani emas!

Muolaja:
1) Suyuqlik ichish kerak, sutkasiga 5-6 litr, sovuq holatda ichish mumkin emas, na’matak, limon, asal, moychechak, xullas, turli damlama va choylardan ichib turish mumkin. Ovqatni asosan suyuq holatda, tez tez majburan bo‘lsa ham qabul qilib turish kerak, shirinliklardan cheklanish kerak.
2) Nafas mashqlari (Googleni yordamga chaqirasiz), toza havoda sayr, shar puflash.
3) Harorat ko‘tarilsa 38< paratsetamol yoki aspirin (oshqozon-ichakda yarasi borlarga aspirin tavsiya etilmaydi!)
4) Yo‘tal boshlansa:
Azitromitsin 500 mg kattalarga, 250 mg bolalarga kuniga 1 mahaldan 3 kun.
5) Askorbinkani xohlagan shaklda kun davomida qabul qilish kerak.
6) Ambroksol 30 mg 1 tab x 3 mahaldan 5 kun.
7) Agar uyda mediklar bo‘lsa va intoksikatsiya belgilari kuchaysa, tomirdan dorilar qabul qilish mumkin (NaCl+askorbinka, yoki Reosorbilakt).
8) Virusga qarshi preparatlar (arbidol, atsiklovir, groprinosin, arpeflyu, ergoferon) ta’siri isbotlanmagan, shuningdek zarari ham isbotlanmagani uchun agar bor bo‘lsa ichish kerak, yo‘q bo‘lsa izlab yurishga arzimaydi.
9) Plakvenil (gidroksixlorin)ning ta’siri ham to‘liq isbotlanmadi, nojo‘ya ta’siri ko‘p. Shuning uchun yengil bemorlarga tavsiya qilmagan bo‘lardim.
10) Bu kasallikni yengish uchun, eng avvalo, immunitetimizga ishonishimiz kerak, shuni unutmaslik kerakki, bu virusga qarshi aniq dori hali MAVJUD EMAS! Vahima, tushkunlik immunitetni keskin pasaytiradi!

Ma’ruf Norbo‘tayev, shifokor

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus kasalligini boshidan o‘tkazgan shifokor o‘z tavsiyalarini berdi