17:50 / 25.07.2020
2 528

«So‘nggi damgacha ishlagan shifokor singlim koronavirusdan vafot etdi, ammo e’tirof tugul, biror joyda qayd etilmadi ham» – taajjubda qolgan opa bilan suhbat

«So‘nggi damgacha ishlagan shifokor singlim koronavirusdan vafot etdi, ammo e’tirof tugul, biror joyda qayd etilmadi ham» – taajjubda qolgan opa bilan suhbat
19 iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova COVID-19'dan vafot etdi. Shifokorning o‘limi rasman e’lon qilinmagan va umumiy ro‘yxatga qo‘shilmagan.

– Singlim Marhabo 62 yoshda edi, – deydi marhumaning opasi Mahmuda opa Kun.uz bilan suhbatda. – Oilamizdagi ko‘pchilik singari shifokorlik kasbini tanlagandi. 62 yoshga kirgandi, pensiyaga chiqishi mumkin edi. Shu kasallik tarqala boshlaganda undan pensiyaga chiqishini so‘radik. «Shunday og‘ir paytda tashlab ketsam uyat bo‘ladi. Pandemiya tugasin, keyin dam olarman...» deb ko‘nmagandi. Mana – shu ishi ortidan kasallikka chalinib, vafot etdi.

– Kasallik rasman tasdiqlangani ma’lum bo‘ldi. Shundan keyin sizlar bilan kimdir bog‘landimi?
– Vafot etgan kunlari rahbariyatidan hech kim kelmaganini tushunamiz, karantin hozir. Eng achinarlisi, birortalari telefon qilib ko‘ngil so‘rab ham qo‘yishmadi. Bu haqda e’lon qilganimizdan keyin Chilonzor tumani SEOM rahbari telefon orqali ta’ziya bildiribdi.

Davlatimiz rahbari shu kasallikka qarshi kurashda vafot etganlarni birma-bir taqdirlab chiqdilar va bu juda ezgu ish bo‘ldi. Ammo singlim ishlagan tizim rahbariyati uni biror joyda e’tirof etish bo‘yicha taklif kiritish tugul aynan shu kasallikdan vafot etganlar ro‘yxatiga qo‘shishmadi ham. Nahot insonning qadri shunday bo‘lsa?..

– Singlingiz bu sohada anchadan beri ishlab kelarmidilar?

– Singlim va kuyovim ToshMIni bitirganlaridan keyin yo‘llanma bo‘yicha Sirdaryoga ishga jo‘natilishgan. 2 yillik muddat o‘rniga 8 yil ishlaganlaridan so‘ng Toshkentga qaytishgan. Singlim avval shifokor bo‘lib ishladi, keyin Chilonzor tumani SESga ishga o‘tdi. Vafotiga qadar SEOM bakteriologiya laboratoriyasi mudiri bo‘lib ishladi. Ya’ni har kuni bevosita shu virus bilan to‘qnash kelardi.

– Kasallikka chalingani qachon ma’lum bo‘ldi?
– 13 iyul kuni test topshirgan va 16 iyul kuni COVID-19’ga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlar qatoriga kiritilgan. Ammo juda qisqa vaqtda – 19 iyuldayoq umri poyoniga yetdi. Olti kun yotgan bo‘lsa, so‘nggi kunini kislorod apparatida o‘tkazdi.

Hamkasblari, shogirdlari qattiq kuyunishdi. Ko‘pchiligi bilan bir oiladek bo‘lib qolishgandi-da. Hatto shogirdlari singlimning xotirasiga bag‘ishlab qo‘lbola klip ishlashibdi.

Biz ziyolilar oilasimiz, ota-onamiz butun umr xalq xizmatida o‘tgan insonlar. Oilada o‘n farzand – olti qiz, to‘rt o‘g‘ilmiz. Hammamiz oliy ma’lumotlimiz, shundan besh qiz va bir ӯg‘il – tibbiyot xodimlari. Singlimni yo‘qotganimiz og‘ir bo‘ldi... Old qatorda ishlagan shifokorga munosabat shunday bo‘lsa, endi ishga taklif qilinayotgan mutaxassislarda ishonch qoladimi?

Hozir tibbiyot xodimlariga e’tibor to‘g‘risida ko‘p gapirilyapti. Vazirlikka tavsiyam, ularning qadriga yeting, kasallikka chalinsalar, darhol ko‘mak bering. Umri qisqa bo‘lib, vafot etsa, ikki og‘iz shirin so‘zingizni ayamang.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «So‘nggi damgacha ishlagan shifokor singlim koronavirusdan vafot etdi, ammo e’tirof tugul, biror joyda qayd etilmadi ham» – taajjubda qolgan opa bilan suhbat