18:18 / 21.07.2020
4 684

Avtomobil transportida yuk tashish faoliyatining ayrim turlari litsenziyalanmaydigan faoliyatga aylanishi mumkin

Avtomobil transportida yuk tashish faoliyatining ayrim turlari litsenziyalanmaydigan faoliyatga aylanishi mumkin
Barchamizga ma’lumki, zamonaviy logistika uchun xarajatlarni qoplaydigan va yuqori sifatli transport tizimlari muhim ahamiyatga ega. Dunyo iqtisodiyoti qanday qilib, qayerda va qachon tovarlar ishlab chiqarilishi yoki taqsimlanishi nuqtai nazaridan chuqur o‘zgarishlarga duch kelganda ham ularning ahamiyati yo‘qolmaydi. Avtomobil transporti xizmatlari mahalliy, mintaqaviy va global qiymat zanjiri o‘rtasidagi ko‘prik hisoblanadi.

Jahon banki tomonidan nashr etilgan “Avtomobil transporti xizmatlarini isloh qilish” (Road Freight Transport Services Reform) nomli qo‘llanmada ham transport xizmatlarini ko‘rsatishga milliy yoki mintaqaviy darajada muhim iqtisodiy sektor sifatida qaralib, avtotransport xizmatlarini doimiy ravishda isloh qilinishi zarurligi ta’kidlangan.

Hozirda respublikamizda iste’molchilarning va ishlab chiqarish talablarining o‘sishi yanada ko‘proq transport operatorlaridan xavfsiz va arzon bo‘lgan sifatli yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatishni talab qilmoqda. Xususan, statistik ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, 2020 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 66 164 ta transport vositalariga nisbatan 69 035 ta litsenziya varaqalari berilgan. Mazkur raqamlar avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘ycha tashish faoliyatiga bo‘lgan talabning yuqoriligidan darak beradi. Biroq mazkur sohada litsenziya berish tartibi byurokratik rasmiyatchilikka aylanib, sohaning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotganligini guvohi bo‘lmoqdamiz.

Shu sababli ushbu sektorni isloh qilish, litsenziya va ruxsatnomalar berish sohasida tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan birga litsenziyalash va ruxsat beriladigan faoliyat turlari ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi va “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasi tayyorlandi.

Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab, avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish uchun litsenziyalar olish tartibi bekor qilinishi taklif etildi.

Amaldagi tartibga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, avtomobil transportida yuk tashish faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanib, litsenziya berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyuldagi 636-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, tijorat asosida amalga oshiriladigan yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati litsenziyalanadi.

Shunga ko‘ra, litsenziya olish uchun ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga quyidagi ma’lumotlarni taqdim etadi:
a) yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami; jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) uchun yuk tashish huquqiga litsenziya olishda — familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportga hamda haydovchilik guvohnomasiga oid ma’lumotlar; faoliyatning litsenziyalanadigan turi (yoxud uning bir qismi) ko‘rsatilgan holda litsenziya berish to‘g‘risidagi so‘rovnoma va/yoki litsenziya varaqalari olish uchun korxona ixtiyorida bo‘lgan avtotransport vositalarining ro‘yxati bilan birga avtotransport vositalarining mulk huquqi, ashyoviy huquqlar yoki ijara asosida tegishliligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

b) ariza beruvchida haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan va avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish yoxud ariza beruvchining tegishli ixtisoslikdagi tashkilot bilan unga tibbiy ko‘rik va texnik ko‘rikdan o‘tish imkoniyati yaratib berilishi to‘g‘risidagi shartnomasi mavjudligi haqidagi ma’lumotlar.

Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tadi.

Litsenziya berish, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari tomonidan tegishli qarorlar qabul qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvardagi “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘RQ-600-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining miqdorlariga muvofiq, yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha avtomobil transportida tashish uchun belgilangan davlat boji esa yukning hajmiga ko‘ra BHMning 1 baravaridan (3.5 tonnagacha) 7 baravarigacha (16 tonnadan ortiq), ya’ni 223 000 so‘mdan 1 561 000 so‘mgacha miqdorni tashkil qiladi.

Xo‘sh, avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish uchun litsenziyalar olish tartibi bekor qilinishi nimani anglatadi? Agar litsenziya olish bekor qilinadigan bo‘lsa, ushbu faoliyat qanday nazorat qilinadi?

Avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish uchun litsenziyalar olish tartibi bekor qilinishi endilikda litsenziat foydalanayotgan har bir avtotransport vositasi uchun litsenziya varaqasi mavjud bo‘lishini, yangidan olinayotgan va to‘ldirilayotgan avtotransport vositalariga litsenziatlar tomonidan qo‘shimcha litsenziya varaqalarining o‘z vaqtida olinishini talab etmaydi.

Taklifga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi organlari tomonidan yuklarni avtomobil transportida shaharda va shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyati ustidan nazorat transport vositalarini har yili majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish, avtotransport vositalarini yo‘lga chiqishdan oldin texnik ko‘rikdan o‘tkazish hamda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan yo‘llarda nazoratning o‘rnatilishi orqali amalga oshiriladi.

Avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish uchun litsenziyalar olish tartibi bekor qilinishi avvalombor, iqtisodiy zanjir vazifasini bajaruvchi avtomobil transportida yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirishda ortiqcha byurokratik to‘siqlarning bartaraf etilishiga, ushbu sohada arzon va sifatli bo‘lgan xizmatlar ko‘rsatilishiga imkon beradi.

Ma’lumot uchun, Farmon bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadigan ayrim turlari ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra, yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo yengil avtomobillarda tashish hamda yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofida va shaharlararo mikroavtobus hamda avtobuslarda tashish uchun yagona litsenziya berilishi kutilmoqda.

Yuklarni avtomobil transportida xalqaro tashish faoliyatidagi o‘zgarishlarga ko‘ra esa, yuklarni tashish bo‘yicha har bir transport birligiga litsenziya kartochkasini berish amaliyotini bekor qilgan holda transport birligini elektron ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini joriy qilish va yuklarni tashish bo‘yicha shartnomalarni qatiy ravishda «UzTrans» yagona interaktiv axborot tizimida elektron hisobga qo‘yish tartibini joriy qilish yuzasidan esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Adiba Safarova,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Avtomobil transportida yuk tashish faoliyatining ayrim turlari litsenziyalanmaydigan faoliyatga aylanishi mumkin