00:03 / 20.07.2020
3 211

G‘afur G‘ulom parkini ijaraga olgan Singapur kompaniyasining ta’sischisi O‘zbekiston fuqarosi ekani ma’lum bo‘ldi

G‘afur G‘ulom parkini ijaraga olgan Singapur kompaniyasining ta’sischisi O‘zbekiston fuqarosi ekani ma’lum bo‘ldi
Foto: Google Images
Toshkent shahridagi G‘afur G‘ulom parkini 49 yilga ijaraga olgan BMP Smart Decision Private Limited kompaniyasining ta’sischisi O‘zbekiston fuqarosi Yakkasaroy tumanida yashovchi Sherzod Halimov ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga tayanib Daryo xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya 2019 yil 13 fevralda ro‘yxatdan o‘tgan va uning ustav fondi 1000 singapur dollarini (taxminan 720 AQSH dollari) tashkil qilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi — fuqarolik qurilishining boshqa ob’ektlari qurilishi (o‘yin komplekslari), ikkinchi darajali yo‘nalish esa — parklar hisoblanadi.

Foto: Telegram
G‘afur G‘ulom parki 2019 yil 9 avgustdagi Vazirlar Mahkamasining 670-f son farmoyishi hamda Toshkent shahar hokimining 15 avgustdagi 1126-son farmoyishi asosida (ikkala hujjat matni ham ochiq manbalarga joylashtirilmagan) BMP Smart Decision’ga 49 yilga ijaraga berilgan. Kompaniya invsetitsion majburiyatlari doirasida parkni jahon standartlariga javob beradigan qilib qayta ta’mirlashi, eskirgan attraksionlarni yangisiga almashtirishi lozim.

«1980 yillarda o‘rnatilgan eski attraksionlarni yangilariga almashtirish, shuningdek, bog‘ning yashil hududini, bog‘da o‘sayotgan Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xatlovidan o‘tkazilgan daraxtlarga qo‘shimcha ravishda yangi daraxtlar bilan to‘ldirishni o‘z ichiga oladi. Rekonstruksiyadan keyin ham bog‘ hududiga kirish avvalgiday bepulligicha qoladi», — deya iyul boshida G‘afur G‘ulom bog‘i o‘rnida yangi turar joylar va biznes markaz qurilishi haqida tarqalgan xabarlarni inkor etgandi Toshkent shahar hokimligi.

Foto: Google Maps
2019 yil sentabr oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt aholisi bilan uchrashib, Chilonzor tumanidagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida ma’lumot bergan. Hokim park rekonstruksiyasi vaqtida birorta daraxt kesilmasligini aytgan, ushbu uchrashuvda investor vakili sifatida Sherzod Halimovning o‘zi ham ishtirok etgandi.

«Gazeta.uz» nashrining yozishicha, «Nuz.uz» ushbu uchrashuv haqida xabar qilgan (ammo xabar o‘chib ketgan, uning nusxasi «Mytashkent.uz»da saqlanib qolgan). Chilonzor tumani hokimi Sarvar Mahametov BMP Smart Decision kompaniyasining park rekonstruksiyasiga 10 million dollar investitsiya kiritishini aytgan. Sherzod Halimov esa modernizatsiya ikki bosqichda amalga oshirilishi, birinchi bosiqchda yozgi park qayta ta’mirlanishi, ikkinchisida esa yil davomida faoliyat olib boruvchi yopiq o‘yin hududi qurilishini ma’lum qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » G‘afur G‘ulom parkini ijaraga olgan Singapur kompaniyasining ta’sischisi O‘zbekiston fuqarosi ekani ma’lum bo‘ldi