12:24 / 23.07.2020
2 312

«Buz-buz»larga oid mashmashalardan tortib popugi pasaytirilgan mansabdorlargacha…

«Buz-buz»larga oid mashmashalardan tortib popugi pasaytirilgan mansabdorlargacha…
Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) sudlarning joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati hamda sud-huquq sohasidagi muhim va dolzarb masalalar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.
1
DAVLAT ORGANLARI, vazirlik va respublika miqyosidagi tashkilot rahbarlarining ommaviy axborot vositalari (OAV) vakillari uchun tez-tez brifing tashkil etishi yaxshi an’anaga aylanib borayotgandi. O‘tgan yilning oxiriga kelib, bunday tadbirlar o‘rnini sekin-sekin tegishli virtual shakldagi «matbuot xizmati xabarlari» egallashga o‘tdi. Mas’ullar uchun shunisi qulay ekani aniq. Rost-da, jurnalistlarga «tirik nishon» bo‘lgandan ko‘ra, jimjimali hisobot-u axborotlarni matbuot xizmatlari orqali tarqatish qaysi rahbarga yoqmaydi?!
2
JORIY YILNING birinchi choragi oxiriga kelib, karantin qoidalari joriy etilishi bilan, mutasaddilarning «qulog‘i tinchidi». Pandemiyaga qarshi kurashga mas’ul idorlarni aytmasa, boshqa tashkilotlarga OAV uchun maxsus brifing tashkil etish tashvishi qolmadi hisob. Hozirgi sharoitdan kelib chiqilsa, «tinch quloq — ko‘ngil huzuri» deyishga til bormaydi. Biroq surnay navosini eshitsa, dorbozning tovoni qichiganidek, bugun har qadamda «aji-i» deb chiqib kelayotgan muammolar OAV xodimlarida ko‘plab savollar tug‘dirayotgani bor gap. Savollarga ochiq muloqotlar chog‘ida to‘laroq javob olish e’tiboridan an’anaga aylanay-aylanay deganda «depsinib qolayotgan» brifinglarni sog‘inib qolganimiz chin.
3
SHU MA’NODA, kecha Oliy sud tomonidan tashkil etilgan brifing «cho‘llab qolayozgan» OAV xodimlari uchun kichik chashma vazifasini o‘tadi. Oliy mahkama jurnalistlardan qochadigan emas, peshvoz chiqishdan cho‘chimaydigan organga aylanib borayotgani rost (buni e’tirof etmaslik insofdan bo‘lmaydi — Oliy sud tashabbusi bilan maxsus brifinglardan tashqari har oyda bir marta OAV xodimlari bilan uchrashuvlar tashkil qilinayotgandi, pandemiya sabab bunday tadbirlar «dam yeb» qolgani — bu endi inson omiliga bog‘liq emas). Nima deysizki, sud tizimi mutasaddilari bilan qancha ko‘p jonli muloqotlar o‘tkazilmasin, hammasi bahs-munozaralarga boy o‘tadi, ba’zan tortishuvlar «chegaradan chiqib» ketishini-ku, aytmang...

Savollar ko‘p-da, tizim xodimlariga.
4
KЕCHAGI TADBIRDA Oliy sud raisining naq uch nafar o‘rinbosari ishtirok etdi (kam uchraydigan holat). Uchchalasi ham zerikib qolgani yo‘q. Aksincha, paydar-pay berilgan savollardan yaxshigina «terlashdi» hatto. E’tiborlisi, tadbirda savol berolmay qolgan OAV xodimi qolmadi. Berilgan savollar ham ochiq qolgani yo‘q... Javoblardan jurnalistning «qorni to‘ygan-to‘ymagani» — boshqa gap endi.

CHUCHVARADAN MAQSAD — go‘sht yemak bo‘lganidek, brifingdan muddao — axborot berishdir. Tadbirdagi savol-javoblarni bitta maqolga sig‘dirish imkonsiz, shu bois ular haqida alohida-alohida xabarlar tayyorlashni yaqin kelajakka qoldirib, o‘tgan yarim yilda sudlar faoliyatini aks ettiruvchi raqamlarga murojaat qilsak.
5
JINOYAT ISHLARI BO‘YICHA sudlar tomonidan o‘tgan yarim yilda 17251 (o‘tgan yilning shu davrida ayni raqam 18745 nafarni tashkil etgan) nafar shaxsga nisbatan 13991 ta (2019 yilda — 14269) jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. Shundan, 3374 (2845) ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 3535 (3028) nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan (darvoqe, yarashuv instituti joriy etilgan 2001 yil 18 oktabrdan hozirgi kunga qadar bunday toifadagi 210322 ta jinoyat ishi bo‘yicha 226863 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, ularga «sudlangan» tamg‘asi bosilmaydi).

AYTILISHICHA, UMUMIY JINOYATLAR SONI o‘tgan yilgiga qaraganda kamaygan. Biroq voyaga yetmagan (yoki mehnatga layoqatsiz) shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, qo‘shmachilik (yoki fohishaxona saqlash), harakat xavfsizligi qoidalarini buzish, bezorilik kabi jinoyatlar soni sezilarli ravishda ko‘paygan. E’tiborlisi, yarim yilda 256 ta ish bo‘yicha 371 nafar shaxs oqlangan yoki ishlar reabilitatsiya asoslarida tugatilgan (keyingi uch yilda oqlanganlarning umumiy soni 2360 nafarni tashkil etadi). Sudda abjag‘i chiqib, oxir-oqibat sudlanuvchilarning oqlanishiga olib kelgan «delo»larning 58 foizi (yarmidan ko‘prog‘i!) prokuratura, 28 foizi DXX, qolgan 14 foizi IIB tergovchilari «ijodiga» (tasdiqlanmagan ayblov shunaqa deyladi-da!) to‘g‘ri keladi. Demak, tergovdagi sifat muammosi og‘riqligicha qolmoqda...

DARVOQЕ, JINOYAT ISHLARI bo‘yicha sudlar to‘la tarkib bilan ishlayotgani yo‘q. Ma’lumotlarga qaraganda 73 ta sudyalik shtati o‘z egasini kutib yotibdi (jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda jami 434 ta sudyalik lavozimi shtatlari mavjud bo‘lib, ayni paytda 361 nafar sudya faoliyat ko‘rsatyapti).
6
FUQAROLIK ISHLARI BO‘YICHA ishlar — sudning eng g‘urbat tarmog‘i hisoblanadi (norasmiy tarzda aytganda, albatta). Fuqarolik-huquqiy munosabatlar kelib chiqadigan nizolarning turi ko‘p, ko‘z ilg‘amas qirralari, shuningdek, ma’lum vaqt o‘tgach, lop etib chiqib qoladigan yangi holatlari ham yo‘q emas. Ayni omillar nizo bo‘yicha jarayon uzoq davom etishiga sabab bo‘lishi aniq. Buni bilgan biladi, bilmagan yo‘q: shu va shu kabi sabablar natijasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalar boshida ko‘p kaltak sinishini ham.

PANDЕMIYA SABAB fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ayrim toifadagi ishlar (uydan ko‘chirish, uyga kiritib qo‘yish, nikohni bekor qilish va hokazo) ko‘rilishi vaqtincha to‘xtatilgan. Shunga qaramay, ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga (91744 ta) qaraganda ko‘p: 92348 ta! Fuqarolik sudiga murojaat qilganlarning aksariyati murodi hosil bo‘lgan ko‘rinadi (67488 ta da’vo ariza qanoatlantirilgan), 10368 ta da’vo ariza asossiz deb topilib, rad qilingani ayrim da’vogarlarga «yilt etgan har narsa tillo emasdir» maqolini eslatsa, ajabmas. 4030 ta holatda da’vo yuzasidan ish yuritish tugatilgani, 10462 ta ariza ko‘rmay qoldirilgani zamirida esa ko‘proq tomonlarning murosa-yu madorasi yotadi. Bunda sudyaning hissasi katta.

«BUZ-BUZ»LARGA OID MASHMASHALARni suddan ayro tasavvur qilib bo‘lmay qolgani bor gap. Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallanganiga oid nizolar bilan bog‘liq ishlarni-ku, aytmang. Bu borada Oliy sud bayonot ustiga bayonot berishga majbur bo‘layotganining o‘zi haqiqiy manzaralarni takror-takror tushuntirishga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi. Kechagi tadbirda ham ayni masala yana ko‘tarildi. Aytildiki, o‘tgan vaqt davomida 13510 ta da’vo talabi asosida 10115 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, shundan 8111 tasi qanoatlantirilgan.

Biroq bu «buz-buzlar»ga oid pachka-pachka sud qarorlari chiqarilyapti, mazmunidagi malomatlarga asos bo‘lolmaydi. Kiritilgan da’volarning 486 tasi asossiz deb topilib, rad etilgan, 646 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan bo‘lsa, 872 ta da’vo talabi ko‘rmasdan qoldirilgan. O‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydoniga qurilib, odamlar yashayotgan uy-imoratlarni buzishga oid 1688 ta da’vo talabini ko‘rib chiqish Oliy sud rahbariyati tashabbusi bilan to‘xtatilganini nahot yana takrorlash shart bo‘lsa?!
7
IQTISODIY ISHLAR BO‘YICHA sudlarda olti oyda (birinchi instansiya sudi sifatida) 51727 ta ish ko‘rib chiqilgan. Jami 1769 ta sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgani alohida ta’kid etildi. Negaki, bu ishtirok etuvchi shaxslarning 3274 nafar vakili o‘zlari joylashgan hududlardan chiqmagan holda (masofdan turib) sudda ishtirok etganini, buning natijasida qariyb 926,3 mln. so‘m mablag‘i tejalganini anglatadi-da. Hal etilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 2,9 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan. Ko‘rib chiqilgan ishlarning 14255 tasi xususiy tadbirkorlar, kichik biznes sub’ektlari va fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid bo‘lib, ular foydasiga undirilgan mablag‘lar miqdori 824,7 mlrd. so‘mni tashkil etadi.

YANA BIR GAP. Sudlarda (hammasida) nizo ko‘rilib, qarorlar chiqarilar ekan, bu sudyaning ishi shu bilan yakuniga yetganini anglatmaydi. Avvallari ko‘pam ko‘zga tashlanmasdi, keyingi paytlarda ishlarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash bo‘yicha qo‘shimcha sud aktlari chiqarilayotgani yaqqol ko‘zga tashlanayotir. Mana, birgina iqtisodiy sudlar tomonidan shu mazmunda jami 1272 ta sud akti qabul qilingan. Ya’nikim, (mansabdorlarga nisbatan) 125 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan, 198 ta moddiy, 250 ta intizomiy chora qo‘llash haqida qaror, qonunbuzarliklarning oldini olish va kelgusida takrorlanmasligi yuzasidan 699 ta xususiy ajrim chiqarilgan...

Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan munosabatda ko‘pgina mansabdorlar chegaradan chiqib ketyaptida, sirasi.
8
MA’MURIY SUDLAR — yangi huquqiy institut. Ayni sudlar tashkil etilishi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning yuklamalarini ancha yengillashtirgani ayon. Quyidagi raqamlardan mazkur sud tashkil etilmasidan avval boshqa sudlardagi ishlar hajmi qanday bo‘lganini tasavvur qilib olavering: 2020 yilning birinchi yarmida ma’muriy sudlarda 183 137 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan 149684 ta ish ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, yuridik shaxslar va fuqarolardan kelib tushgan 6871ta ariza bo‘yicha ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid nizolar hal etilgan...

JAMI MA’MURIY HUQUQBUZARLIKLAR to‘g‘risidagi ishlarning 101 907 tasi (68,1 foizi) bo‘yicha 120 484 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan. O‘tgan davr davomida ma’muriy sudlar tomonidan Majburiy ijro byurolariga 67183 ta — 105,1 mlrd. so‘mlik ijro varaqlari yuborilgan. Hozircha shundan 51,0 mlrd. so‘mi xazinaga tushibdi...

ISHLAR TAHLILIGA KO‘RA, mast holda avtomashina boshqarish va to‘lov intizomiga rioya etish masalasida katta ijobiy siljish bor. Shuning barobarida mayda bezorlik (MJtK, 183-modda), IIB xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik (MJtK, 194-modda) kabi ma’muriy huquqbuzarliklar soni keskin ortgan.

DARVOQЕ, taqdim etilgan ma’lumotda «Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish»ga (MJtK, 56-modda) oid ishlar borasida hech gap yo‘q. Shubhasiz, pandemiya sabab bunday ishlar soni o‘tgan yilgiga taqqoslab bo‘lmaydigan darajada ortib ketgan. Bunday toifa ishlarning soni va salmog‘i haqida gapirib, yaraga tuz sepgisi kelinmadi, chamasi...

SHUNDAY GAP YURADIKI, ma’muriy sud sudyalarining ishi boshqa sudlarga taqqoslaganda oson, ixcham-ixcham «delo»lar ko‘rilib, qaror chiqariladiki, bunda ortiqcha riyozat chekish yo‘q... Albatta, bu o‘ta-o‘ta nisbiy gap. Ko‘rilayotgan ishlarning quvvatida farq bo‘lishi mumkin, biroq, har qaysi sudda, mohiyatan, baribir inson taqdiri turadi. Ma’muriy sudlarda «ixcham-ixcham» ishlar ko‘rilishi to‘g‘ri. Biroq ommaviy-huquqiy munosabatlarga doir ishlarni hal qilish mazkur sud sudyalarining chekiga tushgan.

Ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid nizo — mansabdorlarning «panjasiga panja»ga urish deganidir. Bu (sudyadan) professional layoqatdan tashqari professional jasorat ham talab qiladigan omil. Nima, sudlarga yetadigan «ko‘rinmas qo‘llar» yo‘q deysizmi?! Bo‘lganda qandoq. Shunga qaramay ma’muriy sudlarda ozmuncha mansabdorning popugi pasaytirilayotgani yo‘q... Bardavom bo‘lsin.
9
YANA IKKI OG‘IZ GAP. Yuqoridagi bayonlar, keltirilgan muxtasar raqamlardan (raqamlar g‘ij-g‘ij, keraklisi keltirildi) sudlar faoliyatida haqida ozir-ko‘pdir tasavvur ega bo‘ldingiz, chog‘i. Qabul qilinayotgan ishlarning soni boshqa, sifatida boshqa, albatta. Sifat masalasi boshqa mavzu va u boshqacha ohangni talab qiladi, aslida. Quyi sudlar tomonidan chiqarilayotgan qarorlarning 3 foizidan 8 foizigachasi yuqori sudlarda o‘zgartirilayotgani yoki bekor qilinayotgani aytiladi. Foiz hisobida olinsa, raqam katta emas.

Biroq ko‘rilayotgan ishlarning umumiy sonidan kelib chiqilsa, kichkina raqamlarga jo bo‘lgan ishlar miqdori to‘rt xonali sonlarga yaqinlashib qoladi. Bundan vahima yasalmoqchi emas. Sudlarning bir necha pog‘onaga bo‘lib qo‘yilganidan maqsad shu: quyi sudlarda yo‘l qo‘ylishi ehtimoli bo‘lgan xato-kamchiliklar yuqori bosqichlarda bartaf etilib, pirovardida, qonuniylikni ta’minlashdir. Bu tushunarli. Ammo o‘tgan olti oyda ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 35 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgani, olti nafari vazifasidan ozod etilgani ularga qo‘yilayotgan talabga ham, kadrlar bilan bog‘liq muammolarga dalolat qiladi...

Shunisiga endiyam «yo‘-o‘q!» demaylik?!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Buz-buz»larga oid mashmashalardan tortib popugi pasaytirilgan mansabdorlargacha…