16:16 / 23.07.2020
5 648

«Bema’ni karantin! Toshkentdagi ahvolni ko‘ring!»

«Bema’ni karantin! Toshkentdagi ahvolni ko‘ring!»
Foto: «Xabar.uz»
«Agar biz karantin qoidalarini yurtimizning barcha hududlarida 20 kunga joriy qilib, unga to‘liq amal qilib o‘tkazadigan bo‘lsak, biz kasallik tarqalishi zanjirini 90-95 foizga uzib qo‘yamiz...». Bu Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrionologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Anvar Alimovning 10 iyuldan joriy etilgan karantin choralari oldidan aytgan gaplari.

O‘sha brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtab a’zosi Habibulla Oqilov 20 kunlik karantinning joriy etilishi — nafaqat kasallik zanjirining uzilishiga, balki shifokorlarning ham ozgina dam olishiga sharoit yaratishini, chunki shifokorlarimiz ham jismoniy, ham ruhiy tomondan charchashganini... qolaversa, simptomsiz yurgan kasallar soni 2-3 baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligini qayd etgandi.

Zanjir uzilmadi
Mana, o‘sha 20 kunlik karantinning 13 kuni o‘tdi. Kasallik kamaydimi? Yo‘q. Sog‘liqni saqlash vazirligining kuniga uch mahal berib boradigan hisobotida «aholi orasida» degan termin o‘z-o‘zidan «yo‘qolib» qolganini inobatga olmasa, yangi kasallanish holatlari ortsa-ortdiki, kamaygani yo‘q. Birgina Toshkent shahrida ba’zi kunlarda 200 nafargacha odamlar orasida kovid yuqtirganlar aniqlanmoqda. Koronavirus o‘chog‘i karantin markazlari emas, aholi yashash maskanlari bo‘lib qoldi (kechagi statistikaga e’tibor bering: Karantin muassasalarida 93 kishida, fuqarolar orasida 405 kishida aniqlangan). Shundan hali test topshirmagan yoki topshira olmayotgan va uyida dardiga davo izlab yotganlar qancha.

Vaziyat jiddiyligi prezident o‘tkazgan so‘nggi yig‘ilishlarda ayon bo‘lib qoldi. Tez yordam yetishmasligidan nafaqat kovidga chalinganlar, boshqa bemorlar ham hayotdan erta ko‘z yumayotgani ochiqlandi. Ayrim rahbarlarga «hayfsan», qolganlariga jiddiy ogohlantirish berilganidan keyin biroz qimirlab qolishdi. «Tez yordam» 15 daqiqada keladigan bo‘ladi deyildi (qani edi), Toshkentda minglab yangi koykalar, «O‘zekspomarkaz»da Taqsimlash markazi tashkil etildi, uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga bepul dori yetkazish (shu masalada haligacha e’tirozlar ko‘p) va nihoyat, «soqqani» boshqalar qilib, mehnatiga yarasha haq ololmayotgan shifokorlarga vaqtida pul berilishi va’da qilindi.

Bundan buyog‘iga faqatgina karantin choralaridan umid qilib bo‘lmasligini mas’ullar oxir-oqibat tushunib yetishyapti, chog‘i.

Bema’ni karantin!
Tahririyatga jiddiy ohangdagi murojaat bo‘ldi: «Bu — nohaqlik! Mamlakatga koronavirus kirib kelganida e’lon qilingan birinchi karantin cheklovlaridan boshlab biz tartibga to‘liq amal qilib kelmoqdamiz. Dastlab salkam 4 oy ishsiz, daromadsiz, hech kimning yordamisiz tartibga amal qilib uyda o‘tirdik. Karantinga bo‘ysunmaganlar o‘sha vaqtdayam bilganini qilib yurdi. So‘ng buyum bozorlarga ham ruxsat berildi. Ikki haftacha do‘konimizda ijtimoiy masofani saqlagan holda xaridorlarning har birini maskasini tekshirib, qo‘llariga antiseptik sepib, so‘ng do‘konga kirgizdik. Keyin yana karantin cheklovlari qilindi va biz hozir ham uyda o‘tiribmiz.

Lekin... Qani o‘sha karantin?! Toshkent ko‘chalari tirband, hatto ruxsat berilgan vaqtdan boshqa paytda ham mashinalar bilan to‘la. Buyum do‘konlari ishlab yotibdi, oshxonalarga odamlar kirib-chiqib yuribdi. Tartibga bo‘ysunganlargina uyida, qiyin ahvolda bo‘lsa ham, chidab o‘tirishibdi. Qolganlar... Bema’ni karantin! Bunga qo‘shilmasangiz, ana, «Algoritm»dagi «yoyma bozor» ahvolini borib ko‘ring!

Foto: «Xabar.uz»
«Bek to‘pi» bozori yonidagi katta «stoyanka» tartibsiz bozorga aylangan. «Stoyanka» xo‘jayinlari bozorchilardan 5000 ming so‘mdan «patta puli» yig‘ib olib, bozorga ruxsat berib qo‘ygan. Huquq posbonlari qayerga qarayapti deysizmi? Sotuvchilar 50 ming so‘mdan yig‘ib berisharkan va muammo hal deyishmoqda. Bu karantin kimga — aza, kimgadir esa — maz-za!

Foto: «Xabar.uz»
Endi menga tushuntiring! Bozorlarni rasman yopishdi nimayu, har kuni erta tongdan katta hududda hech qanday sanitariya qoidalarisiz «yoyma bozor»ga ruxsat berib qo‘yishdi nima?!

Foto: «Xabar.uz»
Minglab odam o‘sha «yoyma bozor»da to‘planib, tiqilinchda kirib-chiqib yurishipti. Bitta kasal oralasa — tamom. Keyin uni qanchasi uyiga, mahallasiga tashiydi. Yoki koronavirus tongda uxlaydiyu, odamlar bemalol bozorini qilib oladimi? Undan ko‘ra nisbatan tartibli bozorning ishlab turgani xavfsizroq bo‘lishi mantiqan to‘g‘ri emasmi? Har holda u yerda qandaydir nazorat bor edi, bu yerda esa — umuman yo‘q!

Foto: «Xabar.uz»
Yana menga tushuntiring: «yoyma bozor» sotuvchilari qanday qilib tong sahar soat 3-4da molini yuklab bozorga borayapti? Bu vaqtda ko‘chada yurishga cheklov kiritilmaganmidi? «Bozor» atrofidagi mashinalarga qarang, viloyatlardan ham «xaridorlar» bor. Ular o‘zi bilan buyumlarga qo‘shib virusniyam olib ketishadimi? Shunga «sharoit» tug‘dirib qo‘yganlar kasallikni tarqatib ko‘paytiraversayu, karantin muddati cho‘zilaversa, jabr yana biz kabi uyida o‘tirganlargami? Hurmatli rahbarlar, balandparvoz bayonotlaringizni to‘xtating-u, haqiqiy ahvolni ko‘ray desangiz, ertaga tongda «Algoritm»ga boring, ko‘chalarni kuzating!»

Yechim?
Fotolardan ham ko‘rinib turibdiki, ahvol haqiqatda achinarli. Yana bu «yoyma bozor» shundoqqina blok-post biqinida joylashgan. Balki huquqni muhofaza qilish organlari vakillari «bozorchi»larni qaytara olishmayotgandir, balki ularni dardu-fig‘oniga quloq tutib, 3-4 soat savdo qilishlariga qo‘yib berishayotgandur. Lekin bu har qanaqasiga amaldagi qoidalarga zid! Bu — yuqorida murojaatchi aytganidek, karantin cheklovlariga amal qilib o‘tirganlarga nisbatan adolatsizlik.

Nima qilish kerak?

Karantin cheklovlarining qolgan bir haftasini (1 avgustgacha) qat’iy tarzda o‘tkazish. Xuddi dam olish kunlarida bo‘lganidek (balki undan ham qattiqror). Yoppasiga cheklov va izolyatsiya.
Bu vaqt ichida kasallanganlarning katta qismida alomatlar yuzaga chiqadi. Ma’lumotlar markazlari, tez yordam va boshqa xizmatlar maksimal darajada ishlaydi. Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. Shu bir hafta ichida kasallik bo‘yicha murojaat qilganlar 100 foiz o‘rganiladi, izolyatsiya qilinadi, uyda yoki shifoxonada davolanishi uchun to‘liq sharoit yaratiladi. Ularning yaqinlari qat’iy uy karantiniga olinadi. Moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga maksimal darajada yordam beriladi.

Kasallik gumoni borlardan, ularning yaqinlaridan ommaviy test olinadi. Hech bo‘lmaganda, ekspress-test. Shu tarzda kasallikning deyarli barcha o‘choqlari aniqlanadi va nazoratga olinadi. Balki o‘shanda virus zanjirini ma’lum miqdorda uzishning imkoni topilar.

Ayni holatda esa zanjir uzilishidan umid qilmasa ham bo‘ladi. 20 kunlik karantin davri shunchaki havoga sovurilgani qoladi, xolos.

1 avgustdan keyin ma’lum tartib-qoidalar asosida faoliyat turlariga ruxsat berish.
Karantin davrida bir so‘m ham ko‘mak olmagan millionlab insonlarning ahvoli (aholining 10 foiziga yordam ko‘rsatilgan ekan) tang bo‘lib bormoqda. Ularga ish va qozon qaynatishga pul kerak. Shundoq ham koronavirus balosi xalqning asosiy qatlamini faqatgina qorin g‘amini o‘ylashga majbur qilib qo‘ydi. Normal hordiq chiqarish, farzandlarning o‘qishi, madaniy hayot va hokazolar ikkinchi planga o‘tib qoldi. Rejalar o‘zgarib ketdi, stress holati oshdi. Qattiq cheklovlar endi uzoq muddatga yo og‘irlik qiladi, yoki befoyda bo‘ladi.

Maxsus komissiya va hukumat shu holatni hisobga olib (buni aslo mahalliy hokimlarga ishonib topshirmaslik kerak), bundan keyingi rejalarni aniq ishlab chiqishi kerak. Cheklovlarning olinishi — istaymizmi-istamaymizmi, kasallik ko‘payishiga zamin yaratadi. Shuni inobatga olib, dori-darmon, tibbiy texnika vositalarini yetarlicha tayyorlab qo‘yish lozim. Yana... o‘zgalar dardi evaziga «soqqa» qilishdan tap tortmayotganlarni qattiq jazolash vaqti keldi. Nima uchun karantin qoidasini buzgan oddiy odamlar odatdagidan bir necha barobar og‘ir jazoga tortiladiyu, talon-torojga yo‘l qo‘yganlar, ularning rahnamolari osongina qutilib ketishadi?

Kasalliklar haqida ochiq ma’lumot va statistikani yashirmaslik.
Deyarli har kuni qaysidir tanigan-bilganimiz, ularning yaqinlari orasida qayg‘uli xabar eshitib qolamiz: «koronavirus alomatlari bilan vafot etdi». Lekin SSVning o‘limlar soni bo‘yicha kunlik statistikasi bir haftadan buyon deyarli o‘zgarmadi. Har kuni 4 nafar o‘lim (kechirasizu, o‘limlar soni ham kuniga teng taqsimlab berilgandek) holati. Shunaqasi bo‘lishi mumkinmi? Qo‘yingki, bu statistikaning boshqa chalkashliklari ham bor ekan.

OAV bir necha haftadan beri jar soladi: yurtimizda koronavirusdan boshqa kasallik ham tarqalganmi, deb. Tayinli javob yo‘q. Kovidga uchradim deb test topshirganlardan natija manfiy chiqadi, ammo ko‘p o‘tmay, ularda pnevmoniya holati kuzatiladi. Testlar aldayaptimi yoki boshqa kasallik shiddat bilan tarqalyaptimi? Nega u holda alomatlar bir xil? Shu savollarga hamon aniq javob yo‘q.

Ekspertlar bir necha bor ta’kidlashdi: bizdagi epidemiologik holat Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ikki haftacha ortda boryapti, bu bizga ularning xatosidan xulosa chiqarishga imkon, deb. Mana, ikki mamlakat ham koronavirus va pnevmoniya statistikalarini birlashtirdi. Bizda esa hamon mavhumlik.

Ro‘yi-rost gapirmay turib, xalqdan tartib talab qilish, ularni shu cheklovlar samaraciga ishontirish (qovun ketidan qovun tushib turganda) zig‘ircha mantiqqa mos kelmaydi. Avval to‘g‘ri bo‘ling, keyin boshqalardan to‘g‘rilik kuting.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bema’ni karantin! Toshkentdagi ahvolni ko‘ring!»