15:28 / 25.07.2020
2 533

Ko‘chmas mulkni ijaraga berishda daromad solig‘i bekor qilindi

Ko‘chmas mulkni ijaraga berishda daromad solig‘i bekor qilindi
Prezident “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’ektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, farmonda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
  • jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi;
  • mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga soliq maqsadida ijara to‘lovlarining eng kam stavkalarini qo‘llash tartibi to‘xtatib turiladi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozni qanday qo‘llash mumkin va nima uchun ijara to‘lovining eng kam stavkasi bekor qilindi?

Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrga qadar jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

Hujjatga asosan, 2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrga qadar DSQ dasturiy mahsuloti yordamida jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i avtomatik ravishda to‘xtatiladi.

Buning uchun soliq to‘lovchilar soliq organlariga tashrif buyurishlari shart emas.

Agar yuridik shaxs mol-mulkni jismoniy shaxsdan ijaraga olgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan davr uchun ijaraga beruvchidan to‘lov ushlab qolinmaydi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq hisobotida soliq miqdori imtiyoz bo‘limida to‘ldirilishi kerak.

Mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga soliq maqsadida ijara to‘lovlarining eng kam stavkalarini qo‘llash tartibi to‘xtatib turiladi.

Endilikda ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi o‘rtasida ixtiyoriy kelishuvga asosan ijara summasini belgilab shartnoma tuziladi.

Ijara to‘lovlarining eng kam stavkalari (O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 9 dekabrdagi O‘RQ-589-son Qonunining 12-ilovasi) asosida ijara shartnomalarini tuzish majburiyati 2020 yil 31 dekabrga qadar bekor qilindi.

Ijaraga beruvchilarga 2020 yil uchun ijara to‘lovi miqdorini pasaytirish maqsadida, shu jumladan taqdim etilayotgan soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda ijara to‘lovini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Bunda jismoniy shaxs bilan jismoniy shaxs shuningdek, jismoniy shaxs bilan yuridik shaxs o‘rtasida tuzilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalari bo‘yicha ijara to‘lovi miqdorini pasaytirish maqsadida ijara shartnomalarini qayta ko‘rib chiqishlari mumkin. Yuridik shaxs jismoniy shaxsdan mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga olgan taqdirda, Soliq kodeksining 388-moddasiga asosan soliq agentlari soliq hisobining registrlarida jismoniy shaxslarning ulardan soliq davrida olgan daromadlari, jismoniy shaxslarga to‘lov manbayida qo‘llanilgan soliq imtiyozlari, hisoblab chiqarilgan va ushlab qolingan soliqlar hisobini yuritadi.

Qayta tuzilgan ijara shartnomalarini shaxsiy kabinet orqali elektron tarzda yoki karantin talablariga rioya qilgan holda DSIga tashrif buyurgan holda ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin. Qayta tuzilgan shartnomalar asosida daromad solig‘idan hisoblangan ortiqcha to‘lov jismoniy shaxsning arizasiga ko‘ra uning hisob-raqamiga qaytarilishi yoki unga joriy yil uchun hisoblangan yer va mol-mulk soliqlari to‘loviga yo‘naltirilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ko‘chmas mulkni ijaraga berishda daromad solig‘i bekor qilindi