17:06 / 22.07.2020
2 567

Vaziyat jiddiy, stereotiplarni sindirish vaqti keldi

Vaziyat jiddiy, stereotiplarni sindirish vaqti keldi
Pandemiya bilan kurashish qanday kechayotganidan har birimiz ozmi-ko‘pmi xabardormiz. Borgan sari tezkor choralar amalga oshirish zarurati sezilmoqda. Fikrimizcha, ayni paytda quyidagi tavsiyalarni amalga oshirish foydadan xoli bo‘lmaydi.

1. Shifokorlar
Kasallik bilan kurashayotgan shifokorlar bemorlarga biror dorini tavsiya qilayotganlarida albatta bu dori topilmasa, qanday analoglarini qabul qilish kerakligini bildirib ketishlari maqsadga muvofiq.

«Shifokor qonni suyultiradigan bir dori yozib bergandi. Shaharning hamma burchagiga borib keldik – yo‘q, tugagan! Boshqasini qabul qilsa bo‘ladimi, deb so‘ramoqchi bo‘lsak, endi aloqa yo‘q. Ularni ham tushunish kerak, tun-u kun ishlashyapti», – deyiladi bir murojaatda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari, xorijiy preparatlarning analoglari kengroq tushuntirilishi kerak, toki bemorning yaqinlari bir dorini izlab vaqt yo‘qotmasinlar. Tanqislik vaqtida bu juda muhim.

2. Kislorod beruvchi moslamalar
Yana bir murojaat: «Ota-onam, ammalarim shu kasallikka chalinib qolishdi. Yoshlari katta, xavotirlanamiz albatta. Kislorod berish zarurati tug‘ildi, oksigeneratorlar sotuvda yo‘q, buyurta bir necha kun, balki oydan keyin yetib keladi. Qo‘lbola kislorod ballonlaridan yasalgan moslamalarning ko‘plab qismlarini ham izlab topa olmadik. Ustalar o‘zlaricha yasashyapti, lekin tolomon bo‘lib ketyapti».

Bir qarashda uy sharoitida qo‘lbola moslamalardan, ayniqsa kislorod kabi yonuvchan gazlardan foydalanish xavfli. Lekin yaqin insonining joni og‘rib turgan odam ko‘ziga bu xavf ko‘rinmaydi, nima qilib bo‘lsa ham yordam berish payiga tushadi.

Avvalo, faoliyati temirchilikka yaqin sexlarga katta miqdorda kislorod ballonlari va tarkibiy qismlar bo‘yicha buyurtma berish kerak. Talab katta, juda murakkab mahsulot emas, ko‘plab ish o‘rinlari degani yana. Bu o‘rinda davlat faqat muvofiqlashtiruvchi bo‘ladi xolos, xarajat talab qilinmaydi. Aholi o‘z puliga sotib olishga tayyor. Pandemiya kechishiga ko‘ra, hali bu mahsulotga talab susaymaydi.

Shuningdek, kimyogar va fiziklar, umuman soha bilimdonlari bu moslamalardan uy sharoitida qanday foydalanish bo‘yicha OAV orqali keng qamrovli tushuntirishlar berishlari lozim. Albatta, bu moslamalar qandaydir standartlarga mos emasdir, foydalanish xavflidir. Lekin vaziyatga real qarash kerak – juda ko‘pchilik bu moslamalardan foydalanyapti va ularning boshqa iloji yo‘q.

3. SSV statistikasidagi o‘limlar soni bo‘yicha shubhalar
Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etayotgan kundalik va tezkor statistikaga nisbatan ishonch kun sayin so‘nib bormoqda. Bu yerda har ikki tomon o‘zicha haq – SSV aniq hujjatlar asosida ish ko‘radi, bemorda aynan koronavirusni qayd etuvchi test natijalari bo‘lsagina ro‘yxatga kiritadi. O‘lim sonlari oshayotganini kuzatib turgan aholi esa o‘zi eshitgan hodisalarga ko‘proq ishonadi.

Shu o‘rinda bir mulohaza – SSV rasman koronavirusga chalingani qayd etilmagan, test olinmagan, test javobi chiqmagan, ammo yaqqol belgilariga ko‘ra COVID-19 ekani ma’lum bo‘lgan marhumlarni ham alohida e’lon qilishi kerak. Masalan, ayni paytda pnevmoniya hisobi yuritilmayapti, bu og‘ir kasallikdan – shu jumladan koronavirus asorati bo‘lgan, ammo rasman tasdiqlanmagan pnevmoniyadan o‘lganlar soni bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q.

Shunday ekan, koronavirusga chalinib vafot etganlar ma’lumotidan so‘ng bu kasallik tasdiqlanmay vafot etganlar sonini ham ko‘rsatib ketish foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu chora vahimali hamda asossiz axborotlar tarqalishining oldini oladi.

4. Go‘rkovlar
G‘alati va sovuq tuyilmasin, bu soha vakillariga ham talab kuchayyapti. Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilayotgan o‘lim ko‘rsatkichlari bilan COVID-19 tasdiqlanmagan, lekin katta ehtimol bilan shu kasallikdan nobud bo‘layotganlar soni ancha yuqoriligi aniq.

Hozirgi vaziyatda ana shunday bemorlar vafot etsa, shifoxonalarning katta-kichik xodimlari norasmiy ravishda ularni dafn qilishga (ya’ni mayitni o‘rash, olib borish, qabristonga olib kirish...) jalb qilinyapti. Bu amaliyotga chek qo‘yish kerak. Vaqtincha bo‘lsa-da, hech bo‘lmasa Toshkent va yirik shaharlarda maxsus go‘rkovlar guruhlari tashkil qilish hamda ular uchun qo‘llanma yaratish kerak.

Albatta, ishlaydiganlarni topish muammo bo‘lishi mumkin. Lekin yaxshi haq to‘lansa, albatta, ishchi topiladi. Qolaversa, savobtalab va ko‘ngillilarni ham unutmaslik kerak.

Bemor vafot etsa, o‘sha guruh darhol yetib boradi va o‘zlari tegishli tartibda o‘rab, olib chiqib ketishadi hamda dafn etishadi. Toki boshqalar aralashmasin, ayniqsa tibbiyot xodimlari qimmatli vaqtlarini yo‘qotmasinlar.

5. Yetakchi shifokorlar ko‘rigi
Mavjud vaziyatda intervyular uyushtirish uchun taniqli professor bilan bog‘langanimizda: «Karantin boshlanganidan buyon uydan chiqqanim yo‘q», deya rad qildi. Bir dotsent esa: «Avval rahbariyatimizdan ruxsat olinglar», dedi. Ruxsat olganimizdan keyin: «Endi xat bilan chiqinglar, rahbariyat ko‘rib viza qo‘yib bersin, keyin o‘rganib chiqamiz», deb silliqqina chiqib ketdi.

Qaysi davrda, qanday vaziyatda yashayapmiz, o‘rtoqlar?!

Hozir hamma jon-jahdi bilan kurashadigan payt emasmi? Aynan ana shunday nomdor ilm arboblari hozir birinchi safda bo‘lishlari shart! Chunki professorning palatalar oralab, bemorlarni ko‘rishi, kerakli tavsiyalarni berishi katta ruhiy dalda berishi allaqachon isbotini topgan.

Albatta, yirik klinikalarda bu amaliyot mavjud. Ammo yetakchi olimlarni eng quyi shifoxonalargacha jo‘natish, tezkor tavsiyalar berishni yo‘lga qo‘yishni kengaytirish zarur.

Bugun eski, befoyda va to‘siq bo‘layotgan qoidalarni unutadigan kunlar kelgan!

Abror Zohidov.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vaziyat jiddiy, stereotiplarni sindirish vaqti keldi