20:26 / 22.07.2020
3 009

Oliy ta’limda kredit-modul: yangi o‘quv yilida talabalarni nimalar kutmoqda?

Oliy ta’limda kredit-modul: yangi o‘quv yilida talabalarni nimalar kutmoqda?
Universitetga o‘qishga kirganingizdan so‘ng talaba sifatida u yerda aynan qaysi fanlarni o‘rganishni qisman bo‘lsa-da, o‘zingiz tanlashingiz mumkinligini hech tasavvur qilganmisiz?
Har bir o‘qituvchi semestr boshida talabalariga o‘z fani bo‘yicha dasturini taqdim etib, unda ushbu fan nima haqidaligi, talabalar ushbu fanni o‘rganish natijasida amaliyotda nimalar qila olishi haqida batafsil tushuntirib, shundan keyingina darslarni boshlashini-chi?

Qo‘shimchasiga deng, oliy ta’lim muassasalari (OTM) o‘zining har bir bakalavr yoki magistratura dasturlari bo‘yicha kataloglar (kitobchalar) ishlab chiqib, undan siz o‘qish davomida qaysi fanlarni o‘rganishingiz mumkinligi, ushbu fanlarni kimlar o‘qitishi, dastur davomida siz mutaxassis sifatida qanday bilim, ko‘nikma va mahoratlarga ega bo‘lishingiz haqida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin bo‘lib, shundan so‘ng o‘quv yili boshlansa-ya! Bu xususiyatlar mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga ham asta-sekinlik bilan kirib kelmoqda va bu tizimning nomi — ta’limning «kredit-modul» tizimi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentning 2019 yil 8 oktabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»ga ko‘ra, mamlakatdagi OTMlarning 85 foizi 2030 yilgacha bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tishi rejalashtirilgan. Masalan, kelayotgan 2020-21 o‘quv yilining o‘zida mamlakatimizdagi 33dan ortiq yirik OTMlar kredit-modul tizimiga o‘tishi kutilmoqda. Mazkur OTMlarda asosan ECTS kredit-modul tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, ta’limning kredit-modul tizimi o‘zi nima? Ushbu tizim talabalarga nima beradi va nimalarni bajarishni talab qiladi? Uning amaldagi ta’lim tizimidan afzalliklari nimada? Quyida ushbu savollarga qisqacha javob berishga harakat qilamiz.

Ta’limning kredit-modul tizimi o‘zi nima?
Bizga ma’lumki, hayotda ko‘p narsalarni o‘lchov birligi mavjud. Masalan, vaqt o‘lchov birligi — soniya, soat, uzunlik o‘lchovi — metr, og‘irlik — kilogramm, suyuqlik — litr, elektr kuchlanishi o‘lchovi — amper.

Savol tug‘iladi: ta’limning, xususan oliy ta’limning ham o‘lchov birligi bormi? Siz «ha, bor, oliy ta’limning o‘lchov birliklari bu bakalavr, magistr va doktor» deb aytasiz. Lekin bular ta’limning o‘lchov birliklari emas, balki uning darajalari hisoblanadi.

Kredit-modul tizimi avvalambor mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga ta’limning amaldagidan ko‘ra ancha mukammal o‘lchov birligini olib kiradi.

Unga ko‘ra, universitetda o‘tiladigan har bir fan endilikda undagi o‘qish yuklamasi miqdoriga qarab, kreditlarda aks etadi. Masalan, har bir fan o‘rtacha 5, 6 yoki 7,5 kreditlarda aks etishi mumkin. Talaba esa har semestr, o‘quv yilida muayyan miqdorda kreditlar to‘plab borishi mumkin va bu miqdorga qarab, unga bakalavr yoki magistr darajasi beriladi.

ECTS kredit-modul tizimida bir yillik kreditlar miqdori 60ni tashkil etadi. Bir o‘quv yili 2 semestrdan iboratligini hisobga olsak, talaba o‘qishi davomida har semestrda 30 kredit to‘plab borishi kerak bo‘ladi. Bakalavr dasturi odatda 4 yilligi hisobga olinsa, talaba ushbu darajani qo‘lga kiritish uchun jami 240 kredit, magistratura dasturini tugallash uchun esa 120 kredit to‘plashi talab etiladi.

Kreditlar shunchaki raqamlar emas. Har bir kredit talaba bajarishi kerak bo‘lgan ma’lum miqdordagi o‘qish yuklamasini bildiradi. ECTS kredit-modul tizimida 1 kredit o‘rtacha 25-30 soatlik o‘qish yuklamasini anglatadi. Bu degani, agar fan 6 kreditli fan bo‘lsa, talaba ushbu fan bo‘yicha belgilangan miqdordagi kreditlarni qo‘lga kiritish uchun semestr davomida 150-180 soatlik o‘qish yuklamasini bajarishi kerak bo‘ladi (25*6=150; 30*6=180).

Shunday ekan, kredit-modul tizimini joriy etgan OTMlarda talabalar har bir fan uchun belgilangan kreditlar miqdoriga qarab, o‘qish hali boshlanmasdanoq har bir fanni o‘qish va o‘rganishga qancha vaqt sarflashlari kerakligini bilib oladilar. Bu ham ta’limda shaffoflikning bir ko‘rinishidir. 1 kredit o‘qish yuklamasi (25-30 soat oralig‘ida) aynan necha soat bo‘lishini odatda har bir OTM o‘zining ichki qoidalarida belgilaydi.

Shuni ta’kidlash kerakki, 1 kredit uchun belgilangan 25-30 soatlik o‘qish yuklamasi bu fanni o‘rganish uchun sarflanadigan jami harakatlar jamlanmasi bo‘lib, unga nafaqat dars vaqti, balki talabaning fanni o‘rganish uchun uyda va kutubxonada sarflagan vaqti, imtihonlar vaqti, qo‘yingki talaba ushbu fanni o‘zlashtirish uchun sarflagan barcha tizimli harakatlari vaqtini qamrab oladi.

Shunda talabada ushbu umumiy o‘qish yuklamasining aynan qancha qismi darsga, auditoriya soatlariga to‘g‘ri keladi degan savol tug‘ilishi mumkin. Kredit-modul tizimi amaliyotida auditoriya va mustaqil o‘qish soatlari nisbati o‘rtacha 40/60 foizni tashkil etadi. Bu nisbat, boshqacha qilib aytganda, 1/1.5ga to‘g‘ri keladi, ya’ni talaba muayyan fan bo‘yicha belgilangan har bir soat dars uchun darsdan tashqari bir yarim soat mustaqil o‘qishi, tayyorlanishi kerak bo‘ladi.

Bunda OTM 1 kredit uchun 30 soatlik o‘qish yuklamasi belgilagan bo‘lsa, undan 12 soati (30*40%=12) auditoriya soatlari, 18 soati (30*60%=18) esa talabaning mustaqil o‘qish soatlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu taqsimot asosida 6 kreditlik fan o‘qish yuklamasini aniqlaydigan bo‘lsak, talaba ushbu fan bo‘yicha belgilangan kreditlarni qo‘lga kiritish uchun semestr davomida 72 soat ((30*6)*40%=72)) auditoriya darslarini, 108 soat ((30*6)*60%=108)) uyda va kutubxonada mustaqil o‘qish yuklamasini bajarishi kerak bo‘ladi.

Yuqoridagi qoidalardan shuni tushunish mumkinki, ECTS kredit-modul tizimida talabaning bilim olish vaqti tushunchasi dars vaqti tushunchasi bilan cheklanib qolmasdan, talaba o‘qish uchun sarflagan umumiy vaqt bilan o‘lchanadi. Unda bilimning manbayi faqat o‘qituvchi yoki auditoriya emasligiga ishora qilinadi. Qisqacha aytganda, kredit-modul tizimida o‘qish vaqti tushunchasiga o‘qituvchi nuqtayi nazaridan emas, balki talaba nuqtayi nazaridan yondashiladi.

Talabaning o‘qish yuklamasining bu tarzda taqsimlanishi talaba ta’lim olish jarayonida mas’uliyatni ma’lum darajada o‘z elkasiga olishi, fan bo‘yicha darsda va darsdan tashqarida muntazam ravishda o‘qib borishi kerakligini ham bildiradi.

Eslatib o‘tamiz, 1 soat auditoriya vaqti uchun talaba 1,5 soat uyda va kutubxonada o‘qishi zarur. Lekin bu jarayon ko‘p jihatdan o‘qituvchining mas’uliyatiga ham bog‘liq. Chunki talabalar o‘z vaqtlaridan samarali foydalanishlari uchun ularga darsdan tashqarida o‘qish uchun qiziqarli materiallar va topshiriqlar berib borish o‘qituvchining vazifasidir.

Shuning uchun kredit-modul tizimiga o‘tish o‘qituvchilarning ish yuklamalarini ham qayta ko‘rib chiqishni, ularning ish yuklamalari ular o‘qitadigan fan kreditlaridan kelib chiqqan holda belgilanishini taqozo etadi. Amaldagi tizimda esa o‘qituvchilar ish yuklamasi faqat auditoriya soatlariga bog‘lab qo‘yilgan. Talabaning o‘qish yuklamasi bu tarzda — auditoriya va mustaqil o‘qish soatlariga ajratilishi OTMlar kutubxonalarida sharoitlarni yaxshilash, sifatli o‘quv qo‘llanmalari ko‘lamini yanada kengaytirishni ham taqozo etadi.

Bularning barchasi ECTS kredit-modul tizimining miqdoriy tushunchalari va ishlash mexanizmi haqidagi asosiy qoidalar edi. Endi quyida kredit-modul tizimi bizga nimalarni beradi, degan savolga aniq misollar bilan javob berishga urinib ko‘ramiz.

Xo‘sh, ta’limning kredit-modul tizimi bizga nimalarni beradi?

1. O‘qish yuklamasining muvozanatli taqsimoti
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ECTS kredit-modul tizimida talaba har bir o‘quv yili uchun to‘plab borishi kerak bo‘lgan kreditlar miqdori oldindan belgilab qo‘yilgan. Bu 60 kreditni tashkil qiladi. Har bir semestr uchun belgilangan kreditlar miqdori esa 30 kreditni tashkil qiladi. Bundan tashqari, talaba har bir kreditni qo‘lga kiritish uchun belgilangan o‘qish yuklamasi miqdori ham aniq va bu 25-30 soat oralig‘ida. Shunday ekan, talabalarning har o‘quv yilidagi o‘qish yuklamasi o‘rtacha 1500-1800 soat (60*25 = 1500; 60*30= 1800), har semestrdagi o‘qish yuklamasi esa o‘rtacha 750-900 soatni tashkil etadi (30*25 = 750; 30*30= 900). Talabaning bir yillik va bir semestrdagi o‘qish yuklamasi bu miqdordan ko‘p ham, kam ham bo‘lishi mumkin emas.

Shunday ekan, talabalarning bir o‘quv yili yoki bir semestr davomidagi o‘qish yuklamasi ECTS kredit-modul tizimida faoliyat yuritadigan barcha universitetlarda deyarli bir xil bo‘ladi. Bu birxillik o‘quv dasturlariga barqarorlik va muvozanat olib kiradi. Endilikda OTMlar talabalarga bir semestrda 7ta fan, ikkinchi semestrda esa 10ta fanni o‘qishga majburlashi qiyinlashadi. Amaldagi tizimda esa bunday barqarorlik va muvozanatga kafolat yo‘q edi. Shuning uchun talabalar bir semestr davomida ba’zida 7ta, ba’zida 8ta, va yana boshqa semestrda esa 10 fanni o‘qishlariga to‘g‘ri kelyapti.

Hozirda aksariyat mahalliy universitetlarda talabalar bir semestr davomida odatda 8-10tagacha fanni o‘qishiga to‘g‘ri kelmoqda. Aslida 8-10 fanni 4 oy ichida har tomonlama o‘rganish — muammoli masala. Mamlakatimizdagi amaldagi oliy ta’lim standartlari to‘g‘risidagi qoidalarda ham OTMlar talabalarga haftasiga 36 soatgacha auditoriya mashg‘ulotlari belgilashi mumkinligi qayd etilgan. Bu 5 kunlik o‘quv haftasida kuniga 7 akademik soatni anglatadi. Bunday holatda aksar talaba fanlarni tom ma’noda o‘rganish o‘rniga kunini shunchaki darsdan darsga, xonadan xonaga yugurib o‘tkazadi. Qolaversa, shuncha vaqtni auditoriyada o‘tkazgan talaba darsdan tashqaridagi vaqtini o‘qishga sarflashiga ishonish qiyin.

Kredit-modul tizimida esa kreditlarning fanlar bo‘yicha o‘rtacha taqsimoti 5, 6 yoki 7.5 ni tashkil etadi. Bu degani talaba bir semestrda ko‘pi bilan 4, 5 yoki juda borsa 6 fan o‘rganadi (30/7.5=4; 30/6=5; 30/5=6). Bu talabalar semestr davomida o‘rganishi zarur bo‘lgan fanlarning soni amaldagidan ko‘ra ancha qisqarishini anglatadi. Ya’ni kredit-modul tizimi OTM o‘quv dasturlariga me’yor va sifat olib kirishi, ta’limni tashkil etishda son ko‘rsatkichidan sifat ko‘rsatkichiga o‘tishiga xizmat qiladi. Chunki fanlar soni bu tarzda qisqarishi talabalar o‘z vaqt va imkoniyatlarini shu kam sonli fanlarni chuqurroq va har tomonlama o‘rganishlariga imkoniyat yaratadi.

2. Fanlarni tanlash imkoniyati
O‘qishning dastlabki yillarida soha bo‘yicha umumiy bilimga ega bo‘lgandan so‘ng talabalarda ayrim yo‘nalish va fanlar bo‘yicha chuqurroq bilimga ega bo‘lish va kelajakda shu yo‘nalishda ishlashga ishtiyoq paydo bo‘lishi tabiiy. Talabalar yildan yilga mutaxassis sifatida shakllanib borar ekan, ular uchun o‘qish dasturidagi ayrim fanlarning ahamiyati ortib, ayrim fanlarning ahamiyati kamayib boradi.

Hozirda universitetlar qat’iy belgilab qo‘yilgan o‘quv dasturlari asosida ish yuritadi. Ya’ni, talabalar o‘qishga kirgandan boshlab to bitirgunga qadar dasturda belgilangan barcha fanlarni o‘rganishga majbur. Bu qay darajada to‘g‘ri? OTMda ta’lim olayotgan talabalar qat’iy belgilangan standart o‘quv dasturi asosida ta’lim olishi shartmi? Dasturdagi barcha fanlar har bir talabaning qiziqishlari, kelajak rejalariga to‘g‘ri kelmasa-chi?

Aslida, har bir talaba o‘z qiziqishlari, imkoniyatlari, kelajakda qaysi kasbni egallashi va bu uchun kerakli fanlarni universitet ma’muriyatidan ko‘ra yaxshiroq biladi. Talabani majburlab xonada olib o‘tirish mumkin, lekin uning fikr va e’tiborini xonada ushlab o‘tirib bo‘lmaydi.

Kredit-modul tizimiga o‘tishning muhim jihatlaridan yana biri bu — o‘quv dasturiga tanlov fanlarining kirib kelishidir. Unga ko‘ra, talabalar o‘qishning dastlabki yillarida sohaga oid asosiy, umumkasbiy fanlarni o‘zlashtirib, soha bo‘yicha umumiy bilimni egallab olganlaridan so‘ng, sohaga oid maxsus fanlarni o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib o‘zlari tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunda OTM talabalarga o‘quv yili davomida taklif qilinayotgan tanlov fanlarning ro‘yxatini va ular haqida batafsil ma’lumot taqdim etadi.

Talabalar esa ushbu ro‘yxat va ma’lumotlar asosida o‘zlari qiziqqan fanlarni tanlaydilar. Bu jarayon har bir talaba o‘zining bakalavriat yoki magistratura o‘qish dasturini ma’lum ma’noda o‘zi shakllantirishiga imkon yaratadi. Ya’ni, guruhda 50 nafar talaba bo‘lsa, ularning har biri o‘z qiziqishlariga ko‘ra o‘z o‘qish dasturlariga ega bo‘lishadi.

Tanlov fanlari soni kursdan kursga ko‘payib borishi zarur bo‘ladi. Chunki talaba kursdan kursga o‘tgani sari mutaxassis sifatida shakllanib boradi va unda mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati ham shakllanib boradi. OTMlar esa asta-sekinlik bilan talabalarga o‘z fakultetlaridan tashqarida, ya’ni boshqa fakultetlardan ham tanlov fanlari olishga imkoniyat yaratishlari zarur.

Fanlarni tanlash amaliyoti nafaqat talabalar uchun o‘zlari xohlagan yo‘nalish bo‘yicha chuqurroq bilim olishlariga imkoniyat yaratadi, balki OTM o‘quv dasturidagi fanlar tarkibi tabiiy ravishda saralanib borishiga ham xizmat qiladi. Chunki talabalar qiziqish va ehtiyojlariga javob bermaydigan fanlar dasturini tark etib borishadi, o‘rganayotgan fanlari ro‘yxatini davr talablari va qiziqishlariga moslashtirishadi.

Bunda o‘qituvchi uning fani o‘ziga yetarli miqdorda talabalarni jalb qila olishi uchun doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, fanning talabalar uchun ahamiyatini saqlab qolish uchun darslar sifatini doimiy ravishda yaxshilab borishi zarur bo‘ladi. Aks holda ushbu fan o‘quv dasturidan chiqib ketishi va o‘qituvchi o‘z ishini yo‘qotib qo‘yishi mumkin bo‘ladi. Bu jarayon darslar sifati yaxshilanishiga ham xizmat qiladi.

Fanlari tanlash amaliyoti rivojlangan davlatlarda o‘zining foydasini isbotlagan amaliyotdir. Ulardagi fan taraqqiyoti, rivojlangan iqtisodiyot, mutaxassislarning salohiyati xususan ta’limdagi aynan shu jihat bilan ham bog‘liq.

Shunisi aniqki, kredit-modul tizimi tarixi, uning paydo bo‘lishi fanlarni tanlash amaliyoti bilan chambarchas bog‘liq. Ya’ni, kredit-modul tizimining yuzaga kelishiga tanlov fanlari amaliyoti sabab bo‘lgan. Shunday ekan, agar OTM o‘zida kredit-modul tizimini joriy etsa-yu, o‘quv dasturlariga fanlarni tanlash imkoniyatini olib kirmasa, ushbu OTM tom ma’noda kredit-modul tizimida faoliyat yurityapti, deb bo‘lmaydi.

3. O‘quv dasturlarida fanlarning saralanishi
Tasavvur qiling, siz palov pishirmoqchisiz. Bunda sizga asosan go‘sht, yog‘, sabzi, piyoz va guruch kerak bo‘ladi. Siz bu taomni tayyorlash uchun odatda sholg‘om yoki kartoshka ishlatmaysiz. Chunki bular siz tayyorlamoqchi bo‘lgan taomga to‘g‘ri kelmaydi. Agar siz palov tayyorlashda sabzi o‘rniga sholg‘om qo‘shib yuborsangiz, taomingiz boshqacha chiqib qoladi, bundan esa o‘sha taomni iste’mol qiluvchilar ranjiydi. Shu kabi, mutaxasis tayyorlash ham mutaxassislikka oid eng zaruriy bilim, ko‘nikma va mahoratlarni bo‘lajak mutaxassisda shakllantirishdan iborat. Agar talabaga zarur mutaxassislik bilim va ko‘nikmalar qolib, boshqa narsalar o‘rgatilsa, natijada unda mutaxassislikka oid jihatlar to‘liq shakllanmay qolsa, ishga oluvchi tashkilot bitiruvchidan ham, uni tayyorlagan ta’lim muassasasidan ham hafsalasi pir bo‘ladi.

Hozirda oliy ta’lim o‘quv dasturlarida talabaning mutaxassisligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi bo‘lmagan fanlar yetarlicha. Masalan, aksariyat universitetlarda 1-kursda, ayrim hollarda yuqori kurslarda ham jismoniy tarbiya, dinshunoslik, etika, estetika va shunga o‘xshash boshqa fanlar o‘tiladi. Bu fanlarni odatda talabalarning mutaxassisligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi yo‘q bo‘lsada, OTM o‘quv dasturlarida anchagina joy va vaqtni egallaydi. Qolaversa, talaba jismoniy tarbiya fanini OTMda faqat 1-semestr yoki bir yil o‘rganishi – g‘alati hol. Bir mutaxassis ta’kidlaganidek, «go‘yoki jismoniy salomatlik va sport talabaga faqat bir semestr yoki bir yil kerak bo‘ladi».

Nazarimizda, bu kabi fanlarning aksariyati maktabning yuqori sinf dasturlariga xos bo‘lishi kerak. Agar talaba ushbu fanlar bo‘yicha maktabda bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan bo‘lsa, ularni universitet darajasida yana takrorlashga qanday ehtiyoj bor? Undan ko‘ra, talaba shu vaqtni o‘z sohasini chuqurroq o‘rganishga sarf qilgani yaxshimasmi? To‘g‘ri, dinshunoslik, etika va estetika kabi umumiy fanlar yoshlarni shaxs sifatida shakllanishida katta rol o‘ynashi mumkin, lekin hozirda maktab bitiruvchilarining bor yo‘g‘i 10-20 foizigina OTMga kirmoqda. Bu degani, agar bu fanlar maktab yuqori sinflarida o‘rgatilmasa, maktab bitiruvchilarining aksariyati bunday bilimga ega bo‘lmaydi. Bu kabi fanlar yoshlarni shaxs sifatida shakllanishi uchun muhim deb hisoblansa, unda ular maktabning yuqori sinflarida o‘rgatilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

OTM o‘qish dasturlarini umumiy, mutaxassislikka to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi bo‘lmagan, o‘zini takrorlovchi fanlar bilan to‘ldirilishi talaba universitetdagi qisqa va eng qimmatli vaqtidan samarali foydalana olmasligiga olib kelmoqda. Natijada bitiruvchilar orasida amaliyotga borgandan so‘ng bizga bunday narsalarni universitetda o‘rgatishmagan degan holatlar juda ko‘p uchramoqda.

ECTS kredit-modul tizimida esa OTMlar o‘zining har bir bakalavr va magistratura o‘quv dasturi maqsadlarini oldindan aniq belgilab olishi talab etiladi. Ya’ni, ular muayyan mutaxassislik bo‘yicha o‘qish dasturini yaratishdan avval o‘z oldilariga quyidagi savollarni qo‘yishlari talab etiladi:
- Biz qanday mutaxassis tayyorlamoqchimiz?
- Bizning bitiruvchilar aynan qanday bilimga ega bo‘lishi, nimalarni tushunishi va uni tamomlagandan so‘ng nimalarni qila olishi kerak?

Har bir OTM bakalavriat va magistratura dasturi turlicha bo‘lgani sababli, maqsadlari ham turlicha bo‘lishi tabiiy.
Ya’ni, OTMlar o‘zlarining har bir bakalavr va magistratura o‘quv dasturining maqsadlarini bitiruvchi dastur davomida qo‘lga kiritishi zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va mahoratlar shaklida oldindan aniq belgilab olishlari zarur. Bu kredit-modul tizimi tili bilan «Program Learning Outcomes» deb ataladi. O‘quv dasturi maqsadlari belgilab olingandan so‘ng, endilikda dasturda faqat shu maqsadlarga xizmat qiluvchi fanlargina saqlab qolinadi yoki dasturga kiritiladi, qolgan fanlar esa dasturni tark etishi zarur.

Inchunun, OTMlar o‘z o‘quv dasturlarini iqtisodiyot, mehnat bozori va talabalar ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda erkin shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun 2001 yil 16 avgustda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan «Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirish kiritilishi va OTMlarga o‘quv dasturlarini o‘zlari erkin shakllantirishga imkoniyat berilishi kerak. 19 yil avval ishlab chiqarilgan standart bugungi zamon talablariga javob bermasligi ehtimoli yuqori. Zero, iqtisodiyot va mehnat bozori talablari o‘zgargan sari OTMlar ham o‘z o‘quv dasturlarini muntazam ravishda baholab borishga, zarur bo‘lsa o‘zgartirishga imkoniyati bo‘lishi kerak.

4. Bakalavr va magistratura dasturlariga shaffoflik kirishi
Kredit-modul tizimi joriy bo‘lsa OTM lar nafaqat har bir o‘qish dasturlari maqsadlarini oldindan belgilab olishlari zarur bo‘ladi, balki bu maqsadlarni o‘zlarining bo‘lg‘usi va hozirdagi talabalariga oldindan, shaffof tarzda yetkazishi kerak bo‘ladi. Hozirda mahalliy OTMlarga hujjat topshirayotgan talabalar o‘zlari hujjat topshirayotgan bakalavr yoki magistratura dasturlarida aynan nimalarni o‘rganishlari mumkinligi haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas.

Aksariyat hollarda abituriyentlarga faqat universitet, fakultet va dastur nomigina ma’lum. Hatto universitetda o‘qiyotgan talabalar keyingi semestrda qaysi fanlarni o‘qishlarini faqat o‘sha semestr boshidagina biladilar. Ya’ni, abituriyentlar va talabalarga bakalavr yoki magistratura dasturlarining maqsadlari, unda o‘rganiladigan fanlar, dastur davomida qanday bilim, ko‘nikma va mahoratga ega bo‘lishlari haqida yetarlicha ma’lumot berilmaydi.

Abituriyent yoki talabaga bu ma’lumotlar nima uchun oldindan taqdim etilishi zarur?
Bunga juda ko‘p sabablarni keltirish mumkin. Masalan, hozirda talabalarga bir paytning o‘zida bir necha universitetga hujjat topshirish imkoniyati berilmoqda. Shunday ekan, ular bir paytni o‘zida bir nechta OTMga qabul qilinishi mumkin. Bo‘lg‘usi talabalar qaysi OTMning qaysi dasturiga hujjat topshirish va ularga qabul qilingandan so‘ng tanlovni amalga oshirishi uchun OTM va ularning dasturlari haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lishga haqlidirlar.

Tanlov uchun OTM yoki undagi dasturlarning nomini bilishning o‘zigina yetarli emas. OTMlar soni ko‘paygan sari endilikda talabalar undagi dasturlarning nomiga qarab emas, balki sifatiga qarab tanlay boshlaydi. Ya’ni, abituriyentlar hayotlarini 4 yoki 2 yilini va qiynalib topilgan pullarini nimaga sarmoya qilayotganliklarini oldindan bilishlari kerak. Qolaversa, har bir talaba OTMga ancha miqdorda kontrakt puli to‘layotgan mijoz sifatida muayyan o‘qish dasturi haqida batafsil bilishni istaydi.

Kredit-modul tizimiga o‘tgandan so‘ng universitetlar o‘zlarining har bir bakalavr va magistratura dasturlari bo‘yicha dastur katalogini, ya’ni kitobchasini ishlab chiqishiga to‘g‘ri keladi. Unda har bir bakalavr va magistratura o‘quv dasturning maqsadlari, qabul qoidalari, OTMdagi o‘qish sharoitlari, akademik taqvim, talabalar 4 yillik yoki 2 yillik dastur davomida aynan qaysi fanlarni o‘qishlari mumkinligi, ushbu fanlarning qisqacha tavsifi, qaysi fan aynan qaysi kursda o‘rganilishi, ularni aynan kimlar o‘qitishi, OTMda talabalar uchun yotoqxona imkoniyatlari, talabalarning bir oylik o‘rtacha yashash xarajatlari, OTMda qo‘llanadigan baholash usul va mezonlari haqida abituriyent va talabalarga oldindan, shaffof tarzda ma’lumot berilishi zarur bo‘ladi. Bu ma’lumotlar har yangi o‘quv yili boshida kitobcha tarzida talabalarga tarqatiladi yoki universitet veb-sahifasida yuklab olish mumkin bo‘lgan formatda joylashtiriladi.

5. O‘quv mashg‘ulotlarini shaffof tarzda tashkil etish
Hozirda mamlakatimizdagi aksariyat OTMlarda talabalar semestr boshida darslar boshlanishi arafasida faqat o‘sha semestrda o‘tiladigan fanlarning nomi, ularni o‘qitadigan o‘qituvchilar ismlari, darslar qaysi payt qaysi xonalarda o‘tishi haqida ma’lumotga ega bo‘ladilar, xolos. Talabalarga ushbu fanlarning maqsadlari, ularni talaba mutaxassis bo‘lib yetishishida tutgan o‘rni, talaba ushbu fanlar orqali qanday bilim, ko‘nikma va mahoratlarga ega bo‘lishi kutilayotgani haqida ma’lumot deyarli berilmaydi. Chunki amaliyotda universitet fanlari haqidagi bunday ma’lumotlar talabalarga tizimli, yaxlit va shaffof tarzda taqdim etilmaydi.

Kredit-modul tizimida esa OTMning har bir o‘qituvchisi o‘zining har bir fani bo‘yicha 4-5 varaqli fan dasturiga ya’ni «sillabus»ga ega bo‘lishi va uni semestr boshida talabalarga taqdim etishi kerak bo‘ladi. Fan dasturi o‘z ichida ushbu fanning maqsadlari, uning o‘quv dasturida tutgan o‘rni, talabaning kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun ahamiyati, talabalar ushbu fanni o‘rganish natijasida nimalar qila olishi, ushbu fan bo‘yicha semestr davomida o‘rganiladigan mavzular ro‘yxati, talabalar foydalanishi zarur va mumkin bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxati, baholash mezonlari haqidagi ma’lumotlarni qamrab oladi.

Agar fan tanlanadigan fan bo‘lsa, talaba uchun bunday ma’lumotlarning ahamiyati yanada ortadi. Talaba, yuqorida aytilganidek, fanni tanlash yoki tanlamaslik bo‘yicha qarorga kelishi uchun fanning nomini yoki uni o‘qitadigan o‘qituvchining ismini bilishining o‘zigina kifoya qilmaydi. Talaba bunday qarorga kelishi uchun fan bo‘yicha yetarli ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Fan dasturidan ko‘zlangan maqsad juda oddiy – OTMlarda dars jarayonlarini shaffof, maqsadli va reja asosida tashkil etishga erishish. Bu amaliyot avvalambor o‘qituvchini o‘zi o‘qitmoqchi bo‘lgan fan maqsadlari va ahamiyatini o‘zi tushunib olishiga undaydi. Zero, afsuski, amaliyotda o‘zi o‘rgatayotgan fanining maqsadlarini bilmaydigan o‘qituvchilar ham yetarlicha.

Agar o‘qituvchi o‘z fani maqsadlarini oldindan aniq belgilab olsa, u semestr davomida barcha ta’lim harakatlarini mana shu maqsadlarga erishishga qaratadi. Imtihonlar ham talabalarning shu ko‘zlangan maqsadlarga erishgan-erishmaganini tekshirishga qaratiladi. Agar fanning maqsadlari belgilanmasa yoki u talabaning mutaxassis sifatida shakllanishiga hizmat qilmasa, ushbu fan o‘quv dasturida qolishi to‘g‘ri emas. Lekin ushbu amaliyot OTM tomonidan o‘qituvchilar ustidan nazoratni haddan tashqari kuchaytirib yuborishiga, o‘qituvchilarni shu bahona jazolashga va qog‘ozbozlikka ham olib kelmasligi kerak.

Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, mamlakatimiz OTMlari kredit-modul tizimiga o‘tishi bu muayyan miqdordagi kreditlarni yil, semestr va fanlar bo‘yicha taqsimlab qo‘yishning o‘zidan iborat emas. Afsuski, hozirda ayrim OTMlar kredit-modul tizimiga o‘tishni shunday tushunishmoqda.

Agar kredit-modul tizimi to‘g‘ri va to‘liq joriy etilsa, u mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga juda katta ijobiy xususiyatlarni olib kirishini kutish mumkin. Jumladan, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga ta’limning jahon tan olgan mukammal o‘lchov birligining olib kirilishiga, OTMlar o‘quv dasturlarida muvozanat va me’yor paydo bo‘lishiga, OTMlarda o‘qish jarayonining shaffoflashishiga, o‘quv dasturlari iqtisodiyot, mehnat bozori va talabalar ehtiyojlari asosida shakllanishiga, darslarning sifati yaxshilanishiga va nihoyat har bir talaba ma’lum ma’noda o‘zining mustaqil o‘quv dasturiga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.

Agar mahalliy OTMlar kredit-modul tizimiga o‘tsalar-u, yuqoridagi maqsadlarga erisha olmasalar yoki erishishga harakat qilmasalar, unda OTMlarimiz kredit-modul tizimiga tom ma’noda o‘tgan hisoblanmaydi.

Vohid O‘rinov, PhD
Kanadaning Nyu-Bransvik Universiteti assosheyt professori,
«El-yurt umidi» jamg‘armasi huzuridagi Xalqaro ekspertlar kengashi a’zosi.

Azizjon Umarov, MA
Qo‘qon universiteti mas’ul xodimi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy ta’limda kredit-modul: yangi o‘quv yilida talabalarni nimalar kutmoqda?