20:09 / 19.07.2020
1 099

Ijtimoiy kollaps – nima u? Unga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Ijtimoiy kollaps – nima u? Unga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?
Foto: Bloomberg
Ijtimoiy kollaps — jamiyatning bazaviy institutlari ishlamay qolishi natijasida yuz beradigan keng qamrovli inqiroz. Ijtimoiy kollaps jamiyat bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan inqirozlarning eng fojiali formasi bo‘lib, unga uchragan jamiyat jamiyat sifatida barham topishgacha borishi mumkin.

Ijtimoiy kollapsga olib boruvchi omillar ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ekologik omillarga bo‘linadi. Biroq ko‘p holatlarda bularning birvarakayiga bir nechtasi ijtimoiy kollapsga sabab bo‘ladi. Tarixda yuz bergan ijtimoiy kollaps holatlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularga urushlar, tabiiy ofat (sunami, yer qimirlashi, tez fursatda iqlim o‘zgarishi va h.k.), yuqumli kasalliklar, aholi turmushini ta’minlab turgan manba va zaxiralarning tugab bitishi (daryolarning qurishi, tuproqning yaroqsiz holga kelishi va h.k.) sabab bo‘lgan.

Ammo ijtimoiy kollapsga sabab bo‘luvchi boshqa yana bir omil ham bor. Aniqrog‘i, biz aytgan omillarning haqiqiy ijtimoiy kollaps bo‘lib qad rostlashini ta’minlovchi omil.

Yuqorida tilga olganimiz ofatlarni yengib o‘tib, jamiyat jamiyatligicha qolishi ham mumkin. Ya’ni ofat qanchalik og‘ir bo‘lmasin, jamiyat a’zolari qo‘l ushlashib, bir musht bo‘lib, talafotdan omon qolgan vositalaridan foydalanib, jamiyatligini saqlab qolishi mumkin va bunga tarixdan misollar topsa bo‘ladi.

Aynan shu narsaga xalaqit qiluvchi, ya’ni xalqning yagona organizm bo‘lib harakat qilishiga monelik qiluvchi asosiy omil bu — jamiyat ichida ijtimoiy aloqalarning yaxshi bo‘lmasligi.

Ya’ni, deylik sunami yoki yuqumli kasallik ma’lum bir jamiyatga katta talafot yetkazsa-yu, ammo jamiyatda ijtimoiy aloqalar yetarlicha mustahkam bo‘lsa, boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy aloqalar darajasi ma’lum ko‘rsatkichdan past bo‘lmasa, unda bu jamiyat qiyinchiliklarni yengib, yana oyoqqa turib oladi.

Aksincha, qay darajada ijtimoiy rishtalar darz ketgan bo‘lsa, jamiyat a’zolari bir-biridan o‘zini uzoq tutsa, har biri o‘zini yagona organizmning tarkibiy qismi deb his etmasa, unda ijtimoiy inqiroz yuz berishi ehtimoli shunchalik yuqorilaydi.

Ijtimoiy inqirozga sabab bo‘ladigan kuchli omillardan biri bu — jamiyat ta’sis etgan institutlarning jamiyat izmidan chiqib ketib, asl vazifasini bajarmay qo‘yishi, balki o‘zining mustaqil siyosatini yurita boshlashi. Go‘yo ularni xalq ta’sis etmagandek o‘zini tutishi. Nega?

Chunki bu avvalo xalqning ongida tizimsizlikni keltirib chiqaradi, dunyoqarashini «oyog‘ini osmondan» qiladi.
Xalq ongosti bilan ijtimoiy institutlarning asl vazifasini doim anglab turadi. Zero, inson o‘zi hur qilib yaratilgan va adolatni adolatsizlikdan ajrata bilish fitrati bilan tug‘ilgan.

Inchunun, katta balo-ofatlarni boshidan o‘tkazib, qiyinchiliklarni yengib, xalq yana o‘zini rostlab olishi uchun jamiyat qurilmasi to‘g‘ri shaklda bo‘lishi, xalq ta’sis etgan va xalqqa xizmat qilishga safarbar etilgan idoralar... xalqqa xizmat qilishi, xalqqa to‘liq hisobot berishi, faoliyati mutlaqo shaffof bo‘lishi zarur. Aynan shu narsa xalqning ongini tizimsizlik balosidan qutqaradi.

Va aynan shu omil «biz jamiyatmiz» degan tuyg‘u qalblarga mustahkam joylashishiga, xalqning ichki kuchini generatsiya qilinishiga va, binobarin, har qanday qiyinchikka qarshi turish uchun quvvat va imkon beradi.

Boshqacha qilib aytganda, har bir jamiyatning asosiy vazifasi har qanday vaziyatda ijtimoiy kollapsdan yiroqlashib turish uchun harakat qilish va shu maqsadda ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash va aynan shu uchun ijtimoiy institutlarni joriy qilish. Bundan xulosa chiqib kelyaptiki, ijtimoiy institutlar ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash uchun kerak.

Demak, o‘zimiz uchun belgilab olamiz — ijtimoiy institutlar (ularning eng asosiysini biz «davlat» deb nomlaymiz) tuzishdan asl maqsad — jamiyatda ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash. Shuni yaxshi tushunib olsak, ya’ni masalaning mohiyatini anglasak, biz jamiyat, xalq o‘laroq ijtimoiy inqirozlardan uzoqlashish uchun kerak bo‘lgan choralarni to‘g‘ri belgilashimiz mumkin.

Va buni anglash jarayonidan hech kim chekkada qolmasligi lozim. Ta’bir joiz bo‘lsa, vazirlardan tortib oddiy kosibgacha ijtimoiy institutlarning nima uchun joriy qilingani, mazkur institutlarning faoliyati avvalo har qanday holatda yuz berishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy inqirozlardan sug‘urtalanish uchun ta’sis etilishini anglamog‘i, bu uchun esa ularning faoliyati xalqqa ochiq bo‘lmog‘i, har bir qaror xalqning umum irodasini ifodalamog‘ini tushunmog‘i lozim.

Aksincha, yopiq eshiklar ortida tor doirada qabul qilinadigan qarorlar hamda asl holatni yashirishga urinishlar faqat va faqat xalq ongini parokanda qiladi, ijtimoiy aloqalarga, avvalo omma bilan davlat o‘rtasidagi aloqalarga tubsiz shikast yetkazadi, jamiyatni har soha va har nuqtada tizimsizlikka giriftor qiladi.

O‘zaro ishonch — mana har qanday ofatga qarshi turish uchun kerak bo‘lgan, ichki kuchlarni generatsiya qiluvchi omil.

O‘zaro ishonch uchun esa o‘zaro hurmat bo‘lmog‘i va eng asosiysi, xulosa qilganimizdek, ijtimoiy institutlar asl vazifasini to‘g‘ri anglamog‘i va bajarmog‘i, jamoatchilik, omma-xalq bilan birga harakat qilmog‘i lozim. Shundagina «jamiyat» tushunchasining asl haqiqati ochiladi — asl jamiyat yuzaga keladi, yagona organizm bo‘lib muammolarga qarshi turiladi.
* * *
Ijtimoiy kollaps haqida so‘z ochishga majburmiz. Zero qiyinchiliklar zohir bo‘lganda voqealar rivojining eng yomonini ko‘z oldiga keltirish muhim ahamiyat kasb etadi — vaziyatni oldindan modellashtirish va kerakli choralarni oldindan ko‘rish uchun. Chunki bunday qilinmasa, o‘sha eng salbiy variantlar sodir bo‘lishi mumkin.

Yuzaga kelib turgan, Covid-19 epidemiyasi bilan bog‘liq hozirgi vaziyat ertaga eng salbiy holatni keltirib chiqarmasligi uchun nimalar qilish kerak?

Avvalo davlat idoralarining har bir bayonoti faqat va faqat haqiqiy holatni aks etishi lozim. Chunki haqiqiy holat baribir, ertaga yoki bir soatdan keyin ochiladi va omma nazdida davlat idoralarining bayonotlari ishonchsiz bo‘lib qoladi. Davlat idoralarining bayonotlariga ishonch yo‘qolishi esa fojiali oqibatlarga olib borishi mumkin. Qanday qilib?

Tasavvur eting, epidemiya bilan bog‘liq vaziyat juda og‘irlashdi. Bunday paytda harakatlarni muvofiqlashtirish — hayotiy muhim! Chunki aynan og‘ir vaziyatda harakatlar bir tomonga yo‘naltirilmasa, hamma bir tan-u bir jondek harakat qilmasa, vaziyat dramatik tus olishi, izidan chiqib ketishi mumkin. Aynan shunday paytda omma shaksiz ishonadigan manba bo‘lishi kerak. Ijtimoiy institutlarning asosiysi bo‘lmish davlat instituti shunday ishonchli manba bo‘lmasa, unda vaziyatni juda xatarli deb baholash kerak bo‘ladi.

Shu uchun ham shu paytgacha qaysi idoralar tuturuqsiz bayonotlar berib kelgan bo‘lishsa, shular davlatga bo‘lgan ishonchni so‘ndirib kelishgan va, xudo ko‘rsatmasin, vaziyat keskinlashib, davlat ommaviy harakatlarni bir tomonga yo‘naltira olmay qolsa, o‘sha idoralar bunga aybdor bo‘ladi.

Pandemiyaga qarshi kurashish masalalarida jamoyatchilikka ko‘proq suyanish – yana bir, vaziyat undab turgan favqulodda muhim ishlardan. Karantin paytida og‘ir vaziyatga tushib qolgan toifalarga yordam ko‘rsatish ishlarida ko‘ngillilar (volontyorlar)ning ko‘rsatgan xizmatlariga guvoh bo‘ldik. Aksincha, davlat idoralarining ba’zi xodimlari tomonidan bo‘lgan ba’zi tasarruflar: xayriya mablag‘lari talon-toroji, tibbiy hamda SEO sohalaridagi talon-taroj holatlari va boshqa ko‘plab holatlar jamoatchilik birlashmalariga suyanish muhim ekanligini hamda davlat ishchilari o‘rtasida og‘ir vaziyatga qaramasdan insofsizlarcha talon-tarojga qo‘l uruvchilar ko‘p ekanini (bu esa xalqning ishonchini yanada so‘ndirdi) ko‘rsatib turibdi.

Shuni aytish kerakki, xalqning ishonchi salbiy holatlarni yashirish bilan emas (yashirilgan holatlar baribir ochilishiga guvoh bo‘lib turipmiz), balki salbiy holatlar yuz bermasligini ta’minlash bilan, muammolarni tom ma’noda hal qilish bilan qozoniladi. Binobarin, kamchiliklarni oshkor qilishni «davlatning obro‘yini tushirish»ga tenglashtirishda mohiyatan katta xato yotadi.

Pandemiya keltirib turgan xatarlarga qarshi turishning yana ko‘p vositalari bor — biz faqat bu tadbirlarning samarasini ta’minlovchi omillar haqida so‘z yuritdik. Zero, samaraning bosh omillarini yuzaga keltirmasdan turib harakat qilish — kuch, mablag‘, harakatlarni zoye qilish.

Eng yomoni — yuz berishi mumkin bo‘lgan eng yomon variantlarni yaqinlashtirish.

Ofatlardan salomat chiqishning bosh omili — birdamlik, ijtimoiy aloqalarning baquvvatligi. U esa o‘zaro ishonch bilan erishiladi. O‘zaro ishonch esa pok niyat, to‘g‘ri so‘zlik, haqlarni ado qilish, har kim o‘z vazifasini to‘g‘ri anglashi bilan vorid bo‘ladi.

Shokir Sharipov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)