21:32 / 18.07.2020
3 266

Samarqandda payg‘ambarlikni da’vo qilgan fuqaro bosh miya kontuziyasi kasalligi bilan davolangani ma’lum bo‘ldi

Samarqandda payg‘ambarlikni da’vo qilgan fuqaro bosh miya kontuziyasi kasalligi bilan davolangani ma’lum bo‘ldi
Foto: Samarqand viloyati IIB
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda o‘zini payg‘ambar deb chiqqan shaxsning videosi tarqaldi. Videodagi noma’lum shaxsning da’vo qilishicha, u koronavirus balosini daf qila oladi. Buning uchun u Xitoyga borishi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ham ko‘rishishi kerakligini aytadi. Mazkur video yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB xodimlari surishtiruv ishlarini olib bordi.

Samarqand viloyat IIB axborot xizmatining «Daryo»ga ma’lum qilishicha, ushbu fuqaro 1962 yilda Samarqand tumanida tug‘ilgan X.U. bo‘lib, u 1980—1982 yillarda Afg‘onistondagi fuqarolik urushida harbiy xizmatni o‘tagan. Xizmati davomida bosh qismidan jarohat olgan fuqaro bosh miya kontuziyasi kasalligi bilan davolangan.

Foto: Samarqand viloyati IIB
Samarqand viloyat IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda X.U.ning psixologik holatini aniqlash maqsadida Samarqand viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseri mutaxassisi ko‘rigidan o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Samarqand viloyati IIB
Ushbu xabarlar yuzasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ham munosabat bildirdi.

«Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bugungi murakkab davrda odamlarni diniy e’tiqodlariga taalluqli bo‘lgan bu kabi nojoiz holatni qoralaydi hamda ijtimoiy tarmoqlarda mazkur masala yuzasidan fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og‘ir-bosiq bo‘lib, bu kabi soxta payg‘ambarlar har zamonda uchrab turishi nuqtai nazaridan unga ortiqcha e’tibor bermaslikni so‘raydi», — deyiladi qo‘mita munosabatida. Shuningdek, odamlar o‘rtasida salbiy bahs-munozaralar keltirib chiqaradigan bu kabi materiallarni tarqatishdan saqlanishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning fevral oyida payg‘ambarlikka da’vo qilgan buxorolik ayolga bir yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani xabar berilgandi. Ayol atrofidagilarga o‘ziga vahiy kelayotgani va g‘ayb xabarlari asosida «Tuhfa» nomli kitob nozil bo‘lganligini bildirib, da’vatlar qilib, yolg‘on xabarlar tarqatib kelgan, shuningdek, Muhammad (s.a.v.) oxirgi payg‘ambar ekani va Qur’oni Karim ilohiy kitob ekanini rad etgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda payg‘ambarlikni da’vo qilgan fuqaro bosh miya kontuziyasi kasalligi bilan davolangani ma’lum bo‘ldi