17:01 / 24.07.2020
8 397

«COVID emas, pnevmoniya…» Pnevmoniya COVID emasmi?

«COVID emas, pnevmoniya…» Pnevmoniya COVID emasmi?
Illyustrativ foto
Xullas COVIDni ham o‘zbekchalashtirib oldik. TVda bir mutaxassis shifokor ayol tana haroratining 38°Sgacha ko‘tarilishi (yoki umuman isitma chiqmasligi), terlash, umumiy holsizlik, yo‘tal, betoblik, tumov yoki tomoqdagi og‘riq, tomoq qichishishi va achishishi, ko‘ngil aynishi, qusish va (yoki) diareya, mushaklar va tanadagi og‘riq, bosh og‘rishi, hid va ta’m bilish xususiyatining yo‘qolishi (bu haqda OAVda ham ma’lumotlar yetarlicha berib borilmoqda) koronavirusning belgilari ekanligini eslatib o‘tdi.

Keyin tomoshabinlar tomonidan savol berildi: «Xuddi shunday belgilar bilan kasal bo‘layotganlar ko‘p, (ijtimoiy tarmoqlarda aynan shunday belgilar bilan kasal bo‘layotganlar ko‘plab topiladi) ayniqsa, hid va ta’m bilmaganlar hid va ta’m bilish qachon qaytadi, deb so‘rayotganlar, uy sharoitida o‘z bilganicha davolanib yotganlarni keyingi paytda juda ko‘p kuzatayapmiz, oddiy gripp bilan koronavirusning belgilari bir-biriga o‘xshab ketmayaptimi?».

Mutaxassis shunday dedi: «Hozir bizga shunday simptomlar, ya’ni oddiy shamollash bilan kasallanganlar ko‘proq murojaat qilayapti, bunga muzday suv ichish, konditsionerni tagida o‘tirish sabab bo‘lmoqda».

Xullas savolga aniq javob berilmadi, har doimgidek ayb yana aholini o‘ziga ag‘darildi. Lekin mutaxassisning javobidan koronavirus bilan oddiy shamollashning simptomlari bir xil ekanda degan fikrga keldim.

Yana bir gap: ijtimoiy tarmoqlarda ba’zilarning yozishicha, bir oiladan bir kishidan koronavirus chiqayotganmish o‘sha oilaning qolgan a’zolariga pnevmoniya tashxisi qo‘yilayotganmish. Afsuski, bizning oilamiz ham xuddi o‘sha yuqoridagi belgilar bilan shamolladik, COVID chiqmadiyu, lekin hozircha (chunki faqat xo‘jayinimning rentgen javobini olishga ulgurdik) turmush o‘rtog‘imning o‘pka rentgen javobi bronxit pnevmoniya chiqdi! Menda ochig‘i shubha paydo bo‘ldi, nima faqat bir oilaning bir a’zosidan test olinadimi, qolganlari tekshirilmaydimi yoki test yetishmaydimi, gumdon qilinadimi, natijada bir odamdan COVID chiqadi, ikki nafar odam tekshirilmagani uchun pnevmoniya deb qo‘ya qolinadimi?

Axir baribir ikkoviniyam davolashadi, bir xil usulda. Yana shubha paydo bo‘ladi, axir koronavirus juda yuqumli ediyu, qolgan oila a’zolariga qanaqasiga yuqmasligi yoki ular oddiygina pnevmoniya bo‘p qo‘ya qolishi mumkin? Nega shuni o‘rganadigan biror virusolog shifokor yo‘q bizda. Hammasi aralash quralash bo‘lib ketdi. Yo sog‘liqni saqlash vazirligi ommaviy grippga chalinayotgan koronavirusning simptomi bilan grippga chalinayotganlarni COVID deb tan olishdan qo‘rqayaptimi? Ularga ketadigan mablag‘, ishchi kuchi yetmasligidan koronavirusni oddiy shamollash deb xaspo‘shlayaptimi? Agar shunday qilayotgan bo‘lsa, aholining karantinda o‘tirishidan nima naf. Chunki oddiy shamollabman deb odamlar bemalol ko‘chada yuribdi. Aptekaga kirgan odam azitromitsin, ergoferon, askorbin kislotasi sotib olayapti.

Xo‘p, rostdan ham ommaviy shamollash kuchayib ketibdi, aynan shu yili nimaga hammaga ommaviy pnevmoniya degan tashxis qo‘yilayapti. Bu holat hech bir yili kuzatilmagan, yana jazirama issiqda qanaqasiga pnevmoniya bo‘p qolishi mumkin darrov odam. Biz bilamizki, qishda, kuzda sovuq havoda gripp bo‘lgan odam o‘ziga qaramasa, muolaja olmasa, zax ishda ishlasa, shamollash uzoq muddatga cho‘zilib ketsa, penvmoniya bo‘lish ehtimoli ortadi. Shunda ham barcha grippga chalingan oila a’zolaridan birgina odam pnevmoniya bo‘lishi mumkin. Lekin nima uchun bir oiladan 2-3 kishi birdaniga pnevmoniya bo‘lib qolmoqda? Avvalgi yillari gripp bo‘lganlar orasida deyarli pnevmoniya bo‘ladiganlar uchramasdi, nega endi deyarli barcha gripp bo‘layotganlarga pnevmoniya tashxisi qo‘yilmoqda? Nimaga hatto tashxis qo‘yishda ham ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Yana bir gap. Bizda farmatsevtika instituti bor. Mana shu institutda ishlayotgan mutaxassislar, o‘qiyotgan talabalar o‘zimizda yetishtirilayotgan mahalliy va bugungi kunda odamlar uchun asosiy davolanish chorasi bo‘lib qolayotgan xren, sedana, isiriq, chesnok va limonning foydasi va zararni nega shu paytgacha o‘rganib, ilmiy asoslab ommaga tarqatmayapti. Yoki farmatsevtikaga o‘qiganlar faqat dori sotish bilan shug‘ullanish uchun diplom olganmi?

Eslatma: Qozog‘istonda ham xuddi shunday holat, jarayon davom etmoqda. Joriy yilning 1 yanvaridan 15 iyulgacha bo‘lgan vaqtda u yerda 3300 dan ortiq odam pnevmoniyadan vafot etdi. Garchi ekspertlar tomonidan pnevmoniya koronvirusning bir turi ekanligini taxmin qilinayotgan bir paytda, yana ekspertlar tomonidan bu holatga jamiyatni tinchlantirish uchun, unchalik yuqori dinamikani namoyish etmaslik, haddan tashqari vahima qo‘zg‘atmaslik uchun, aniq bir necha hafta davomida amal qilgan vaqtinchalik chora, vaqtni ortga surishga urinish bo‘lgan chora ekanligini ta’kidlab o‘tgan bo‘lsalar-da, bizdagi vaziyat ham ana shunday chuqurlashmasligiga, chigallashmasligiga kim kafolat beradi?

Aytgancha, Qozog‘iston pnevmoniya bilan kasallanganlar tahlil namunalarini tadqiqot uchun Germaniyaga jo‘natishni rejalashtirgan. Shunga qaramay, 1 avgustdan boshlab Qozog‘istonda atipik pnevmoniya holati COVID-19 umumiy statistikasida hisobga olinadi. Bizning Sog‘liqni saqlash tizimi ham aynan ana shunday chora tadbirlarni qo‘llash vaqti kelmadimikan? Yo‘qsa, ertaga juda kech bo‘ladi...

Barno Sultonova

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «COVID emas, pnevmoniya…» Pnevmoniya COVID emasmi?