06:56 / 24.07.2020
1 894

«Cheklovlarsiz vaziyat izdan chiqib ketgan bo‘lardi» – Nurmat Otabekov

10 iyuldan boshlab O‘zbekistonda yana qattiq karantin rejimi joriy qilindi. Xo‘sh, bu ko‘zlangan natijani berdimi? Cheklovlar muddati uzaytirilishidan qanday maqsad ko‘zlangan? Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollarga javob olish uchun Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov bilan suhbatlashdi.

– Nurmat Satiniyazovich, 10 iyulda boshlangan karantin cheklovlaridan qanday maqsad ko‘zlangandi va ularga erishildimi? Ya’ni 20 kunlik bu cheklovlarning samarasi qanday bo‘ldi?
– Ko‘pchilikni raqamlar qiziqtiradi, ammo afsuski virusning tarqalishi bo‘yicha turli taxminlar qilish va barchasida adashish mumkin. Agar bu cheklovlardan oldingi davr bilan solishtiradigan bo‘lsak, umumiy qayd qilingan bemorlar soni 10 ming nafar atrofida bo‘lgani holda har kunlik virusga chalinish ko‘rsatkichi 500 nafardan oshib, 600 nafarga yaqinlashib qolgan edi. Mana, hozir jami bemorlar soni 19 mingga yaqinlashyapti, bir kunda qayd etilgan yangi holatlar soni esa 500dan kam bo‘ldi.

Biz virusning kamida bir yashirin davricha muddatda qattiq karantin choralarini qo‘lladik, ayniqsa shanba-yakshanba kunlari bu masalaga nihoyatda jiddiy qaraldi. Bu o‘z natijasini berdi. Albatta, yuqorida aytganimday taxminlar qilish durust emas, ammo real va minimal hisob-kitoblarga ko‘ra ham agar bu choralarni ko‘rmaganimizda, kuniga o‘rtacha 700ta, balki 1000ta yangi holatlar qayd etilayotgan bo‘lardi. Kasallik keskin ko‘paya boshlagan paytda ana shu sur’atni ushlab qolganimizning o‘zi natija.
Karantin muddatining oxirlaridan bu cheklovlarning ijobiy natijalari ko‘rina boshlaydi.

– Prezident bu cheklovlar muddatini uzaytirish taklifini ma’qulladi. Bu taklif tarafdorlari orasida siz ham bormisiz?
– Nafaqat men, balki sohaning ko‘plab yetakchi mutaxassislari shunday qilish tarafdori edik va Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifi davlat rahbari tomonidan ma’qullandi. Nima deyilganda ham, tibbiyot tizimi uzluksiz tanqidlar ostida qolganda ham bir gapni aytishim kerak – biz virusni aynan ana shu karantin choralari tufayli nazoratda ushlab turibmiz, epidemiologik jarayonni jilovlab olganmiz. Cheklovlarni qo‘llamaganimizda, vaziyat chindan izdan chiqardi. Buni aniqlash oson, qo‘shni davlatlar bilan ham, aholisi biz bilan teng davlatlar bilan ham solishtirish kifoya. Tasavvur qilaylik, o‘sha davlatlar singari bizda ham kuniga bir necha minglab bemorlar qayd etilganida nima bo‘lardi?

Shu bois, karantin choralari o‘zini oqlayotganiga, uni uzaytirishga katta zarurat borligiga shubha yo‘q. Buning yana bir sababi, biror davlat, biror tashkilot bu kasallikni jilovlab olish tugal, davolab yuborish bo‘yicha maqtana olmaydi. Hatto Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bu kasallikka qarshi «mana bu eshikdan kirasan, mana bunisidan chiqasan» degan mazmundagi qat’iy qo‘llanma taqdim qila olmadi.

O‘zbekiston o‘z tajriba va uslublaridan kelib chiqib, o‘zining taktikasini tanlab olyapti. Ya’ni o‘zi isbotlagan tajribani o‘zi yana tatbiq etdi. Odamlarning to‘planishlarini cheklash, tibbiy niqoblar majburiyligi bo‘yicha talablar kabi cheklovlarda qat’iy turilgani o‘z samarasini berdi.

Albatta, xorij tajribasi ham muntazam kuzatib kelinyapti, kasallikka qarshi har qanday samarali usul bo‘yicha ma’lumot darhol o‘rganilmoqda va lozim bo‘lsa, qo‘llab ko‘rilmoqda. Chunki bu o‘z nomi bilan pandemiya.

Bu safargi karantin cheklovlari davrida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari ishlashiga ruxsat berilgan. Mana shu tartibda olib borish, ya’ni iqtisodni ham saqlab turish, karantinni ham susaytirmaslik albatta yaxshi samara beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Cheklovlarsiz vaziyat izdan chiqib ketgan bo‘lardi» – Nurmat Otabekov