09:09 / 25.07.2020
2 682

Shavkat Mirziyoyevning 63 yoshga to‘lishi munosabati bilan uning faoliyat xronikasi chop etildi

Shavkat Mirziyoyevning 63 yoshga to‘lishi munosabati bilan uning faoliyat xronikasi chop etildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
«O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faoliyat xronikasi» deb nomlangan to‘plam nashrdan chiqarildi. Unda Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil sentabr oyidan 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrdagi siyosiy faoliyati solnomasi batafsil aks ettirilgan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, mamlakat kitobxonlariga taqdim etilayotgan mazkur to‘plamning eng muhim xususiyati shundaki, unda keyingi yillarda O‘zbekistonda kechayotgan shiddatli va keng ko‘lamli hayotiy jarayonlar tarixiy hujjatlar, fakt va raqamlar, aniq dalillar orqali aks ettiriladi.

Ma’lum qilinishicha, 2016 yil sentabr oyidan 2020 yil yanvar oyiga qadar o‘tgan davrda Prezident tomonidan mamlakat hududlariga 129 marta safar uyushtirilgan, 69 ta videoselektor yig‘ilishi, eng muhim va ustuvor masalalar bo‘yicha 112 ta yig‘ilish va muhokamalar o‘tkazilgan. Ana shu davrda davlat rahbari tomonidan 194 ta qonun, 1106 ta farmon, 1974 ta qaror, 933 ta farmoyish tasdiqlangan.

Shu davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev 40 marta chet davlatlarga rasmiy tashrif buyurdi, 24 ta xalqaro sammit va anjumanlarda ishtirok etib, ularning doirasida 60 ta uchrashuv o‘tkazdi. Bundan tashqari, xorijiy davlat va hukumat rahbarlari boshchiligidagi 39 ta nufuzli rasmiy delegatsiya O‘zbekistonda qabul qilindi. Shuningdek, vazirlar, xalqaro tashkilot va kompaniyalar, xorijiy ishbilarmon doiralar rahbarlari boshchiligidagi 166 ta delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Shu vaqt mobaynida chet davlatlarning O‘zbekistonda ish boshlagan favqulodda va muxtor elchilaridan 32 nafaridan ishonch yorliqlari qabul qilib olingan, xorijiy davlat va hukumat boshliqlari, xalqaro tashkilot rahbarlariga 1858 ta maktub yo‘llangan. Shu o‘rinda xorijiy davlatlar rahbarlari bilan 113 marta telefon orqali muloqot o‘tkazilgan.

Prezident shu yillar davomida mamlakatda bo‘lib o‘tgan 53 ta tantanali marosimda ishtirok etib, nutq so‘zlagan, shuningdek, aholi va turli soha vakillariga 79 ta tabrik va qutlovlar yo‘llagan.

Qayd etilishicha, mazkur to‘plam boshqaruv sohasi xodimlari, akademik doiralar, siyosatshunos va sotsiologlar, tahlilchi va ekspertlar, tadqiqotchi va talabalar, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bilan qiziqadigan barcha kishilar uchun mo‘ljallangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 24 iyulda 63 yoshga kirdi.

Shu munosabat bilan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabrikladi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevni Qirg‘iziston prezidenti So‘ronboy Jeenbekov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev tug‘ilgan kun bilan qutladi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuni munosabati bilan bir qator xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan qutlovlar keldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyevning 63 yoshga to‘lishi munosabati bilan uning faoliyat xronikasi chop etildi